Sport | 18:03 / 28.01.2021
4040
6 daqiqa o‘qiladi

Edegor «Arsenal»ga o‘tdi. U klubni APL elitasiga qaytara oladimi?

Martin Edegor ortiqcha shov-shuvlarsiz «Arsenal»ga o‘tdi. El Chiringuito manbasi ma'lumotiga ko‘ra, u Ispaniya kubogi nimchorak finalida «Alkoyano»ga qarshi o‘yinda (1:2) zayavkadan o‘rin olmagach, Madriddan ketish haqida qaror qabul qilgan. U rahbariyatdan zudlik bilan o‘zini boshqa klubga qo‘yib yuborishni talab qilgan.

Taniqli insayder Fabritsio Romano muzokaralardagi hal qiluvchi rolni londonliklar bosh murabbiyi Mikel Artetaning qo‘ng‘irog‘i hal qilgani haqida yozgan. The Times ma'lumotiga ko‘ra, «kanonirlar» ushbu norvegiyalik futbolchining yarim yillik ijarasi uchun 2,5 million funt sterling to‘laydi. 

Edegor kim?
Edegor 15 yoshidayoq Norvegiya chempionatida ilk o‘yinini o‘tkazib, tilga tushgandi. Debyut avvalroq ham ro‘y berishi mumkin edi, ammo liga reglamenti bunga yo‘l qo‘ymagan. O‘sha yoshda u Norvegiya milliy terma jamoasida maydonga tushgan eng yosh futbolchi bo‘lgandi. 16 yoshida u madridliklar klubi safiga bu yoshdagi futbolchilar uchun rekord narxda - 3 mln yevro evaziga kelib qo‘shilgan hamda «Real» tarixida ham eng yosh debyutant bo‘lgandi. Demak, u 22 yoshda bo‘lsa-da, «Arsenal»ga tajribali futbolchi sifatida kelmoqda 

Edegorning «Arsenal»ga kelishi klub O‘zildan qutulishi bilan ro‘y bermoqda. Germaniyalik yarimhimoyachi Angliya chempionatining bu mavsumi uchun zayavka ham qilinmagandi. Arteta o‘tgan mavsumda undan foydalanishga harakat qilgan, ammo futbolchining klub rahbariyati bilan muammolari unga avvalgidek o‘ynab ketish imkonini bermagandi. Murabbiyga u kabi futbolchi baribir kerak bo‘ldi.

«Arsenal»da bu mavsumda pleymeyker yetishmasligi tufayli hujum chizig‘ida, ayniqsa mavsum startida jiddiy muammolar yuzaga keldi. Bir yarim oy muqaddam «Arsenal» urilgan gollar soni bo‘yicha liganing 16-jamoasi edi, ammo hozirga kelib vaziyat biroz o‘nglangan. Berilgan zarbalar soni bo‘yicha – 11-o‘rin, aniq zarbalar soni bo‘yicha – 13-o‘rin. Bu g‘arib natijalar yuqori saviyali hujumchilar – Obameyang, Lyakazett, Villian, Pepe va boshqalar jamlangan holatda qayd etilgan.

Edegor haqida nimalar deyishmoqda?
TalkSport eksperti Arnold Klarkning hisoblashicha, aynan Edegor vaziyatni o‘nglashi va jamoada O‘zil qilishi kerak bo‘lgan ishni qilishi mumkin: «U [Edegor] — Mesut O‘zil tipidagi futbolchi, pleymeyker, «o‘nlik». U Obameyang va Lyakazettni aniq paslar bilan ta'minlab turishi mumkin». 

Norvegiyalik futbolchining «Vitess»dagi statistikasi ham shundan dalolat beradi. 2018-19 yillarda niderlandlar klubida o‘tkazilgan ijara mavsumida u 9 gol urib, 13 golli uzatma muallifi bo‘lgan, har o‘yinda o‘rtacha 3,5 marta hal qiluvchi uzatma bergandi. Keyingi mavsumni «Real Sosedad»da o‘tkazgan futbolchi jamoa yetakchilaridan biriga aylandi, gollar va golli uzatmalarni ham to‘xtatmadi: 4 gol, 5 assist va har o‘yinda o‘rtacha ikki marta hal qiluvchi uzatma. «Arsenal» tarkibida bugungi kunda faqat Smit-Rou shu kabi foydali harakat qilayotgandi, ammo bu mavsumda APL o‘yinlarida 6 marta maydonga chiqqan yosh futbolchi jarohat olib safdan chiqdi.

Norvegiyalik vunderkind haqida uning «Vitess»dagi o‘yinlarini yaqindan kuzatgan Oleg Yarovinskiy shunday ta'rif beradi: «Martin maydonda barcha ishni qilishi mumkin – tezkor, texnik jihatdan a'lo darajada, keng ko‘lamli ishni bajaradi. Zaif tomonlari yo‘q, o‘yinni tushunishda zamonaviy futbolda o‘rnak bo‘luvchi superqiziqarli namuna. U shunchaki vaziyatini kutmaydi, vaziyat uchun o‘zi kurashadi».

Bundan xulosa qilish mumkinki, Edegor – top-futbolchi va u APLga oson moslasha oladi, ammo unga «Real»da nega joy topilmagan? Bu savolga uning «Vitess»dagi murabbiyi Slutskiy shunday javob bergan:

«Barcha u hozir to‘pni olib, raqibning o‘n futbolchisini aldab, gol urishini kutadi. Bunday kutilma unga klubdagi faoliyatining har kunida hamrohlik qiladi. Men uni dunyoning eng iste'dodli o‘smiri deb tan olingan vaqtidan buyon ta'qib qilib kelgan ruhiy yuklamadan xalos qildim». 

«Slutskiy menga erkinlik va o‘zimga ishonch bag‘ishlagandi», – deya tasdiqlagandi futbolchining o‘zi ham. 

Norvegiyalik futbolchi bosimdan qutulishi kerak edi. «Real»ga kelgan har qanday futbolchi juda katta bosim ostida qoladi, bunga hatto superyulduzlar ham dosh bera olmasligi mumkin (Eden Azar eng yaqin misol). Shu tufayli Angliya chempionatida sakkizinchi o‘rinda borayotgan «Arsenal» yosh futbolchiga o‘zini ko‘rsatish uchun ideal joy. Klubga ham xuddi u kabi futbolchi zarur.

Madridda yigitchaga avvalboshdan ishonch bildirishmagandi. Edegor Karlo Anchelotti davrida klubga kelgan, italiyalik mutaxassis esa Quiet Leadership («Xotirjam yetakchilik») nomli kitobida bu transfer PR-yurish bo‘lgani haqida yozgandi. «Florentino Peres norvegiyalik futbolchini sotib olishni xohladimi, siz shunchaki buni qabul qilishingiz kerak edi», – deya yozgandi Anchelotti. Lekin boshqa tomondan, o‘shanda Gvardiola ham (Yan Oge Fortoftning so‘zlariga ko‘ra) Edegorni dunyoning eng yaxshi futbolchisiga aylantirishni istagan.

Aftidan, Edegorning darajasi «Arsenal»ga mos keladi. Masala shundaki, klub faqat yarim yilga kelgan futbolchi atrofida o‘yinni qurishga rozi bo‘ladimi?

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid