O‘zbekiston | 15:15 / 29.01.2021
14958
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yili eng qimmat narxda sotilgan davlat mulklari ma'lum qilindi

Toshkent savdo markazi onlayn auksion orqali 242,8 milliard so‘mga «Buyuk Eko Savdo» kompaniyasiga sotilgan. Bu o‘tgan yili eng qimmat narxda sotilgan davlat mulki hisoblanadi.

Toshkent savdo markazi / Foto: Kun.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yilda «E-ijro auksion»i orqali sotilgan eng qimmat davlat mulklari haqida ma'lumot berdi.

Agetlik axborotiga ko‘ra, «Toshkent savdo markazi» onlayn auksionda 242,8 milliard so‘mga sotilgan va bu onlayn auksion tarixidagi eng qimmat sotilgan mulk sifatida qayd etilgan.

Bundan tashqari, 2020 yil davomida eng qimmat narxlarda sotilgan mulklar ro‘yxatidan «Tikuvchilik majmuasi» va «Oqova suvlarni tozalash inshootlari» (95,9 milliard so‘m), «Afrosiyob palas»mehmonxonasi (43,3 milliard so‘m), «Versal» restorani (35,3 milliard so‘m), «Chorsu» mehmonxona majmuasi (16,9 milliard so‘m), «Shahrisabz yulduzi» DUK ( 6,6 milliard so‘m) o‘rin olgan.

2020 yilda sotuvga jami 44 ming 668ta ko‘chmas mulk obekti chiqarilgan va shundan 25 ming 469tasi sotilgan.

Ma'lumot uchun, «Toshkent Savdo Markazi» (avvalgi GUM) dastlab 2020 yilning may oyida auksion orqali sotuvga qo‘yilgan. Ammo potensial xaridor topilmaganligi sababli, 2020 yilning yozida narx 273,1 milliard so‘mga tushirilgan edi.

Keyingi kim oshdi savdolarida faqat bitta manfaatdor investor «Buyuk Eko Savdo» MChJ xaridor sifatida ariza bergan. Taklif faqat bitta ishtirokchidan bo‘lganligi sababli, kim oshdi savdosi to‘g‘risida yakuniy qaror Davlat tender komissiyasining qarori asosida qabul qilindi  va  inshoot ushbu MChJga sotilgan.

Avvalroq, «Orzu» dam olish maskani 1 so‘m qiymatda onlayn auksionda sotuvga qo‘yilgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid