Jamiyat | 18:37 / 30.01.2021
121433
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi qayd etildi 

O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi ilk bor qayd etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyevga asoslanib SSV matbuot xizmati xabar berdi.

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, yangi shtamm 2021 yilning 23 yanvar kuni BAAdan Toshkentga oila a'zolari bilan qaytgan 10 yoshli qizda aniqlangan. 

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, xalqaro aeroportda fuqarodan ekspress usulida test olinganda, unda musbat natija qayd etilgan. Shundan so‘ng bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tez yordam mashinasida olib kelingan. Shifoxonada o‘sha kunning o‘zida funksional-klinik tekshiruvlardan o‘tkazilgan va unga kasallikning simptomsiz kechishi tashxisi qo‘yilgan. 

«SARS-CoV-2 virusi genomini o‘rganish uchun Innovatsion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markaziga yuqumli kasalliklar shifoxonasidan PZR usulida olingan 33ta musbat natijali tomoq-burun namunasi «britancha shtamm»ni aniqlash maqsadida yuborilgandi. Ushbu namunalar PZR skriningi orqali birinchi bosqich tekshiruvidan o‘tkazilgan. Natijada, ular orasida mutatsiyaga uchragan namunalar ham aniqlangan. Kuni kecha ikkinchi test bosqichida mutatsiya aniqlangan namunalardan birining genom qismlarida «britancha  shtamm»ga xos bo‘lgan qo‘shimcha mutatsiya mavjudligi tasdiqlangan. Bu namuna esa 10 yoshli bemor Sh. (qiz bola)ga tegishli ekani ma'lum bo‘lgan», degan vazir o‘rinbosari. 

Hozirda bemorning umumiy holati qoniqarli, shikoyatlari yo‘q, tegishli tibbiy standartlar bo‘yicha davo muolajalarini olmoqda. Bemor bilan birga bo‘lgan oila a'zolarida manfiy natija aniqlangani sababli uy sharoitida izolyatsiyaga ruxsat berilgan. 

«Sog‘liqni saqlash vazirligi ana shu vaziyatdan kelib chiqib, yana bir bor aholini hushyorlikka, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni to‘g‘ri va doimiy tarzda taqib yurishga, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘llarni muntazam yuvib turish kabi kundalik odatlarni kanda qilmaslikka chaqirib qoladi.

Yurtdoshlarimizdan zarurat bo‘lmaganda chet el safarlariga vaqtincha chiqmay turishlarini so‘raymiz. Aziz  yurtdoshlar! O‘zingiz va yaqinlaringizni asrang! Salomatligingiz o‘z qo‘lingizda!» deyiladi vazirlik xabarida.

2020 yilning dekabr oyi o‘rtalarida Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi mutatsiyasi aniqlangandi. Ko‘pgina mamlakatlar, shu jumladan, Rossiya Buyuk Britaniyaga parvozlarni vaqtincha to‘xtatgandi. Ko‘p o‘tmay O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik barqarorlikni ta'minlash maqsadida, xususan, boshqa mamlakatlardan virusning yangi shtammlari kirib kelishining oldini olish borasida Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali mamlakatga kirish)ni to‘xtatish kabi choralar ko‘rilgan edi. Bu choralar 1 martga qadar uzaytirilgan. 

Mavzuga oid