Jamiyat | 15:03 / 06.02.2021
19071
5 daqiqa o‘qiladi

Ishtixonda xorijga ketgan tadbirkorning «zapravka»si buzilib, uy qurib olingan. Tadbirkor o‘z mulkini qaytarib ololmayapti

Tahririyatga kelgan murojaat bilan tanisharkansiz, bir fuqaroning qonuniy, barcha hujjatlari joyida bo‘lgan o‘z mulkiga egalik qila olmayotgani, unga tegishli bino begona shaxslar tomonidan shunchaki buzib tashlangani va huquq-tartibot idoralari aralashuvi ham muammoga yechim topmaganiga guvoh bo‘lasiz.

Voqea Ishtixon tumanining Odil qishlog‘ida bo‘lmoqda. Tadbirkorning ishonchli vakili Gulbahor Sulaymonovaga ko‘ra, mazkur hududda joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasini tadbirkor 2007 yilgi oldi-sotdi shartnomasiga asosan sotib olgani, ammo tadbirkor xorijga ketgan vaqtida mazkur mulk shu atrofda yashovchi fuqaro tomonidan buzib tashlanib, o‘rnida uy-joy qurib olganini ma'lum qilmoqda.

Bu kabi muammolar aslida sud tartibida hal etilishi lozim. Muammo shundaki, sud mahkamalarining barchasi tadbirkor foydasiga chiqarganiga qaramasdan, hamon u o‘z mulkini qaytarib ololmagan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudida 2018 yil 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida haqiqatan ham mulk fuqaro M.Xolbekov tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, hozirda uning farzandi oilasi bilan yashayotgani tasdig‘ini topadi. Ayni vaqtda AYoQSh o‘rnida noqonuniy qurilgan uyda yashayotgan Mansur Xolbekov ham sudda mazkur uyga nisbatan o‘zida egalik huquqi hujjatlari mavjud emasligini, uyni 2016 yilda otasi M.Xolbekov (hozirda marhum) qurib berganini ma'lum qilgan. Shuningdek, Mansur Xolbekov boshqa yashash uyi mavjud emasligi, agar rozi bo‘lsa mulk egasiga mazkur bino yerining o‘zi yashayotgan 7-8 sotix qismi uchun 50 million so‘m mablag‘ berishini ma'lum qilganini sud bayonnomasida o‘qish mumkin.

Mazkur sud hal qiluv qarorida tadbirkorning da'vosi qanoatlantirilib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy unda yashayotgan M.Xolbekov va G.Badalova hisobidan buzdirilishi belgilangan.

Mazkur sud qarori fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2018 yil 12 dekabr kungi ajrimiga asosan o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Mazkur qaror hozir ham kuchida va ijro etish uchun majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limi ish yurituvida. Ijro harakatlari nima uchun amalga oshirilmaganiga izoh olish maqsadida MIB Ishtixon tuman bo‘limiga bog‘landik.

Bo‘lim ijrochisi Sohib Akaboyevning ma'lum qilishicha, N.Hoshimovaga tegishli 5138 kv metr yer maydonida noqonuniy qurilgan uy-joyni M.Xolbekov va G.Badalova hisobidan buzdirish to‘g‘risidagi sud ijro hujjati haqiqatan kelib tushgan. 2019 yil 2 fevral kuni ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan.

Ammo qarzdorlar ixtiyoriy berilgan muddatda ijro talabini bajarmagan. Shundan so‘ng majburiy ijro harakatlari bir necha bor tayinlangan, biroq qarzdor va uning yaqinlari jiddiy qarshilik ko‘rsatgani tufayli ijroni ta'minlash imkoni bo‘lmagan. Qarzdorga sud qarori ijrosi bajarilmagani sababli tegishli qonunlarga asosan jarima ham tayinlangan.

Qarzdor M.Xolbekovning ishida yangi ochilgan holat mavjudligi sababli 2018 yil 7 noyabrdagi sud qarorini bekor qilish va qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi arizasiga asosan ijro harakatlari 2020 yil 14 oktyabrda vaqtinchalik to‘xtatilgan. Ammo keyin, 2020 yil 26 oktyabrda ijro harakatlarini davom ettirish bo‘yicha sud ajrimi chiqarilgan.

Shuningdek, 2020 yil fevralida qarzdor va uning yaqinlari ijro harakatlariga jiddiy qarshilik qilgani sababli dalolatnoma tuzilib, to‘plangan hujjatlar tuman prokuraturasiga topshirilgan. Prokuratura tomonidan 2020 yil 29 sentyabrda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudi qarori bilan qarzdorning yaqinlariga tegishli jazo belgilangan.

Bitta sud qarori ijrosi mana shu tarzda ikki yilgacha cho‘zilib kelmoqda. Tadbirkor hamon o‘z mulkiga egalik qilolmaydi.

Kun.uz muxbirlari ikkinchi tomon — qarzdor M.Xolbekovning holat bo‘yicha izohlari bilan qiziqdi. Xolbekov va uning yaqin qarindoshi sud qaroridan noroziligi va mazkur ish yuzasidan jiddiy hujjatlar mavjudligini bildirgan bo‘lsa-da, aynan qanday hujjatlar, ijrodan bo‘yin tovlashning aniq sabablari haqida ma'lumot berishni istamadi. Bu ishlar bilan o‘z advokatlari asosli hujjatlar to‘plaganini bildirdi, xolos. Advokat bilan esa bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. 

Aftidan, qarzdor ikki yildan buyon ijro etilmagan sud qarorini bundan keyin ham bajarmoqchi emas. MIB esa jiddiy qarshilikka uchraganini ma'lum qilmoqda. Ikkinchi tomondan, qarzdor tez orada yangi holatlar bo‘yicha asosli hujjatlarni ochiqlashiga ishora qilmoqda. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib, mulk taqdiri masalasiga yana qaytadi.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Suratlar Faxriddin Hotamov tomonidan olindi.

Анвар Мустафоқулов
Tayyorlagan Анвар Мустафоқулов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid