«Bir yildan keyin daraxtlarga nisbatan «varvarcha» munosabat bo‘lmaydi» - Baxtiyor Rahmonov
Faol jamoatchilik va tegishli mutasaddilar daraxtlarning noqonuniy kesilishiga qarshi kurashmoqda. Shu taxlit, Toshkentda yana taxminan bir yildan so‘ng bu muammolar barham topadi, deb hisoblamoqda shahar hokimining birinchi o‘rinbosari.
Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov daraxtlarga nisbatan o‘zboshimcha yondashuv bilan qanday kurashilayotgani haqida gapirib o‘tdi.
«Ekologiya yo‘nalishida harakatlarni qanday to‘g‘ri amalga oshirish kerakligini hozir hammamiz o‘rganmoqdamiz. Ilgari istagan har kim so‘rovsiz daraxt kesavergan bo‘lsa, hozir bunaqasi ketmaydi. Hozir bitta shoxni kesish uchun ham tuman ekologiya inspektorlari tomonidan dalolatnoma tuziladi. Ular daraxtlarga shakl berish jarayonida ham ishtirok etishadi.
Tuman va shahar obodonlashtirish xizmatlarida faqatgina daraxtlarga shakl berish bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘limlar bor. Shoxlarni butalash, kurtaklash mavsumida parvarishlash kabilarni faqatgina mutaxassislar amalga oshiradi», – dedi Rahmonov 8 fevral kungi matbuot anjumanida.
Hokim o‘rinbosari daraxtlar bilan «varvarcha» yondashuv barham topishi uchun yana bir yil kerakligini aytdi.
«Daraxtlarni butalash ishlari taxminan 40 foiz holatda o‘sha hudud fuqarolari ishtirokida amalga oshiriladi. Chunki daraxtning shoxi noqulay joylashgan, misol uchun, derazani ochishga xalal beradigan holatda bo‘lishi mumkin.
Daraxtlarni ruxsatsiz kesish holatlari ham bo‘lgan. Bular bo‘yicha ekologiya inspektorlari va huquqni muhofaza qilish organlari shug‘ullanmoqda. O‘ylaymanki, yana bir yil bu mavzuda gapirsak, daraxtlarga «varvarcha» yondashuv barham topadi. Biz bu bilan kurashyapmiz», – dedi Baxtiyor Rahmonov.
Ma'lumot uchun, prezident farmoni bilan, respublikada davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning qimmatbaho navlari kesilishiga joriy etilgan moratoriy 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan.
Mavzuga oid
08:31 / 14.09.2024
Noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha moratoriy tatbiq etilgan hududlar chegarasi belgilandi
18:31 / 09.09.2024
Qirg‘izistonda davlat xizmatchilarining maoshini oshirishga moratoriy joriy qilindi
13:57 / 24.05.2024
“Ijtimoiy soha obektlari xususiylashtirilishiga moratoriy e’lon qilinishi kerak” - Qobil Xidirov
09:47 / 12.03.2024