O‘zbekiston | 22:14 / 09.02.2021
11433
3 daqiqa o‘qiladi

Aviaparvozlarga ruxsat olishni soddalashtirish, loukosterlarni jalb etish ko‘zda tutilgan - prezident farmoni

Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirishga oid prezident farmoni e'lon qilindi. Farmonda transport-logistika masalalarini tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha Idoralararo komissiya tuzilishi belgilangan.

Komissiyaga quyidagi vakolatlar beriladi:

  • xorijiy va mahalliy aviakompaniyalarning turizm va investitsiya yo‘nalishlarida aviaparvozlarni tashkil etish hamda faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuzaga keladigan nizolarni muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan tezkorlik bilan hal etish;
  • aviaparvozlarga ruxsat olish tizimini soddalashtirish, loukosterlarni jalb etish, parvozlar geografiyasini “bog‘lash” prinsipi orqali kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi muammoli masalalarni tezkor ko‘rib chiqish va ularni hal etish;
  • “Ochiq osmon” rejimi joriy etilgan barcha aeroportlarga yangi avia yo‘nalishlar ochish bo‘yicha xorijiy kompaniyalarni jalb etish, ularning loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni bartaraf etish;
  • aeroportlarda quruqlikda xizmat ko‘rsatish (ground handling) sohasini takomillashtirish, belgilangan narxlarni qayta ko‘rib chiqish va maqbullashtirish orqali investitsiyalarni jalb qilish;
  • hududlararo yo‘nalishli avtotransport qatnovlarini kengaytirish, yangi qatnovlarni tashkil etish, shuningdek, ushbu sohadagi mavjud muammolarni tezkor hal qilish choralarini ko‘rish;
  • temir yo‘l transporti, shu jumladan temir yo‘l vagonlari va konteynerlar orqali tashish tizimiga tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish tartibini takomillashtirish, bu yo‘nalishdagi muammolarni tezkorlik bilan hal qilish.

Shuningdek, farmonga asosan, 2021 yil 1 martdan boshlab, O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan joylashtirish vositasida, ular yashagan har bir kun uchun turistik (mehmonxona) yig‘im undirilishi ham belgilangani e'lon qilingan.

2020 yilning 28 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat dasturining 3-chorakda bajarilishi yuzasidan hukumat hisobotida bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mamlakatda turizmni tiklash rejalariga to‘xtalgan va O‘zbekistonga loukosterlarni jalb qilish choralari ko‘rilayotganini ma'lum qilgandi.

5 oktyabrda bu boradagi rejalari bilan o‘rtoqlashgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Husanov «Uzbekistan Airways kompaniyasida loukosterlar tashkil qilishni rejalashtirgandik. Ammo buni biroz ortga surib turishni ma'qul topdik. Chunki ayni vaqtda kompaniyani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishni rejalashtiryapmiz», degandi.

Mavzuga oid