Jamiyat | 18:08 / 09.02.2021
18008
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning Samarqand darvoza mahallasidagi 5ta uyda yong‘in ro‘y berdi. Reportaj

8 fevral kuni Shayxontohur tumanining Samarqand darvoza mahallasida ro‘y bergan yong‘in oqibatida bir xonadon butkul yonib ketdi, yana 4ta uy olovdan zarar ko‘rdi. Kun.uz muxbiri voqea joyidan xabar beradi.

Yong‘in dushanba kuni taxminan soat 12:30–13:00larda, Samarqand darvoza mahallasining Duchor ko‘chasidagi 14-A uyda boshlangan. Xonadon egalari ishda bo‘lgani sababli xabarsiz qolishgan va uy butunlay yonib ketgan.

Rasmiy axborotga ko‘ra, voqea joyiga shahar FVBning 3ta ekipaji soat 13:16da yetib borgan; yong‘in soat 13:30da qurshab olinib, soat 14:18da to‘liq o‘chirilgan.

14-A uyda boshlangan kuchli olov qo‘shni xonadonlarga o‘tgan. Yong‘in chiqqan uy butkul yonib ketgan bo‘lsa, unga tutash 2 ta xonadonga jiddiy, yana 2 ta uyga esa qisman talafot yetgan.

«Yong‘in chiqqan paytda ishda edim. O‘t o‘chiruvchilar ko‘pchilik edi, lekin yong‘in kuchli bo‘lgani uchun hech narsamizni asrab qolish imkoni bo‘lmadi», – deydi eng ko‘p jabr ko‘rgan qo‘shnilardan biri Kamola Nazarova.

Kamola Nazarova

Yong‘in chiqqan uy egasi Dildora Umbetaliyevaning aytishicha, yong‘inga eskirib qolgan elektr simlari sabab bo‘lgani taxmin qilinyapti.

«Asosiysi farzandlarim, turmush o‘rtog‘im – hammamiz sog‘-omonmiz. Shunga shukr. Yaqinlarimiz ko‘makka kelishdi. Yordam berayotganlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Hech kimning boshiga tushmasin», – dedi u.

Dildora Umbetaliyeva

Yuz bergan baxsiz hodisa tufayli bu oila bugun deyarli hech narsasiz qolgan. Barcha jihozlar-u, kiyim-kechaklargacha butkul yonib kulga aylangan.

Jiddiy zarar ko‘rgan xonadon egalaridan biri Marhabo Murodxo‘jayeva avvaliga tutun chiqa boshlaganini ta'kidladi.

«Nima bo‘layotganini bilish uchun hovliga chiqsam, birdan portlaganga o‘xshash ovoz chiqdi. Qo‘rqib ko‘chaga chiqib ketdim. Bolalarim bog‘cha-maktabda edi. Keyin nima bo‘lganini bilmayman, mazam qochib qoldi. Uyimizning tomi qismi, shiftlari va ichkari qismlari yonib ketgan. Jihozlar ham yongan, ayrimlarini qo‘shnilar olib chiqishgan», – deydi xonadon bekasi.

Marhabo Murodxo‘jayeva

Guvohlarning aytishlaricha, qo‘shnilar qo‘llaridan kelgancha jihozlarning olib chiqishga harakat qilishgan. O‘t o‘chirish mashinalari ko‘chalar tor bo‘lgani sababli kirishga qiynalgan.

O‘t balosidan jabr ko‘rgan yurtdoshlarimizga yordam berish niyatida bo‘lgan qo‘li ochiq insonlar quyidagi kartalarga mablag‘ o‘tkazishlari mumkin:

  • Dildora Umbetaliyeva: 8600 3329 3258 5445 (o‘z nomida)
  • Kamola Nazarova: 8600 1402 1032 7772 (o‘z nomida)
  • Marhabo Murodxo‘jayeva: 8600 0610 9707 6094 (Murotxo‘jayeva Muborak nomida)

Mavzuga oid