O‘zbekiston | 09:07 / 10.02.2021
7516
3 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish tartibi joriy etiladi

Yangi tahrirdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasini qabul qilishning maqsadi - “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonun 2013 yilda qabul qilingan bo‘lib, uning normalari fuqarolar yig‘inlari faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni to‘liq qamrab olmagan. 

Qonun loyihasi 9 bob va 70ta moddadan iborat. Loyihada qonun hujjatlarini qo‘llashda mavhum bo‘lgan ayrim tushunchalarga (“ko‘chaboshi”, “uyboshi”, “fuqarolarning vakili”) izoh berilmoqda hamda jamoaviylik, aholi oldida hisobdorlik, boshqaruvda fuqarolarning ishtiroki kabi prinsiplar bilan to‘ldirilmoqda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda va respublikadagi mavjud 9168ta fuqarolar yig‘inlari hududiy joylashuvi, aholi soni bo‘yicha toifalarga ajratilmoqda. Fuqarolar yig‘inlarini tuzish, birlashtirish, bo‘lish, tugatish, shuningdek, ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish, ularga nom berish va nomini o‘zgartirish tartibi qonun normalari bilan mustahkamlanmoqda.

Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari sohalarga ajratilmoqda, fuqarolar yig‘ini raisi o‘rinbosarlarining vakolatlari, fuqarolar yig‘inidagi komissiyalar va jamoatchilik tuzilmalarining faoliyatini tashkil etish tartibi hamda vazifalari, fuqarolarning vakili, ko‘chaboshi va uyboshilarning faoliyatini tashkil etish, ularning vazifalari hamda huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Fuqarolar yig‘inlari xodimlarining huquqiy va ijtimoiy muhofazasi, ular faoliyatining kafolatlari hamda mehnat munosabatlari tartibga solinmoqda, fuqarolar yig‘ini raisiga nisbatan ishonchsizlik bildirish tartibi hamda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) guvohnomasi va ko‘krak nishoni joriy etilmoqda.

Shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadigan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tumanlar va shaharlar bo‘linmalarining vazifalari alohida bobda belgilanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid