Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Aks holda, mendan keyingilar bu bog‘ni rasvo qiladi» - Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashuvdan reportaj
Toshkentdagi Markaziy univermag (TsUM) yonida barpo etiladigan «Istiqlol» majmuasi bino-inshoot emas, yodgorlik (stela) shaklida bo‘ladi. Shahar hokimi xiyobondagi birorta daraxt kesilmasligiga kafolat berdi. U nega aynan shu bog‘ tanlanganiga izoh berarkan, shunday dedi: «[Aks holda], mendan keyingi hokimlar bu bog‘ni rasvo qiladi, mehmonxona qurish uchun berib yuboradi».
13 fevral, shanba kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Markaziy univermag yonidagi xiyobonda jamoatchilik bilan uchrashdi. Uchrashuvda ushbu bog‘ hududida mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab quriladigan «Istiqlol» majmuasi haqida so‘z bordi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Majmua qurilishi uchun «Moviy gumbazlar» nomi bilan mashhur bog‘ning tanlangani jamoatchilik e'tiroziga sabab bo‘layotgandi.
Uchrashuv avvalida hokim shahar deputatlari va «Toshkentda uzoq yillar ishlagan fidoyi insonlar» bilan maslahatlashgan holda shu joy tanlanganini qayd etdi.
«Birorta daraxt kesilmaydi. Birorta daraxt kesilmaydi», – ta'kidladi Ortiqxo‘jayev.
Ma'lum bo‘lishicha, «Istiqlol» majmuasi quriladi deganda, mustaqillikning 30 yillik ramzini aks ettiruvchi stela (yodgorlik) o‘rnatilishi haqida gap ketyapti. Hech qanday imorat qurilmaydi.
Stela Markaziy univermag yonidagi, bog‘ning ochiq maydon qismiga o‘rnatiladi. Yodgorlik atrofi obodonlashtiriladi; xiyobonning qolgan hududiga teginilmaydi.
«Ikki yil oldin bu yerga kelgandim. Shu yerda yashaydiganlar bilishadi, bog‘ tashlandiq ahvolda edi. Ta'mirladik, chiroyli joyga aylantirdik. Bunga 6 milliard pul ketdi. Hamma so‘rashi mumkin, budjet pulimi, deb. Yo‘q, men o‘zim shaxsiy mablag‘imdan qilganman.
Odamlar yuz yillab park shu holida saqlanib qolishini xohlaydi, to‘g‘rimi? Unda mening gapimga kiringlar. Oldin negaligini aytay. Sizlarga o‘xshab, men ham shu parkni saqlab qolishni xohlayman. Men ham Toshkentda 46 yildan beri yashayman.
Agar shu yerga mustaqillik siymosini o‘rnatsak, yuz yillab bu parkka hech kim tegmaydi! Men bugun hokimman, o‘z yonimdan xarajat qilib bu yerni ta'mirlatdim, keyingi hokim bu joyni mehmonxona qurishga berib yuboradi! «Dom» qurishga berib yuboradi! Tushunmaysizlarmi shuni?


Men ham sizlarga o‘xshab shu bog‘ni saqlab qolishga harakat qilyapman. 2 yil hokim bo‘lamanmi, 1 yilmi, bilmayman; keyin boshqa hokimlar keladi, bu bog‘ni rasvo qiladi. Bu yerda o‘z-o‘zidan do‘konlar paydo bo‘ladi, hech kim himoyaga olmaydi.
Quruvchilarning eng yaxshisini topamiz. Oyoq ostidagi betonni marmardan qilamiz. Agar birorta daraxt kesilsa, men o‘sha kuni ariza berib ishdan ketaman!
Stela qo‘ysak, bu yerga yuz yillab hech kim tegina olmaydi! «Moviy gumbazlar» restorani o‘z joyida qoladi, daraxtlar o‘z joyida qoladi. Faqat mana shu ochiq maydonga qo‘yamiz. Atrof yanada obodonlashadi. Gullar ekiladi, odamlar bemalol aylanib yuradi», – ta'kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shahar hokimiyatiga nisbatan ishonch(sizlik) haqida
Uchrashuv davomida so‘z olgan Abdusamad ismli faol hokimiyatning daraxt kesilmasligi haqidagi va'dasiga jamoatchilik ishonmayotgani haqida so‘zladi. U bu fikrini 7 mingdan ortiq turli yoshdagi fuqarolar petitsiyaga imzo qo‘ygani, bugungi uchrashuvda aytilayotgan gaplarga ham shu yerdagi qator fuqarolar ochiq ishonchsizlik kayfiyatida qarayotgani bilan asosladi.
«Befarq bo‘lmay imzo qo‘yganlar aytishyapti: «Ular hech kimni kirgizmay, hududni har doimgidek o‘rab olishadi, ishonch yo‘q. Mahallalar ichida bo‘layotgan qurilishlardan odamlar shunday fikrga kelib qolishgan», – dedi u.



Jahongir Ortiqxo‘jayev bunga javoban shahar aholisining hokimlikka ishonchi haqida gapirdi.
«Ikki yil oldin Muhammadbobur ismli tadbirkorimiz Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zboshimchalik bilan, sifatsiz uy qurganida, men borib o‘shani buzdirib tashlaganman – odamlar hayoti bilan bog‘liq bo‘lgani uchun. Ayrim ommaviy axborot vositalari... o‘shanda qo‘llab-quvvatlaganida edi, hokimlikka ishonchsizlik masalasi bo‘lmas edi.
Ikkinchidan, men aytdim, birorta daraxt kesilmaydi, o‘zim nazoratga olaman.
... Meni 60ta deputat saylagan. U deputatlarni esa xalq saylagan. Ular – xalq vakillari. Men o‘z vakolatim doirasidan chetga chiqayotganim yo‘q. 60ta deputat meni saylagan hokim qilib. Agar 60ta deputat meni olib tashlasa, men roziman. Ular ham millat vakillari. Saylamalaring edi u deputatlarni. To‘g‘rimi?
60 deputat. Har bir deputatni 20–25 ming aholi chiqib saylagan. Tushuntira oldimmi? 20–25 ming aholi chiqib saylagan. Yana qanaqa ishonch to‘g‘risida gapirishingiz mumkin? Siz ham saylagandirsiz. Saylamaganmisiz? Demak, siz faol emassiz.


Yana nima deyishim mumkin. Daraxt kesilmaydi. Aksincha, yangi daraxtlar ekiladi. Bo‘sh joyning o‘zida stela bo‘ladi. Agar daraxt kesilsa, o‘zim ariza yozib ishdan ketaman, deyapman», – dedi shahar rahbari.
Uchrashuvda hokimlik pozitsiyasini yoqlamaganlar bilan birga, rasmiylar taklifini qo‘llab-quvvatlaganlar ham so‘z oldi.
«Modomiki daraxt kesilmasdan, shunchaki hozir maydon markazida turgan metall konstruksiya (quyidagi suratda) o‘rniga «Istiqlol» stelasi o‘rnatilar ekan, bunga nega qarshi bo‘lishimiz kerak?» – ta'kidladi so‘z olganlardan biri.

Ma'lumot o‘rnida, Telegram'dagi UzArgument kanalida 13 fevral kuni e'lon qilingan so‘rovnomada aksariyat respondentlar «Kosmonavtlar» bog‘ida daraxtlarni saqlab qolgan holda, 30 yillik ramziy monument o‘rnatish qarorini ma'qullab ovoz bergan.
53 mingdan ortiq kishi respondentdan 78 foizi taklifni ma'qullashini bildirgan.
«Ilgari biror sanani abadiylashtirish kerak bo‘lsa, bog‘ qurilardi»
Yig‘ilganlardan bir necha nafari mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab yangi inshoot qurish o‘rniga, Mustaqillik maydonini rekonstruksiya qilishni taklif qildi.
«Toshkent shahrida Mustaqillik ramzi sifatida bunyod qilingan maydon bor. To‘g‘ri, u eskirgan, zamonaviy talablarga javob bermasligi mumkin. Shuning uchun odamlar sayr qilib, dam oladigan joyda jonsiz stela o‘rnatgandan ko‘ra, o‘sha maydon modernizatsiya qilinsin. Yana alohida ramz o‘rnatishga nima hojat?» – dedi yig‘ilganlardan bir necha nafari.
«Ilgari biron sana abadiylashtirilmoqchi bo‘lsa, bog‘ qurilardi, daraxt ekilardi. Jonsiz stela o‘rnatib qo‘yish nega kerak?» – ta'kidladi boshqa bir fuqaro.

Shuningdek, bog‘da qurilish o‘tkazish masalasini referendum orqali hal qilish taklifi ham bildirildi.
«Hammasi huquqiy tartibda hal qilinsin. Bu bog‘ faqatgina Toshkent shahrining shu hududda yashovchi aholisiga emas, butun respublikaga tegishli, hamma uchun qadrli. Shuning uchun bu yerda qilinadigan o‘zgarish loyihasi taqdim qilinsin. Uni amalga oshirish-oshirmaslik esa referendum orqali hal qilinsin», – dedi Baxtiyor ismli fuqaro.
Shahar hokimi bu taklifni ma'qullamadi: «Referendumga kichkina pul ketmaydi. Juda katta pul ketadi».
«O‘zbekistonda turibman, o‘zbekcha gapiraman»

Jahongir Ortiqxo‘jayev savollarga javob berarkan, yig‘ilganlar orasida: «Ruscha gapiring, ruscha» degan xitob eshitildi. «O‘zbekcha gapiraman. O‘zbekistonda yashayapman, O‘zbekistonda turib gapiryapman, o‘zbekcha gapiraman. Xohlasangiz, yoningizga tarjimon oling», – deya javob qildi hokim.
Hokimlik rahbari savollardan biriga javoban, yangi majmuada inson haykallari bo‘lmasligini qayd etdi.
«Bu – stela. Faqat shu yerning o‘ziga. Atrofi obodonlashtiriladi. Piyoda va velosiped yo‘laklari bo‘ladi.
Tushunishni xohlayotganlar bor, tushunishni xohlamayotganlar bor. Ko‘rib turibman, bu yerda umuman hech narsaga rozi bo‘lmayotganlar bor. O‘zi umrida kelganmi bu parkka? Menga shu atrofda yashaydiganlarning fikri qiziqroq.
Bu parkni 5–10 yil emas, 100–200 yillab saqlab qolish niyatim bor. Bu yerga hech kim tega olmasligini xohlayman. Hech kim! Buning uchun bu yerga imzo qo‘yib ketish kerak. Kelajakda «dom» yoki «gostinitsa» qurilib ketmasligi uchun.
Bu park yanada obod bo‘ladi. Kechalari chiroqlar yonib turadi, skameykalar yangi bo‘ladi. Aytyapman-ku, daraxt kesilsa, arizamni berib ishdan ketaman, yana qanaqa garantiya kerak sizlarga?» – ta'kidladi Toshkent shahri hokimi.
«Agar yodgorlik o‘rnatilmasa, yangi hokim bu yerga mehmonxona qurib yuboradi. Shuni xohlaysizlarmi?»
Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlarini uning qurilishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov qo‘llab-quvvatladi:
«Bolalarga tarixni qoldiramiz. Hokim yaxshi argument keltirdi: agar bu yerga stela qo‘yilmasa va tarixiy joyga aylantirilmasa, boshqa hokim kelib, mehmonxona qurishga berib yuboradi. Shuni xohlaysizlarmi?»
Yig‘ilish boshlanganidan bir soat o‘tib ham e'tirozlar davom etarkan, Ortiqxo‘jayev qurilish jarayonini kuzatib turish uchun kamera o‘rnatilishiga va'da berdi.
«Kamera qo‘yib qo‘yamiz, doimiy ko‘rib turish uchun», – dedi u.
Majmua maketi 3 kunda muhokama uchun e'lon qilinadi
Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlangan «Istiqlol» majmuasining taxminiy maketi uch kunda jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etiladi.
Maketda stela bog‘ning aynan qayerida joylashishi, qancha maydonni egallashi kabi tafsilotlar ko‘rsatiladi.
Birmuncha shovqin ostida davom etayotgan uchrashuvda yana g‘ala-g‘ovur ko‘tarilgach, hokim qat'iy dakki berdi:
«O‘zingni bosib ollaring hammang! Uch kun ichida maket qilamiz, ko‘rasanlar, keyin dardingni aytasanlar! Kim qarshi, kim norozi? Qo‘llaysanlarmi shuni?»
Bu savoldan so‘ng qarsak yangrab, yig‘ilganlar taklifga roziligini bildirgandek bo‘ldi.
«Bo‘ldi, boshqa gap yo‘q! Uchta-to‘rttasi norozi bo‘lsa o‘ziga. Men uch-to‘rttasining gapiga kirsam, Toshkentga bitta g‘isht qo‘ya olmayman!»
Ortiqxo‘jayev shu tariqa uchrashuvga yakun yasadi. Hokimlik uch kundan so‘ng shu bog‘ning o‘zida yangi majmua maketini taqdim etadigan bo‘ldi.

Ammo ta'kidlash lozimki, hokimlik majmuaning konsepsiya-loyihasi uchun tanlov e'lon qilgan edi. Tanlov 3 fevral kuni e'lon qilinib, unda qatnashmoqchi bo‘lganlarga ro‘yxatdan o‘tish uchun 4 kun vaqt berilgandi.
Hokimlik e'loniga ko‘ra, tanlovda qatnashmoqchi bo‘lganlar 7 fevralgacha ro‘yxatdan o‘tishi, tanlov 7 martgacha davom etib, g‘oliblar 10 martgacha aniqlanishi belgilangandi.
Mavzuga oid
16:26 / 27.05.2025
Markaziy Osiyoning eng yaxshi shahri aniqlandi
14:30 / 27.05.2025
Poytaxt bosh rejasi interaktiv xaritada: unda nimalar aks etgan?
11:16 / 24.05.2025
Toshkentda 22 yoshli yigit ko‘chada tanishini pichoqladi
09:39 / 23.05.2025