Jamiyat | 15:51 / 15.02.2021
10346
5 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha munosabat bildirdi

Foto: Otabek Sattoriy / Facebook

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy ishi bo‘yicha munosabat bildirdi.

«Mana bir necha kundirki, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning qamoqqa olinishi bilan bog‘liq voqealar mamlakatimiz media muhiti, ijtimoiy tarmoqlar diqqat markazida turibdi.

Bu masala bo‘yicha jurnalistika sohasiga aloqador bir qator nufuzli tashkilotlar, deputat va jamoat arboblari munosabat bildirdi. Munosabatlarda bu ishda konstitutsion haq-huquq, haqiqat, adolat, so‘z erkinligiga hurmat va ochiqlik ta'minlanishi lozimligiga da'vat etildi.

Bosh qarorgohi Nyu-York shahrida joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi — CPJ (Commitee to Protect Journaliss) O‘zbekiston hukumatini hibsga olingan bloger Otabek Sattoriyni ozod qilishga chaqirdi. Tashkilotning fikricha, bloger korrupsiyaga qarshi kurashgani ortidan soxtalashtirilgan jinoyat ishi asosida qamoqqa tashlangan. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot «agar tovlamachilikni isbotlaydigan dalillar bo‘lmasa, mazkur hibs voqeasi nafaqat xavotirli, balki so‘z erkinligiga raxna soluvchi yana bir harakatdir», deb tashvish bildirdi.

Bu masalada mavhumlik va ziddiyatlar ko‘p. Ichki ishlar vazirligi bergan bayonotdan so‘ng bahs-munozaralar yanada avj oldi. Bunga ayrim savollar javobsiz qolayotgani sababdir.

Xususan, bozordan tanqidiy material tayyorlayotganda yuz bergan voqea uchun blogerning «tovlamachilik»da ayblangani (blogerning o‘zi ayblovni keskin rad etmoqda) uning oilasi, farzandlari, yaqinlari oldida bir necha nafar huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan vahima va shov-shuv bilan olib ketilishi uchun yetarlimi?

Biz qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatda yashayapmiz. Qonuniy haq-huquqlarimiz bilan birga burchlarimizni ham e'tirof etamiz. Agar, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ysa, jinoyat sodir etsa, kim bo‘lishidan qat'i nazar, u jurnalist bo‘ladimi, blogermi yoki boshqa kasb egasimi, albatta, qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bu noxush voqea bo‘yicha ham shunday fikrda», deyiladi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi munosabatida.

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy yanvar oyi oxirida tovlamachilikda ayblanib, qamoqqa olingan edi. Blogerning hibsga olinishi sahnasi aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqargandi.

Munozaralar ortidan IIV Tergov departamenti bloger Sherobod tumanidagi bozor bozorqo‘mining arizasiga ko‘ra qo‘lga olingani, u tergov organiga Otabek Sattoriy bilan bo‘lgan so‘zlashuvlarni taqdim qilganini ma'lum qilgandi. Biroq departamentning rasmiy munosabatida jinoyat ishini nima uchun Termiz shahar IIB emas, Surxondaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi qo‘zg‘atganiga oydinlik kiritilmagan.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev voqea aslida boshqacha bo‘lgani, bloger qo‘lga olinishidan oldin unga qo‘ng‘iroq qilib maslahat so‘raganini aytgan. Kusherbayev mazkur voqeani «surxondaryolik amaldorlarning bitta blogerga emas, butun boshli so‘z erkinligiga, prezidentning ochiqlik siyosatiga qarshi isyoni» deb baholagan.

Jinoyat ishining qo‘zg‘atilishi qonuniyligini o‘rgangan Bosh prokuratura viloyat IIB huzuridagi TB tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlanmagani, shuningdek, tergov organiga 7ta holat bo‘yicha O.Sattoriyning xatti-harakatlari ustidan murojaatlar kelib tushganini ma'lum qilgan.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov fond nomidan bayonot bilan chiqib, nima uchun blogerning uyida u eng xavfli jinoyatchidek tintuv o‘tkazilgani, sud majlisi nega yopiq tarzda o‘tkazilganiga e'tibor qaratgan. U Otabek Sattoriyning qamalishi yuzasidan IIVdan izoh talab qilgan.

10 fevral kuni mazkur holat yuzasidan rasman bayonot bergan IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoq faollaridan «davlat idoralarining harakatlarini shubha ostiga qo‘yish, ularni obro‘sizlantirishga qaratilgan xabarlarni ko‘paytirish, masalaning mohiyatini tushunmasdan turib ommani chalg‘itish»dan tiyilishga chaqirgan va bu harakat jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Blogerning advokati Shavkat Shokirov Gazeta.uz'ga bergan ma'lumotga ko‘ra, Otabek Sattoriy o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni mutlaqo tan olmasligini bildirgan. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, tergov organi haligacha uning aybini tasdiqlaydigan hech qanday dalilni taqdim etmagan.

Mavzuga oid