O‘zbekiston | 11:40 / 15.02.2021
7076
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bolalar gematologik va onkologik kasalliklariga qarshi kurashishda nimalar qilinmoqda?

15 fevral – Xalqaro onkologik kasallangan bolalar kuni. Bu sanani belgilash jahon miqyosida kasallikka qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida 2001 yilning sentyabrida saraton kasalligi bilan og‘rigan bolalarning ota-onalari tomonidan kiritilgan.

Butun dunyoda 20 yildirki bu kun doirasida bemor bolalar uchun davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ko‘plab amaliyotlar, xayriyalar joriy etiladi. Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovaning fikrlarini so‘radi.

Dunyoda yiliga 100 ming bola bu kasallikdan vafot etadi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, bolalar saratoni dunyoda jarohatlardan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Yiliga 300 ming bolaga shu kasallik tashxisi qo‘yilsa, 100 ming bola hayotdan ko‘z yumadi. Ko‘p mamlakatlarda bolalarda ham, kattalarda ham gematologiya va onkologiya kasalliklarini davolash bitta muassasada amalga oshirilardi. Lekin tajribalar bolalar va kattalarni davolashda yondashuv ayricha bo‘lishi kerakligini ko‘rsatdi. Bugungi kunda dori-darmon ta'minoti, diagnostika imkoniyatlari natijasida rivojlangan davlatlarda bu kasalga chalingan bolalarni saqlab qolish darajasi 80 foizga yetgan.

O‘zbekistonda ahvol qanday?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016 yil hokimiyatga kelganida bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishni yangi darajaga ko‘tarish uchun budjetdan 1 trln so‘m ajratilishini aytgandi. 4 yildan beri respublikada bolalar gematologiya va onkologiyasi sohasida jadal sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Hozirda bolalardagi o‘tkir leykozlarda xalqaro davolash protokollari nafaqat poytaxtda, balki viloyatlardagi davolash muassasalarida ham tatbiq etilmoqda. Natijada bolalar orasidagi o‘tkir limfoblast leykozlarda hayot sifatining yaxshilanishi 75 foizni, o‘tkir miyeloblast leykozlarda 45 foizni tashkil etmoqda.

Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan rejaga asosan, barcha hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli markazlarida yagona umumlashtirilgan bo‘limlar faoliyati tashkil etilishi, «Bolalar gematologiya va onkologiyasi» yo‘nalishida magistratura, ixtisoslash va malaka oshirish kurslari dasturi asosida kadrlar tayyorlanishi amalga oshirilyapti.

Dastlab bu jarayon Toshkent shahrida ochilgan Bolalar milliy tibbiyot markazida xalqaro standartlar asosida boshlandi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan markazda 20 o‘rinli ongologik-gematologik bo‘lim tashkil etildi va Koreyada tajriba oshirib kelgan shifokorlar bilan ta'minlandi. Bu o‘rinlar sonini 60taga yetkazish rejalashtirilgan. Yaqin istiqbolda ushbu markaz tajribasi hududlardagi bolalar ko‘p tarmoqli markazlarida ham joriy etiladi. Bu markazlarda bolalar gemato-onkologlari faoliyat olib borishadi.

Bolalar gematologiyasi va onkologiyasida davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda nodavlat tashkilotlar ham faol ishtirok etishyapti. Bu tashkilotlar doim bemor bolalarga dorilar, operatsiyalarda yordam berib kelishyapti. Shunday ekan, imkoniyatlarni o‘zaro birlashtirib, hamkorlikda harakat qilish yo‘lga qo‘yildi va bolalar gematologi hamda onkologlaridan tashkil topgan 14ta monitoring guruhi tuzilib, hududlardagi bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat holati o‘rganildi.

Natijada hududlarda bolalar gematologiyasi va onkologiyasidagi muammolar o‘rganilib, ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi bir necha kundan keyin hukumatga taqdim qilinadi. Bu xaritada ayni kunda qilinayotgan ishlar va ular qay tarzda davom ettirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘rganishlar asosida multidissiplinar yondashuv, ya'ni ko‘p tarmoqli bolalar markazlarida barcha mutaxassislar bo‘lishi yo‘lga qo‘yilyapti. U yerda neyroxirurg ham, otoloringolog ham, endokrinolog ham, urolog ham bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, mamlakatdagi barcha bolalarning konsregistri tashkil qilinadi. Bu dasturda onkologik kasalga chalinib, ro‘yxatga olingan bolalar haqida ma'lumot joylashtiriladi. Ular qaysi bosqichda davolanayotgani, qanday dorilar olishi kerakligi haqida shu dasturda aniq ma'lumot olish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim yo‘nalish - ilik ko‘chirish amaliyotlari yo‘lga qo‘yiladi. Katta mablag‘ talab qiladigan bu jarayonni yo‘lga qo‘yish uchun yetarli mutaxassislar, kerakli uskunalar lozim bo‘ladi. Bu masalada davlat rahbari bizni qo‘llab-quvvatlashini e'lon qildi. Butun dunyo tajribasidan kelib chiqib polliativ yordamni yo‘lga qo‘yishimiz lozim bo‘lyapti. Bu degani, bola shifo topishi, hayot sifati yaxshilanishi uchun unga ham tibbiy yordam, ham psixologik yordam kerak bo‘ladi. Ana shularni yo‘lga qo‘ysak, jahon standartlariga to‘liq javob bera olamiz.

Mavzuga oid