O‘zbekiston | 10:54 / 15.02.2021
11547
8 daqiqa o‘qiladi

Yana «snos», yana Olmazor. Hokimlik va tadbirkor bahsida kim yutib chiqadi?

Toshkentda ayni bir tadbirkor ikkinchi marta bahsli «snos» muammosiga uchrab, hokimlikdan jabr ko‘ryapti. Davlat undan hali birinchi qarzini uzmay turib, boshqa bir binosini buza boshlagan.

Tahririyatga Olmazor tumanida faoliyat yuritib kelayotgan «Niyat servis» MChJdan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, korxona egalik qilib kelgan Olmazor tumani Chimboy ko‘chasidagi 2-uy yonida qurilgan avtomobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchasi hokimlik tomonidan «noqonuniy qurilgan bino» sifatida baholanib, buzish ishlari boshlangan.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbiri manzilda bo‘lib, tadbirkor va hokimlik vakillari bilan muloqot qildi.

«Niyat servis» MChJ rahbari Asrol Saydaliyevning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yillar oldin bu joy hokimlik tomonidan unga davlat ehtiyojlari uchun olingan boshqa mol-mulki o‘rniga kompensatsiya tarzida berilgan.

Asrol Saydaliyev

Olmazor tumani Chimboy ko‘chasi 2-uy yonida ilgari beton ishlab chiqarish korxonasi foydalanib kelgan, qarovsiz va hujjatsiz bo‘lgan 2 ta maxsus boks, 1 ta omborxona va 1 ta ma'muriy xonalardan iborat qurilma tuman hokimining 1996 yildagi farmoyishiga asosan «Niyat servis» MChJ tasarrufiga berilgan.

Bu vaqtda mazkur hudud 644,7 kv.m maydonga ega tashlandiq joy bo‘lgan.

Bu bino-inshootlar Toshkent shahar hokimining 2007 yil dekabrdagi qaroriga asosan buzib tashlanib, uning 1 sotix yer maydoni «Nosir ota» MChJga ajratib berilgan (bu yerda hozirgi «Marvarid» restorani joylashgan).

Shu bois, tadbirkorning aytishicha, «Niyat servis» MChJga kompensatsiya o‘rniga Olmazor tumanining o‘sha vaqtdagi rahbarlari bergan og‘zaki va'daga asosan, keyinchalik rasmiylashtirib berish sharti bilan yaqin masofada joylashgan jarlik hududidan yer ko‘rsatiladi. Bu hudud ham hujjatlarda Olmazor tumani Chimboy ko‘chasi 2-uy yoni deb qayd etilgan.

«Niyat servis» MChJ rahbari A.Saydaliyev tuman hokimining gapiga ishonib, o‘ziga kompensatsiya tarzida berilgan yerni o‘z hisobidan tekislatib, obodonlashtirib, u yerga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi quradi.

Olmazor tuman hokimligining «hujumi»

Olmazor tuman hokimligi «Niyat servis» MChJ foydalanib kelgan bu bino-inshootni «noqonuniy qurilma» degan vaj asosida tadbirkor hisobidan buzdirish talabi bilan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritadi.

Sudning 2020 yil 3 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan hokimlikning da'vo talabi qanoatlantiriladi va bino-inshootlar javobgar hisobidan buzilishi belgilanadi.

Tadbirkor A.Saydaliyev bizga taqdim qilgan sud ajrimlaridagi bir jihat e'tiborimizni tortdi. Aniqlanishicha, «Niyat servis» MChJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo ariza kiritib, javobgar Olmazor tumani hokimligi zimmasiga mulk huquqini e'tirof etish haqida qaror chiqarish hamda buzilgan bino-inshootlar (hozirgi «Marvarid» restorani o‘rnida bo‘lgan 2 ta maxsus blok, 1ta omborxona va 1ta ma'muriy xonadan iborat qurilmalar) o‘rniga kompensatsiya ajratishni so‘ragan.

Hokimlik sud qaroridan ustun bo‘lishga urinyapti

Bundan tashqari, «Niyat servis» MChJ shu sudga yana bir ariza kiritib, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 3 sentyabrdagi bino-inshootlarni buzish haqidagi qarori ijrosini to‘xtatib turishni so‘ragan. Sud 2020 yil 11 noyabrdagi ajrimi bilan «Niyat servis» MChJning da'voni ta'minlash to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantiradi va bino-inshootlarni buzish to‘g‘risidagi sud qarori ijrosini ish birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilib, hal etilgunga qadar to‘xtatib turish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.

Sud 2020 yil 15 dekabrdagi hal qiluv qarori bilan tadbirkorning da'vo talablarini qanoatlantirishni rad etadi.

«Niyat servis» MChJning kassatsiya tartibida kiritgan shikoyati Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi kassatsiya instansiyasi ish yurituviga qabul qilinadi va 2020 yil 21 dekabrdagi ajrim bilan sudning 2020 yil 3 sentyabrdagi hal qiluv qarori ijrosi ish kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilgunga qadar to‘xtatib qo‘yiladi.

Ammo, sudning tegishli ajrimi bo‘lishiga qaramay, hokimlik tadbirkorning bino-inshootlarini shoshilinch tarzda buzib tashlashga kirishadi.

Hokimlik nima fikrda?

Olmazor tuman hokimligi matbuot kotibi Dilfuza Rahimova holatga izoh berarkan, tadbirkorning bino-inshootlarini buzish sud qaroriga asosan amalga oshirilganini, hozirgi «Marvarid» restorani o‘rnida bo‘lgan Olmazor tumani Chimboy ko‘chasidagi yer maydoni tadbirkorning tasarrufiga berilgan bo‘lsa-da, bu uchun kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagani sababli buzilgan binolariga kompensatsiya to‘lanmasligini ma'lum qildi.

«Niyat servis» MChJdan davlatning «qarzi» bor edi

Ajablanarli tomoni shundaki, yaqingacha tadbirkor Asrol Saydaliyevdan shundog‘am davlatning qarzi bor edi.

Gap shundaki, «Niyat servis» xususiy korxonasiga tegishli bo‘lgan Mirobod tuman, Mehrjon ko‘chasi, 35-uy manzilidagi 1 mlrd 365 mln 226 ming so‘mga baholangan 495 kv.m bino-inshoot shahar hokimligi tomonidan davlat ehtiyoji uchun olingan.

Korxonaga tegishli bino va inshootlar buzilgani oqibatida yetkazilgan zararni qoplash maqsadida Toshkent shahar hokimining 2018 yil 11 iyundagi 906-sonli qarori bilan Mirzo Ulug‘bek tumani, TTZ-1 mavzesi, 8-uy manzilida joylashgan 222 kv.metrlik 533 mln 601 ming so‘mga baholangan hamda Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, 38-uy manzilida joylashgan 230 kv. metrlik 430 mln 85 ming so‘mga baholangan binolar ajratilgan.

O‘ringa-o‘rin berilgan obektlarning baholash qiymati 963 mln 687 ming so‘mni tashkil etib, o‘rtadagi tafovut 401 mln 539 ming so‘mni tashkil etgan.

2018 yilning 25 sentyabr kuni Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish departamenti va «Niyat servis» o‘rtasida yuqorida qayd etilgan 401 539 593 so‘m miqdordagi tafovut pul mablag‘lari evaziga qo‘shimcha bino ajratishni so‘rab, Toshkent shahar hokimligiga murojaat etish huquqiga ega ekani yuzasidan №459-sonli kelishuv bitimi imzolangan.

Ammo «Niyat servis» XK rahbari Asrol Saydaliyev tomonidan bino ajratishni so‘rab bir necha marotaba murojaat etgan bo‘lishiga qaramay, Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tafovut summasi miqdorida baholangan bino yoki ushbu qiymatdagi pul ajratib berilmay kelgan. Bu haqda saytimiz orqali bir emas, ikki marta maqola ham e'lon qilingan.

Tadbirkor Saydaliyevning aytishicha, shahar hokimligi to‘lashi lozim bo‘lgan 401,5 mln so‘m kompensatsiya bir hafta avval to‘lab berilgan.

Xullas, mana shunaqa gaplar. Bir tadbirkor bir emas, ikkinchi marta davlatning ijro etuvchi organi – hokimlikdan jabr ko‘rmoqda.

Hokimlikning tadbirkor oldidagi qarzi uzilmay turib, unga takror «hujum» qilinmoqda.

Bir nechta doimiy ish o‘rni yaratgan, o‘nlab oilalarning qora qozoni qaynashiga sababchi bo‘lib turgan tadbirkorning taqdiri hokimlik changalida yakson etilmoqda.

Jurnalist: Rahmatillo Isroilov
Tasvirchi: Abdusalim Abduvohidov

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid