O‘zbekiston | 15:25 / 16.02.2021
8434
3 daqiqa o‘qiladi

«Bemor Toshkentga kelguncha, saraton 4-bosqichga o‘tib ketyapti». Munira Xojaxonova - bolalar onkologiyasidagi muammolar haqida

O‘zbekistonda bir yilda 800 nafardan ortiq bolaga onko-gematologiya tashxisi qo‘yiladi. 20 foiz holatdagina bemor bolajonlar shifo topadi.

«Ezgu amal» jamoat fondi vasiylar kengashi raisi Munira Xojaxonova bolalar onkologiyasi va gematologiyasi borasidagi muammolar haqida gapirdi.

Uning aytishicha, bir yilda O‘zbekistonda 800dan ortiq bolaga onkologik va gematologik xastaliklar tashxisi qo‘yiladi.

«Kasallikni erta tashxislash muammolari viloyatlardan boshlanadi. Chunki viloyatlarda onkologiyani o‘z vaqtida aniqlab, tashxis qo‘yish imkoniyati kam. Bemor tashxisni bilib, davolanish uchun Toshkentga yetib kelgunga qadar kasallik 3-, 4-darajaga borib qolyapti. Mana shu – eng katta muammolardan biri.

Bunday bemorlarga malakali xizmat ko‘rsatish borasida kadr masalasi juda ham qoniqarsiz darajada. Xalqaro standartlar asosida ishlay oladigan kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, boshqalarining esa chet elda malaka oshirishiga yordam ko‘rsatish zarur. Shuningdek, bemorlar kerakli asbob-uskuna, reagent, dorilar bilan ta'minlanishi shart. Shundagina O‘zbekistonda onkologiyadan o‘lim holatlari kamayadi.

O‘zbekistonda saraton bu – hukm degan tushuncha bor. Lekin saraton hukm emasligini xalqqa yetkazishimiz kerak. Tibbiyot rivojlangan davlatlarda onkologik xastalikka chalinganlarning 70–80 fozi tuzalib ketyapti. Chunki ularga tashxis o‘z vaqtida qo‘yiladi. Diagnostika qanchalik vaqtli amalga oshirilsa, xastalikning o‘lim bilan yakunlanmasligi imkoniyati katta.

Shu bois viloyatlarda birlamchi poliklinikadagi vrachlar bemorni onkologiya markaziga yo‘naltirishini yo‘lga qo‘yish kerak. Bemorlar tashxisga oylab vaqt yo‘qotgani bois kasallik 4-darajaga boradi. Bu bosqichda bemorni davolash juda ham qiyin», – dedi Xojaxonova Kun.uz’ga bergan intervyusida.

«Ezgu amal» jamoat fondi 2018 yilda Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, onkologik va gematologik xastaliklarga uchragan bolalarga yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Bugungi kunda respublika miqyosida fondning 200 nafardan ortiq volontyorlari xizmat ko‘rsatishmoqda. O‘tgan davr ichida fond homiylik mablag‘lari asosida 8 mlrd so‘mdan ortiq qiymatda bemorlarga yordam ko‘rsatgan. Shundan 800 mln so‘mi aynan dori-darmon xarajatlariga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, bemorlarning davolanish uchun xorijga borib-kelishi, jarrohlik amaliyoti kabilar uchun xarajatlarga yordam ko‘rsatiladi.

Mavzuga oid