O‘zbekiston | 21:24 / 19.02.2021
21606
2 daqiqa o‘qiladi

YHXBB: Ruxsatsiz «tonirovka» uchun jarima miqdorini kamaytirish masalasi ko‘rilmoqda

Ikki yil oldin avtomobil oynasini ruxsatsiz qoraytirganlik uchun jarima miqdori 25 baravarga oshirilgan edi.

O‘zbekistonda avtomobil oylarini ruxsatsiz qoraytirganlik uchun 25–40 BHM (6,1 – 9,8 mln so‘m) jarima belgilangan. Bu – boshqa xavfliroq huquqbuzarliklar, masalan qoidani buzib qarama-qarshi harakat bo‘lagiga chiqib ketganlik uchun belgilangan jazodan 2,5 barobarga og‘ir.

Kun.uz muxbiri ruxsatsiz «tonirovka» uchun javobgarlikni yengillashtirish rejasi bor-yo‘qligi bilan qiziqib, IIV YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorovga savol berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Loyihada nafaqat ruxsatsiz «tonirovka» uchun jarimani kamaytirish, balki boshqa masalalar ham nazarda tutilgan.

«Deputatlarimiz tomonidan Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilib, ma'qullansa, siz aytgan masala hal bo‘ladi», – dedi Erali Bozorov 19 fevral kungi matbuot anjumanida.

Ma'lumot uchun, avtomobillar oynalarini pulli asosda qoraytirishga ruxsat berilishidan oldin, noqonuniy «tonirovka» uchun jarima 1 BHM edi. 2019 yilda bu jarima miqdori 25 baravarga oshirilib, 25 BHM deb belgilangan. Huquqbuzarlik bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori 40 BHMga yetadi.

Mavzuga oid