Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oqtepadagi muammolar: Ijtimoiy soha obektlariga ehtiyoj bor; yo‘l, internet va elektr energiyasi ta'minoti yaxshilanishi kerak
Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani Oqtepa qishlog‘ida yangi maktab va bolalar bog‘chasi qurishga ehtiyoj bor. Qishloq vrachlik punkti va dorixona yo‘q. Internet aloqasi va ichki ko‘chalar rasvo. Elektr ta'minoti ham eskirgan.
Avvalroq saytimizda aholi murojaatining birinchi qismi — umumta'lim maktabini qaytadan qurish bo‘yicha davlat tomonidan mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, qurilishni boshlash uchun yer yo‘qligi haqida reportaj e'lon qilgan edik.
Qishloq guzarida mahalla aholisi bilan uchrashganimizda ular o‘zlarini qiynayotgan boshqa muammolar, chunonchi, qishloqqa olib boradigan yo‘l nosozligi, bolalar bog‘chasi yo‘qligini ham ma'lum qilishgan edi.

Ha, qishloqqa olib boradigan asosiy yo‘l hamda ichki yo‘llarning nosozligi aholini qiynab kelmoqda. Rasmiylardan talab ham bitta — qishloqqa olib keladigan asosiy yo‘lni sozlab berish.

Mahalla faoli Rustamjon Inomjonovning bildirishicha, o‘tgan yili qishloq yo‘llarini ta'mirlash uchun davlat tomonidan mablag‘ ajratilgan. Biroq bu mablag‘ asosiy yo‘l ta'miri uchun sarflanmagan. Mahallaning ayrim asosiy ko‘chalariga shag‘al yotqizilib ketilgan. Qolgan ichki mahallalar esa aholi mablag‘idan shag‘allashtirilgan.

«Qishlog‘imiz tumanimizning eng chekka qishloqlaridan. Qishloqda yo‘llar asfalt qilinmagan. Aholi o‘z puliga ko‘chalarga shag‘al to‘kkan. Bir narsani tan olib aytishimiz kerak: o‘tgan yili qishloqqa olib kiradigan asosiy yo‘lni asfaltlash uchun davlat tomonidan 25 mln so‘m pul ajratilgan. Keyinchalik rasmiylar turpoq yo‘llarni shag‘allash kerak, undan so‘ng asfalt qilinadi deb qaror chiqardi. Shu bo‘ldi-yu, qishloqning ayrim ko‘chalari shag‘allanib ketildi. Qolgan mahallalar o‘z shaxsiy mablag‘idan pul yig‘ib, ichki ko‘chalarni shag‘allashtirdi», – deydi mahalla faoli R.Inomjonov biz bilan suhbatda.

Yana bir muammo — qishloqda qishloq vrachlik punktining yo‘qligidir. Qishloqda birorta dorixona yo‘q. Eng yaqin dorixona qishloqdan 3 km uzoqlikda joylashgan.
«Unda ham siz izlagan dori-darmon bor bo‘lsa xo‘p-xo‘p, yo‘q bo‘lsa, tuman markaziga borishingizga to‘g‘ri keladi. Kimningdir tagida ulovi bor bo‘lsa bu qiyinchilik bilinmaydi. Ulovi yo‘qlarga qiyin. Ayniqsa kechki mahallar mashaqqatni ko‘rasiz. Qiyin, juda qiyin. Shuning uchun ham qishloqqa transport qatnovi kerak. Shu hududdan 2,5-3 km uzoqlikda vrachlik punkti bor. Odamlar kasal bo‘lsa ham, emlanish uchun ham o‘sha yerga boradi. Mas'ullardan sharoitga qarab turib qishloqning o‘ziga bitta qishloq vrachlik punkti ochib berishini ham so‘raymiz. Qishloq markazida mana klubimiz bor, eski bo‘lsa ham. Shuni ozgina o‘zgartirib bersa ham bo‘ladi», — deydi suhbatdoshimiz Rustamjon aka.
Mahalla ahlining ta'kidlashicha, Oqtepada mobil uyali aloqa telefonlari uchun antenna ham zarur. Karantin vaqtida o‘tkazilgan onlayn darslarda qishloq yoshlari uylarining tomlariga chiqib onlayn o‘qishga majbur bo‘lgan.
Bu borada ular «O‘zbektelekom»ning Farg‘ona viloyati boshqarmasiga ko‘p bora murojaat qilishgan lekin, ularning murojaatlari bir yildan buyon e'tiborsiz qoldirib kelinmoqda ekan.
«Qishloqda iqtidorli yoshlarimiz juda ko‘p. Ularning ilm olishlari uchun yetarli sharoitning o‘zi yo‘q. Bolalarimizning vaqti telefoniga antenna qidirish bilan o‘tib ketmoqda», – deydi mahalla faollari.
Ijodiy guruhimiz va murojaatchilar bilan birgalikda mahallaning ichki ko‘chalarini aylandik. Guvohi bo‘lganimiz, mahallaning qumloqliklardan iborat yo‘llari, 1968 yilda hashar yo‘li bilan o‘rnatilgan, vazifasini allaqachon o‘tab bo‘lgan «stolba»lar.
E'tiborimizni tortgan holat – qishloqni elektr energiyasi bilan ta'minlab beradigan transformator mahalladagi xo‘jaliklardan birining ichida joylashgani bo‘ldi. U 1968 yilda o‘rnatilgan. Mazkur transformator ko‘p bora ta'mirdan chiqarilgan. Har gal ta'mirlash ishlarini mahallaning o‘zi aholidan pul yig‘ib amalga oshiradi.

«Bu yilgi qish mavsumi oldidan ushbu transformatorni «remont» qildik. Buni mahallaning o‘zi qiladi, bizga birov qilib bermaydi. Bu yil aytarli muammo bo‘lgani yo‘q. Nimaga desangiz transformator uzoq muddat ishlagani yo‘q-da. Bir soat ishlasa, ikki soat «svet» o‘chadi. To‘xtovsiz o‘chib-yonaveradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak — dam olib, dam olib ishlagani uchun ham ish ko‘rsatgani yo‘q. Yaxshi bo‘lib turibdi hozir. Ammo mana bu stolbalarning ahvolini ko‘rib turibsiz. Bular 1968 yilda qurilgan. Shu vaqt oralig‘ida yangilanmagan», — deydi bizga yo‘lboshlovchilik qilayotgan mahalla faoli.

Oqtepaliklarning murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarning ijobiy yechimini topish maqsadida biz mas'ullar — tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, Elektr tarmoqlari korxonasi rahbari bilan uchrashib, ularning fikrlari bilan ham qiziqdik.
Uchko‘prik tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Imomovning bizga ma'lum qilishicha, Oqtepa qishlog‘ida haqiqatdan ham 2003 yilgacha feldsherlik-akusherlik punkti bo‘lgan. U yerga shifokor qo‘yishning iloji bo‘lmaganligi hamda qonunchilikdagi o‘zgarishlar sabab qishloqdan 1,5 kilometr masofadagi Miltiqchi qishlog‘iga Qishloq vrachlik punkti ochilgan. Hozir ushbu QVP 14 ming aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda ekan.
«Oqtepa qishlog‘iga hech qanday tibbiyot punktini ochish mumkin emas. Biroq aholi talabidan kelib chiqib, biz chora-tadbirlar belgiladik. Prezidentning 2020 yil noyabr oyidagi 6110-sonli farmonlaridan kelib chiqib, qishloqda tibbiyot kolleji bitiruvchilarining hamshiralik ish faoliyatini rivojlantirish maqsadida ruxsatnoma olib berish chora-tadbirlarini belgilayapmiz. Shu ishlarni tashkil qilsak, o‘ylaymizki, qishloqdagi muammolar o‘z yechimini topadi», - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Bahodir Imomov.
Kun.uz muxbiri tuman Elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Narimon Meliqo‘ziyev bilan ham muloqotda bo‘ldi. Mas'ul shaxsning ta'kidlashicha, hozirgi kunda aholining murojaatiga asosan dasturlar tasdiqlanmoqda. Bu bo‘yicha esa, asosan murojaat qilingan hududlarga, eskirgan, yangilashni talab qiladigan tarmoqlar o‘rniga yangi tarmoqlar olib borilmoqda. Oqtepa qishlog‘ini o‘z hududiga olgan tumandagi «Istiqbol» MFYda aholining murojaatiga asosan hududdagi 700 metr tarmoq 2021 yilda rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tuman ETK rahbaridan Oqtepa qishlog‘idagi transformatorni aholi yashash uyining hovlisida joylashgani, qishloqqa 1968 yilda o‘rnatilgan tayanchlar taqdiri bo‘yicha ham izoh so‘radik.
«Hozirda elektr qurilmalarining muhofaza qilinishi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarga asosan tashkiliy ishlar ko‘rilmoqda. Oqtepadagi holatda qurilmaning muhofaza maydoni xo‘jalik tomonidan o‘rab olingan. Tez kunlarda uni boshqa hududga olib chiqish ishlarini tashkillaymiz. Tayanchlar masalasiga kelsak, 2021 yil davomida barcha tayanchlarni yangisiga almashtirib beramiz», — dedi tuman Elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Narimon Meliqo‘ziyev.
Uchko‘prik tumanining Oqtepa qishlog‘idan qaytar ekanmiz, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan umidlari so‘nmasligining guvohi bo‘ldik. Qishloq ahli bizni kuzatib qo‘yar ekan, «Televizorda chiroyli qishloqlarni ko‘rsatishsa havasimiz keladi. Shunday o‘zgarishlar bizning ham qishloqda bo‘lsa edi, degan umid bilan yashamoqdamiz. Bir kun kelib bizning qishloq ham barcha havas qilsa arziydigan, barcha sharoitlar mujassam bir maskanga aylanishidan umidvormiz», deganicha qolishdi.
Fayzullo Sultonov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Shohuyor Qayumov
Mavzuga oid
11:02 / 23.05.2025
4 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan metan zapravka aniqlandi
19:58 / 21.05.2025
Yaypanda shunday oshxona bor: Osh salat, non va choyi bilan 8 ming, sho‘rva esa 10 ming so‘m
12:13 / 06.05.2025
So‘x va Shohimardonga avtomobilda o‘tib-qaytishda muammo yuzaga keldi
15:15 / 22.04.2025