Jamiyat | 18:20 / 20.02.2021
32020
8 daqiqa o‘qiladi

Shirin hokimi yashayotgan uyni ta'mirlagan ustalar pulini ololmayapti. Hamma o‘zicha «oppoq»

Sirdaryo viloyatining Shirin shahri hokimi, prokurori va IIB boshlig‘i uchun o‘tgan yili xizmat uylari qurilgan. Qurilish bitganiga 3 oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bir guruh quruvchilar hali ham ish haqlarini ololmayapti.

Uylar «Qishloq qurilish invest» IK buyurtmasi asosida, shaharning Mirzo Ulug‘bek mahallasida qurilgan. Bu masala yuzasidan quruvchilar brigadasi boshlig‘i Azizbek Ergashev Kun.uz'ga murojaat qildi.

Azizbek Ergashevning aytishicha, u va yana xorazmlik 11 nafar ishchi «Asadtillo Biznes» MChJlar rahbari Odamboy Qurbonboyev bilan og‘zaki kelishuv asosida, Shirin shahridagi qurilishda 2 oy davomida ishlagan.

«Shirin shahriga borganimizda uylar chala qurilgan holatda tashlab ketilgan edi. Biz kamchiliklarning hammasini to‘g‘riladik, uylarni yashashga tayyor holga keltirib, Odamboy Qurbonboyevga topshirdik. Bizga uylarning biri shahar hokimiga, boshqasi shahar prokuroriga va yana biri IIB boshlig‘iga tegishli ekani aytilgandi.

U yerda 2020 yil sentabr oyining oxirlaridan 17 noyabrga qadar ishlaganmiz. Bu orada havo sovib ketdi; sharoitlar yo‘qligiga qaramay, uylarni bitkazib ketdik. Bu muddat davomida 12 kishi birgalikda 67 million so‘mlik ishni bajargan bo‘lsak-da, Odamboy Qurbonboyev bizga 24 million so‘m ish haqi bergan, xolos.

Ovqatlanish o‘zimizning hisobimizdan bo‘lgani uchun berilgan 24 millionning ham ko‘p qismi yeb-ichishimizga ketib qoldi. Yotoqxona ham, yuvinish uchun sharoitlar ham bo‘lmagan, qurilayotgan binoning ichida yotganmiz.

Aziz Ergashev

Ishimizni tugatganimizdan keyin 10 kuncha kutdik. Ertaga, indinga beraman deb cho‘zib yurdi, lekin shu paytgacha pulimizni bermadi. Do‘konlardan 1,8 mln so‘mlik mahsulotni qarzga sotib olib yedik. Pulimizni olish o‘rniga, yo‘lkira ham topolmay, taksilarga pulini uydagilardan olib berishimizni aytib, uylarimizga ketdik», – deydi u.

Aziz Ergashevning aytishicha, qurilish tamomlangach namunali uylardan biriga Shirin shahar hokimi ko‘chib kirgan. Quruvchilar hokimning oldiga borib, ishlarni tugatganini, lekin haliyam ish haqi berilmaganini aytishgan va pullarini olib berishda yordam so‘rashgan, ammo bundan naf bo‘lmagan.

«Meni hayron qoldirayotgan narsa shuki, Qozog‘iston va Rossiyada ishlab yurgan akalarim, yaqinlarim xizmat haqlarini muammosiz olishyapti. Lekin o‘zimizning davlatda bizga o‘xshagan oddiy ishchilar halol peshona teri bilan topgan pulimizni ololmayapmiz.

Biz shahar hokimi va boshqa mas'ullardan osh-non yoki ish topib berishini so‘rayotganimiz yo‘q, shu yerning egasi sifatida buzilgan haq-huquqlarimizning tiklanishida yordam so‘rayapmiz, xolos», – deydi u.

Shirin shahar hokimining uyi

Hokimlik: «Ustalar bilan hisob-kitob qilish bizning zimmamizda emas»

Biz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov bilan bog‘landik.

Hokimning ma'lum qilishicha, haqiqatan ham Shirin shahrida sektor rahbarlari uchun mo‘ljallangan xizmat uylarida Xorazm viloyatidan kelgan ustalar ishlagan, lekin ustalar tomonidan olib borilgan ishlar uchun hisob-kitoblarni hokimlik qilmagan: qurilish «Qishloq qurilish invest» IK tomonidan moliyalashtirilgan.

«Shu vaqtgacha ko‘pchilik muammo bilan kelishadi, vakolatimiz doirasida hamma yordamni beramiz. Boshqa masalalarda ham o‘zimizni olib qochmaganmiz. Hokim bo‘lib tayinlanganimdan keyin o‘sha uylarga borib ko‘rganman, kirganimda ustalar ishlayotgan edi», – dedi Sarvar Sultonov.

Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov

Shuningdek, hokim xorazmlik ishchilar tomonidan qurilish ishlari sifatli bajarilmagani, uyga ko‘chib kelgandan keyin o‘zi qaytadan ta'mirlashga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Kun.uz Shirin shahar IIB katta tergovchisi Sherali Jo‘rayevdan olgan ma'lumotga ko‘ra, qurilishda ishlagan ishchilarning Bosh prokuraturaga yozgan shikoyati o‘rganib chiqilib, ularning yashash manzili – Xorazm viloyatiga javob xati yuborilgan. Unda oylik maoshlari masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilishlari lozimligi tushuntirilgan.

Shuningdek, ustalar ish beruvchi bilan og‘zaki kelishuvga asosan ishlagan hamda oylik maosh bo‘yicha qanday kelishuv bo‘lganidan hokimlikning ham, IIB vakillarining ham xabari bo‘lmagan.

Jo‘rayevdan farqli o‘laroq, Shirin shahar Mirzo Ulug‘bek mahallasi profilaktika inspektori Odilbek Rustamov xorazmlik ustalarning mazkur uylarni ta'mirlash ishlarida ishtirok etganini tasdiqladi.

Shirin shahar hokimligi matbuot xizmati foydalanishga topshirilgan yangi uylardan birida ayni paytda Shirin shahar hokimi yashab kelayotganini, qolgan uylar deyarli bo‘sh ekanini, faqat bittasi boshqa fuqaroga ijaraga berilganini ma'lum qildi.

Pudratchi: «Buyurtmachining 300 mln so‘m qarzi bor»

«Asadtillo Biznes» MChJ rahbari Odamboy Qurbonboyev biz bilan suhbatda xorazmlik ishchilar Shirin shahridagi qurilishda ishlaganini tasdiqlab, buyurtmachi «Qishloq qurilish invest» yetarlicha pullarni bermagani uchun quruvchilarning haqini to‘lolmayotganini aytdi.

Pudratchining ta'kidlashicha, davlat buyurtmalari asosida turli joyda amalga oshirgan qurilishlari uchun 3–4 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ olishi kerak (u bu pullarni aynan qaysi tashkilotlardan olishini ochiqlamadi – tahr.). MChJ rahbari, shuningdek, Shirin shahridagi qurilish yuzasidan buyurtmachining 300 million so‘m qarzi borligini, ustalarga ham 30 million so‘m pulni o‘z yonidan berganini ma'lum qildi.

«Agar «Qishloq qurilish invest» pulimni bersa, 2–3 kun ichida ustalarning pullarini berib yuboraman», – deydi Odamboy Qurbonboyev.

Buyurtmachi: «Pudratchidan qarzimiz yo‘q, uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan»

Biz vaziyatga izoh olish uchun Shirin shahridagi namunali uylar buyurtmachisi bo‘lgan «Qishloq qurilish invest» IK Sirdaryo viloyati filiali rahbari vazifasini bajaruvchisi Asomiddin Anlaqulov bilan bog‘landik.

Ma'lum bo‘lishicha, Shirin shahridagi uylarni qurgan firma berilgan pullarni talon-toroj qilgan. 6 ta uyni foydalanishga topshirish asnosida kamchiliklar aniqlangach, firmaning mansabdor shaxslari ustidan 2020 yil noyabr oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yangiyer shahar prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergov harakatlari yakunlanib, ish jinoyat ishlari bo‘yicha Xovos tuman sudiga yuborilgan. Asomiddin Anlaqulov, yuqoridagilardan tashqari, hozir shu firma qurgan yana 3 ta uydagi kamchiliklar yuzasidan hujjatlar yig‘ilib, Shirin shahar prokuraturasiga topshirishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma'lum qildi.

«Bugungi kunda «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasining «Asadtillo Biznes» mas'uliyati cheklangan jamiyatidan hech qanday qarzdorligi yo‘q. Aksincha, obekt to‘la topshirilmasdan berilgan pullarni talon-toroj qilgani uchun firma mansabdorlari ustidan jinoyat ishi ochilgan», – dedi Asomiddin Anlaqulov.

Guvoh bo‘lganingizdek, bu vaziyatda hech kim o‘ziga «gard yuqtirgisi» kelmadi.

Modomiki, shaharning «egasi» uchun qurilgan xizmat uyida ishlagan fuqarolar haqini ololmayotgan ekan, hokim va boshqa mas'ullar bunga jim qarab turmasligi kerak.

Kun.uz voqealarning keyingi rivojini kuzatishda davom etadi.

Farrux Absattarov
Shuhrat Yunusov.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jamshid Abdiyev.

Mavzuga oid