O‘zbekiston | 12:32 / 21.02.2021
22670
7 daqiqa o‘qiladi

«Ustoz shogirdni sehrlay olishi kerak» – yuzlab o‘quvchilari talaba bo‘lgan toshloqlik o‘qituvchi bilan suhbat

Xalqimizda «ustoz otangdek ulug‘» degan naql bor. Har bir shaxsning kamol topib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida, oq-u qorani ajratishida, albatta, ustozning alohida o‘rni bor. O‘quvchisi yoki shogirdining o‘qib-o‘rganib, yetuk shaxs bo‘lib yetishganidan boshi osmonga yetmagan ustozning o‘zi topilmasa kerak.

Kun.uz'ning bu galgi qahramoni Farg‘ona viloyati Toshloq tumani xalq ta'limiga qarashli 6-o‘rta ta'lim maktabning biologiya fani o‘qituvchisi Kamoliddin Roziqov bo‘ldi.

Yaqinda viloyatga tashrif buyurgan xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tadbirda xalq ta'limi tizimi fidoyilarining bir guruhini taqdirladi. OTMga o‘quvchilari o‘qishga kirishda namunaviy natijalarni ko‘rsatgani uchun Kamoliddin Roziqov ham vazir tomonidan «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

Vazir Kamoliddin Roziqov sababli maktab bitiruvchilarining aksariyati aynan biologiyaga bog‘liq tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlaridagi oliygohlarga kirishgani, o‘qituvchi shogirdlarining ham ko‘pchiligi aynan biologiya yo‘nalishini tanlashganini alohida e'tirof etdi.

Kamoliddin Roziqov 1983 yilda Toshloq tumanining Ko‘mirchilik qishlog‘ida tug‘ilgan. 1999 yil shu maktabning 9-sinfini tamomlab, Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 11-sonli litsey-internatda o‘qishni davom ettirgan.

Litsey-internatdan so‘ng u Farg‘ona davlat universitetiga o‘qishga kirgan. 2005 yil oliygohni tamomlab, hozirgi kunga qadar biologiya fanidan yoshlarni oliy ta'lim muassasalariga tayyorlab kelyapti.

Qahramonimiz bilan suhbat yosh avlodni tarbiyalash, ularni fanga yo‘naltirib, jamiyatga kerakli yetuk kadrlar qilib yetishtirish yo‘lidagi mashaqqatli jihatlar haqida bo‘ldi.

«Aynan o‘qituvchilik kasbini tanlashimga sabab, maktabda o‘qib yurgan paytlarimda, 7-sinfligimizda maktabimizga Kamoliddin G‘aniyev degan yangi o‘qituvchi kelgan. U FarDUda olim, fan nomzodi, dotsent edi. U inson bir marta dars bergandayoq kelajakda men ham shu insonga o‘xshab o‘qituvchi bo‘laman, deb niyat qilganman.

Kamoliddin G‘aniyev bir muddat bizga tahsil berib, yana universitetga ishga o‘tib ketdi. Keyin men u insonning orqasidan borib, meni shogirdlikka olishini so‘radim. Ustozning roziligi bilan shogird tushdim. Biologiya faniga qiziqishim shundan boshlangan.

Universitetda tashkil qilingan litsey-internatda o‘qishni davom ettirdim. U yerda yaxshi bilim olib, FarDUning harbiy ta'lim fakultetiga o‘qishga kirganman. O‘qishga kirgunga qadar biologiya faniga shu qadar qiziqib ketganmanki, o‘zim bilmagan holatda fanni mukammal o‘rganganman.

1-kursdan boshlab abituriyentlar uchun repetitorlik tashkil qildim. O‘qishdan ajralmagan holatda jiyanlarimni biologiyadan tayyorlashni boshladim. Bu orada bir abituriyentni o‘qishga tayyorladim. U talabalikka qabul qilingandan keyin menda bu sohaga nisbatan ishtiyoq paydo bo‘ldi. «Demak, men shu sohani tanlab, o‘qituvchilik qilsam bo‘lar ekan», degan xulosa paydo bo‘lgandi o‘shanda. Keyingi yil o‘z-o‘zidan o‘quvchilarim soni ko‘payib ketdi.

O‘qishni tamomlab, xalq ta'limi boshqarmasiga ishga kirdim. U yerda bir yil faoliyat yuritib, biologiya fanidan qayta tayyorlovni tugatdim. Menda shunday maqsad bo‘ldi: O‘zimning shaxsiy maktabimni tashkil qilib, u yerda o‘zim xohlagandek yetuk mutaxassislarni chiqaraman. Bu g‘oya ortidan xususiy maktabimga ham ega bo‘ldim. Kindik qonim to‘kilgan hududda, o‘zim voyaga yetgan mahallada xususiy maktab tamal toshini qo‘ydik.

Allohga shukr, shu soha ortidan kam bo‘lmadik. Viloyatimiz, qolaversa, butun vodiy va poytaxtda shogirdlarim bor. Ular orasida sohani mukammal o‘rganib, xususiy klinika ochganlar ham bo‘ldi. Kasbim o‘zimga juda yoqadi. Bu kasbga o‘zgacha mehr berganman.

Hozirgi kunda yoshlarni o‘qitish jarayonida shu narsaga guvoh bo‘lyapmanki, ko‘pchilik yoshlar bilan ishlash og‘irligini aytadi. Men bu fikrga ko‘p ham qo‘shilmayman. Sababi, ustoz yoshlar bilan do‘st tutinishi kerak. Joiz bo‘lsa, o‘quvchi ustozini o‘z yaqin qarindoshi singari o‘ziga yaqin olishi kerak, deb hisoblayman. Oddiy qilib aytadigan bo‘lsam, ustoz shogirdni sehrlay ola bilishi kerak. O‘shanda o‘quvchi ustozning yo‘lidan yuradi. Tabiatan og‘ir xarakterli o‘quvchini ham to‘g‘ri yo‘lga solsa bo‘ladi. Faqat bunga tajriba kerak bo‘ladi, albatta.

Har yili oliy o‘quv yurtiga kirayotgan shogirdlarim safi ko‘paymoqda. O‘tgan yili 350 nafar o‘quvchim oliy o‘quv yurtiga talabalikka qabul qilindi. Undan avvalgi yili esa 300 nafar o‘quvchim talaba bo‘lgandi. Bularning barchasi mehnatim mahsuli, deb bilaman.

Kun tartibim shundan iboratki, ertalab 6-maktabga kelib, o‘z darsimni o‘taman. Undan keyin qo‘shimcha to‘garaklarimiz xususiy maktabda bo‘ladi.

Yangi tashkil qilingan maktabda faqat chuqurlashtirilgan fanlar emas, imkon darajasida boshqa fanlarni ham keng ko‘lamda o‘rgatmoqchiman. Biologiya, ximiya, ona tili, tarix fanlarini o‘zbek tilida emas, balki chet tilida ham o‘qitishni maqsad qilganman. Kelajakda yoshlarimizni asosiy 5ta fandan emas, boshqa fanlardan ham yaxshi bilimga ega qilib chiqarmoqchimiz.

Davlatimiz xususiy maktablarni rivojlantirishga keng imkoniyat yaratib berdi. Kuchim yetganicha bu maktabni o‘zim quryapman. Sekin-astalik bilan hammasi bo‘lyapti, Yaratganga shukr.

Maqsadim — 3 nafar o‘g‘limni dunyo tan oladigan yetuk kadrlar qilib tarbiyalash. Ota-onam biz uchun doim qo‘llari duoda. Turmush o‘rtog‘im ham o‘qituvchi.

Uzoq yillardan buyon qilgan mashaqqatli mehnatim samarasini bugun ko‘rdim. Meni ta'lim sohasidagi yuksak mukofot — «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoniga sazovor ko‘rishdi.

Menga bildirilgan ishonchni oqlashga va'da beraman. Yosh avlodni o‘qitib, tarbiyalab, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etish, O‘zbekistonni dunyo tan oladigan darajaga ko‘tarish zimmamda turgan eng oliy maqsadimdir», — deydi suhbat davomida Kamoliddin Roziqov.

O‘qituvchining kelajakdagi rejalari juda ko‘p. Allaqachon butun viloyatda mashhurlikka erishgan ustoz shijoati, fanni o‘quvchilarga yetkazish mahorati tahsinga loyiq. Ustoz bilan suhbatimiz yakuniga yetib xayrlashar ekanmiz, uning mashaqqatli va o‘z o‘rnida sharafli bo‘lgan ish faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladik.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid