O‘zbekiston | 14:15 / 22.02.2021
12639
6 daqiqa o‘qiladi

Qurilish vazirligi Toshkent viloyatida noqonuniy qurilayotgan obektlar haqida ma'lumot berdi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Quyi Chirchiq va Chinoz tumanlarida uchta ko‘p qavatli uy, savdo majmuasi va bojxona terminali noqonuniy ravishda qurilayotgani aniqlandi.

Qurilish vazirligi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida Toshkent viloyatida bir qator turar joy binolari ekspertiza organlarining ijobiy xulosasi olinmagan holda loyiha hujjatlarisiz, qurilish-montaj ishlarini boshlash yuzasidan vakolatli organni xabardor qilmasdan qurilayotgani aniqlangan.

Jumladan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani «Do‘stlik» MFY hududida amalga oshirilayotgan monitoringlar jarayonida «ENERGO TEHNIKA GRANT» MChJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 noyabrdagi 961-sonli qarorlari talabini buzib, hududiy inspeksiyani xabardor qilmasdan uchta 4 qavatli turar joy binolarida o‘zboshimchalik bilan qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani aniqlangan. «ENERGO TEHNIKA GRANT» MChJ faoliyatida qisqa muddatli tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida Toshkent viloyati qurilish sohasida nazorat inspeksiyaning 2020 yil 23 dekabrdagi 279-sonli buyrug‘i asosida 1 kunlik tekshirish o‘tkazilgan.

Qisqa muddatli tekshirish natijasiga ko‘ra, ishga oid bo‘lgan barcha hujjatlar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan va huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas'ul shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.

Ma'lum qilinishicha, tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham «ENERGO TEHNIKA GRANT» MChJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagan. 

Shuningdek, Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani «Oydinobod» MFY hududida amalga oshirilgan monitoringlar jarayonida «RUS BEK» MChJ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, hududiy inspeksiyani xabardor qilmasdan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksida qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani aniqlangan, ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik me'yorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub'yektning «RUS BEK» MChJ faoliyatida qisqa muddatli tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida Inspeksiyaning 2020 yil 23 dekabrdagi 278-sonli buyrug‘i asosida 1 kunlik tekshirish o‘tkazilgan.

Unga ko‘ra, huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas'ul shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chinoz tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan. Xabar qilinishicha, tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham «RUS BEK» MChJ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan qurilish montaj ishlari davom ettirilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Chinoz tumani «Yallama» MFY hududida amalga oshirilgan monitoringlar jarayonida «EUROAZIA TRANSPORTION AND LOGISTIK COMPANIY» MChJ QQ tomonidan tegishli shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli hamda ushbu qarorga qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 noyabrdagi 961-sonli qarorlari talabini buzib, hududiy Inspeksiyani xabardor qilmasdan bojxona terminalining qurilish-montaj ishlari olib borilayotgani aniqlangan.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-son, 2019 yil 15 martdagi PF-5690-son farmonlari va O‘zbekiston bosh prokurorining 2018 yil 6 sentyabrdagi B-55-sonli buyrug‘ida (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2018 yil 7 sentyabrda 3067-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan) belgilangan tartiblarga asosan, 2020 yil 7 mayda moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar qurilish obektlariga, sub'yektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda hech qanday to‘siqsiz kirish hamda ruxsat hujjatlari mavjudligi va shaharsozlik me'yorlari hamda qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan qisqa muddatli tekshirish olib borilib, tekshiruv jarayonida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha «EUROAZIA TRANSPORTION AND LOGISTIK COMPANIY» MChJ QQ faoliyatiga oid inspeksiyaning 2020 yil 18 dekabrdagi 761-sonli buyrug‘i asosida 1 kunlik tekshirish o‘tkazilgan.

Qisqa muddatli tekshirish natijasiga ko‘ra huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mas'ul shaxsga nisbatan ma'muriy bayonnoma tuzilib, huquqbuzardan tushuntirish xati va tilxat olinib, qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudiga hujjatlar to‘plami taqdim qilingan va O‘zbekiston Respublikasi MJkTning 99-moddasi 7-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.

Tegishli chora ko‘rilganidan keyin ham «EUROAZIA TRANSPORTION AND LOGISTIK COMPANIY» MChJ QQ tomonidan qurilish-montaj ishlari to‘xtatilmagan hamda belgilangan tartibda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan qurilish-montaj ishlari davom ettirilmoqda. 

«O‘ylaymizki, xuddi shunday xatoga yo‘l qo‘yib, boshqalarning xavfsizligi haqida unutayotganlar o‘zlariga tegishli xulosa chiqarib olishadi», deyiladi Qurilish vazirligi matbuot xizmati ma'lumotida.

Bundan avvalroq Toshkent shahrida 100dan ortiq noqonuniy qurilish olib borilayotgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid