Xorijda o‘qish, davlat grantlari va stipendiyalar. «Intellekt» mehmonlari bilan ta'lim haqida suhbat
Kun.uz shaxs sifatida rivojlanishni istovchilar va ayniqsa yoshlar uchun foydali mavzularda muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan suhbatlarni davom ettiradi.
Faoliyati mobaynida ma'lum yutuqlarga erishgan ziyoli hamyurtlarimiz «Intellekt» loyihasi doirasida o‘z hayotiy tajribaci va fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi, yoshlarga o‘z tavsiyalarini berib boradi.
Loyihaning bu safargi mehmonlari - «El-yurt umidi» jamg‘armasi vakillari, shuningdek, magistraturani Yaponiya va Germaniyada o‘qigan, dunyoning eng nufuzli universitetlaridan bo‘lmish Kembrijda doktorantura bosqichini muvaffaqiyatli tugatgan Adham Xudoyqulov bo‘ldi.
Iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa, respublika hududlaridan yosh mutaxassislarni izlab topish va tanlashga qaratilgan faoliyatni tubdan takomillashtirish va yanada modernizatsiyalash, ularning xorijdagi nufuzli ta'lim va ilmiy muassasalarda, ishlab chiqarish, innovatsion va boshqa kompaniyalarda maqsadli ta'lim olishini hamda stajirovkadan o‘tishini tashkil etish, professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni davlat xizmatiga jalb etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi har tomonlama iqtidorli va istiqbolli, ayniqsa, yetakchi xorijiy mamlakatlarning nufuzli ta'lim muassasalari va ilmiy markazlarida o‘qib, ilg‘or bilim, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ta'limga bo‘layotgan e'tibor tufayli yoshlar o‘rtasida xorijiy mamlakatlarda tahsil olish istagi ham ortib bormoqda. Bugungi kunga kelib chet el mamlakatlarida tahsil olayotganlar safi yildan yilga ortib boryapti, ular o‘rtasida turli davlatlar tomonidan ajratilgan ta'lim granti yutganlar ham bor. O‘z hisobidan tahsil olayotganlar va davlat granti sohibi bo‘lganlar ham talaygina. Bugun aynan davlat granti asosida tahsil olayotgan yoshlar tashkiloti faoliyati haqida batafsil to‘xtalamiz.
Mirziyo Sodiqov – «El-yurt umidi» jamg‘armasi axborot xizmati rahbari:
Ariza topshiradigan yoshlarimiz asosan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya mamlakatlarini tanlashadi. Asosiy sabab aksariyat yoshlar aynan ingliz tilini bilishidir. Bugungi kunda ko‘plab yoshlarimiz O‘zbekistonda ingliz tilini mukammal o‘rganishga asosiy e'tiborni qaratishadi, ushbu davlatlar yo‘nalishlarining barchasi ingliz tiliga ixtisoslashgan fanlardan iborat. Hozirgi kunda davlat granti sohibi bo‘lishni istagan yoshlarga qo‘yiladigan talablar oldingisiga qaraganda ancha yengillashtirilgan. Bu yil bakalavr bosqichini xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Ingliz tilida xalqaro talabga javob beradigan yuqori baho olgani haqida sertifikat va ta'lim olmoqchi bo‘lgan universiteti tomonidan taqdim qilingani haqida yo‘llanma olishi kerak. Shundan so‘ng jamg‘arma tomonidan tashkillashtirilgan suhbat asosida grant g‘oliblari saralab olinadi.
Adham Xudoyqulov – iqtisod fanlari doktori:
Qashqadaryoning chekka bir qishlog‘ida tug‘ilganman. O‘qishga bo‘lgan qiziqishim biroz kechroq boshlangan. Xorijiy mamlakatlarda o‘qish istagi qay bir ma'noda o‘zidan qoniqmaslikdan, yanada ko‘proq natijalarga erishish asnosida paydo bo‘ladi. Xorijiy mamlakatlarga o‘qishga kirish ma'lum bir mezonlar asosida bo‘lmaydi, unda talabaning barcha imkoniyatlari o‘rganib chiqiladi, ayniqsa, uning dunyoqarashi, kreativ fikrlashi va motivatsiyaga asoslangan inshosi katta ahamiyat kasb etadi.
Men magistratura darajasini Buyuk Britaniya va Yaponiyada oldim, bu mamlakatlarning ta'lim dasturlarini o‘rganish asnosida Germaniyada ham to‘qqiz oy davomida tajriba orttirdim. Ushbu davlatlarning ta'lim tizimini o‘rganish hayotiy va ijtimoiy normalarini o‘rganishga ham turtki bo‘lgan. Albatta, madaniy shok bor, bir jamiyatdan boshqa jamiyatga o‘tib qolish hech kim uchun oson emas. Ammo yaxshi jihatlarini, jamiyatni oldinga olib chiqayotgan tomonlarini inobatga olgan holda tajriba o‘tash kerak deb o‘ylayman.
Universitetning darajasi qancha yuqori bo‘lsa, tanlov ham, o‘qishga kirish talablari ham va ta'lim olish dargohining puli ham shuncha qimmat bo‘ladi. «El-yurt umidi» jamg‘armasi aynan mana shu jihatlarni inobatga olib, qo‘llab-quvvatlagani quvonarli. Kembrijda 3 yil davomida doktorlik ishi yoqlash oson emas, ammo oldimga qo‘ygan maqsadim meni ushbu yo‘lda uchragan qiyinchiliklarga dadil borishga da'vat etgan. Himoyani o‘tkazib, O‘zbekistonga qaytdim. O‘ylaymanki, xalqaro miqyosda orttirgan tajribalarimni hali ko‘p bor vatan manfaati uchun qo‘llayman.
Javohir Ahmedov – «El-yurt umidi» jamg‘armasi direktori o‘rinbosari:
Bugungi kunda dunyo talablariga javob beradigan malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yanada oshdi. Mamlakat ravnaqini har tomonlama o‘ylaydigan, xorijiy tajribani o‘rgangan holda davlat rivojiga hissa qo‘shayotgan yoshlar maydonini kengaytirish maqsadida 2018 yilning 25 sentyabrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan turli sohalarda O‘zbekiston yoshlarining dunyoning eng nufuzli mamlakatlari ta'lim dargohida to‘liq grant asosida tahsil olishlari uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etildi. Bugungi kunda minglab yoshlarimiz jamg‘arma tomonidan sayyoramizning eng nufuzli ilm maskanlarida tahsil olib qaytishdi va mamlakatimizning ilg‘or yoshlari safidan o‘rin olib, nufuzli tashkilotlarida o‘z faoliyatlarini olib borishmoqda.
Stipendiatlarni xorijga o‘qishga yuborishning tashkiliy-moliyaviy mexanizmiga qator o‘zgartirish kiritish, jumladan, xorijiy hamkorlar bilan xalqaro shartnomalarni rasmiylashtirish mexanizmini soddalashtirish, stipendiatlarning stipendiyalari miqdorlarini aniqlash mexanizmini takomillashtirish, «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiya tanlovlarini o‘tkazish tartibini tubdan soddalashtirish, jumladan, tanlovni 4 bosqichdan 2 bosqichgacha kamaytirish, xorijiy tillarni bilish to‘g‘risidagi xalqaro yoki milliy sertifikatning, shuningdek, xorijda ta'lim olish yoki stajirovka o‘tash uchun taklifnomaning mavjudligi talablarining kiritilishi, xorijda istiqomat qilayotgan, boy ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarni O‘zbekistonga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat korxonalariga ishga taklif etishni tashkil etish maqsadida har yili muntazam ravishda forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar tashkil etish va boshqa o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
17:35 / 16.10.2024