«Qora mehnat» qilayotganlar yurtda ezilmasin: Samarqandda qurilish korxonasi ustalarni qanday ishlatdi?
Nurobod tumani Ag‘ron qishlog‘ida yashovchi bir guruh yigitlar Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylar qurilishida yollanib ishlagan. Ammo bir necha oyki, ular mehnat haqini ololmay kelayotgani haqida ma'lum qilishdi.
Xurshid Boboyorovning aytishicha, u mahallasidagi g‘isht teruvchi yigitlar bilan qurilish korxonalarida ishlab kelgan. Bu faoliyat bilan bir necha yildan buyon shug‘ullansa-da, mehnat qonunchiligi, ishchilarning xavfsizligi, ish haqining kafolatlanganligi haqida yetarli tushunchaga ega emas. Shu sababli aksariyat holatlarda qurilish korxonasi bilan hisob-kitob qilinganda u va uning sheriklari zarar ko‘ravergan.
Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida nurobodlik yigitlarni ishlatgan qurilish korxonasi – Samarqand shahridagi «Azimjon qurilish baraka» MChJda bo‘ldi.
Haqimizni ololmayapmiz, deb arz qilayotgan yigitlar va MChJ rahbarining guvohligimizdagi ilk uchrashuviyoq noxush kechdi. Chunki shu vaqtga qadar ham aynan o‘rtada kimningdir haqi kimga o‘tgani bilan bog‘liq muammo bir necha marta ko‘tarilgan va asablar taranglashgan. Shu sababli o‘zaro hurmat, madaniyatli odamlardek murosani ko‘rmadik.
Korxona rahbari Davron Rahmonov g‘isht teruvchilar ishni chala qoldirib ketgani va sifatsiz bajargani sababli ish haqidan ushlab qoldim, dedi. Ishning qanday bajarilganini aks ettiruvchi suratlarni ko‘rsatdi. Uning aytishicha, g‘isht terishda kamchiliklar kuzatilgan, natijada suvoq ishlarida me'yordan ortiq mahsulot ishlatilgan.
Xurshid Boboyorov esa ishning sifatsizligiga sabab ustalarning no‘noqligi emas, ko‘p qavatli uyning qiyshiq quyilgan poydevori, deb e'tiroz qildi. Agar g‘isht sifatsiz terilgan bo‘lsa, jami bajarilgan ish haqidan «minus» qilishga roziligini bildirdi.
Shundan so‘ng Davron Rahmonovning taklifi bilan bajarilgan ishning sifati, hajmi hamda olingan mehnat haqini xolis hisoblab ko‘rishga kelishildi.
Biz bajarilgan ish hajmi hujjatlar, ko‘p qavatli uyning loyihasiga qarab aniqlansa kerak, deb o‘ylagandik. Negadir «Azimjon qurilish baraka» MChJ ish yurituvchisi Anvar Obidov binoning 9-qavatiga ko‘tarilishimizni, o‘sha yerda g‘ishtni bittalab sanab berishni istadi.
Tasavvur qiling, XXI asrda biz bajarilgan ish hajmini bilish uchun g‘ishtni bittalab sanayapmiz! Aytaylik, bu kabi yumushlarni loyihani qo‘lga olib xonaning balandligi, eni, pod'yezdlar, yo‘laklar uzunligiga qarab ham hisoblash mumkin edi.
Anvar Obidov «Har bir xonadon egasi o‘z xohishiga qarab xonalarni bo‘lgani uchun g‘isht har xil sarflangan», dedi. Vaholanki, xonalarning bo‘linishi ham allaqachon bajarilgan ish sifatida ish yurituvchining qo‘lida bo‘lishi lozim edi.
Xullas, g‘isht sanashga rozi bo‘ldik...
Qiziq tomoni, g‘isht sanash davomida boshqa brigadaning ham ishiga guvoh bo‘ldik. MChJ rahbari Davron Rahmonov nurobodlik ustalarning kamchiligi shundoq ko‘z oldimizda, boshqa g‘isht teruvchilarning ishida ham ko‘rinib turardi. Boshqa brigadalarda ham xuddi shunday xatolar bor edi: g‘ishtning rejadan ichkari yoki tashqariga kirib-chiqib ketishi, sifatsiz qorishma va hokazo.
Demak, «Azimjon qurilish baraka» MChJ hali yana boshqa g‘isht teruvchilar bilan ham shu tartibda murosa qilishiga to‘g‘ri keladi. Boshqa ishchilarning ham bajargan ishidan chegiradi yoki shu tartibda ziddiyatga boradi.
Xurshid Boboyorov mazkur uyning birinchi qavatida 40×40 sm bo‘lgan ikkita karkasning yorilib ketgani misolida beton quyuvchilarning ishi aslida sifatsiz bo‘lganini aytdi. Shunga monand o‘zining brigadasi va biz guvohi bo‘lganimiz, boshqa ishchilarning ham tergan g‘ishti qiyshiq bo‘lib qolyapti, dedi u.
«G‘isht sanash marosimi» tugadi. Endi jami qancha g‘isht terilgan, donasiga qanchadan to‘lanishi kerak va ishchilar mehnatiga qancha haq olganini bilish qoldi, xolos. Korxona rahbari Davron Rahmonovning ko‘z oldida hisob-kitob qilindi.
Nurobodlik g‘isht teruvchilar shu vaqtgacha olgan ish haqidan tashqari yana 62 million so‘mlik ish bajargan bo‘lib chiqdi. Ishning sifatsiz bajarilgani evaziga ma'lum mablag‘ chegirib tashlandi va ustalar 30 million so‘m oladigan bo‘lishdi. Bizga va mas'ul tashkilotlarga yozilgan arizaga ko‘ra, Xurshid Boboyorovning xomaki hisob-kitobicha qurilish korxonasi 24 million so‘m qarzdor, deb ko‘rsatilgandi. Demak, u o‘ylaganidan ham ko‘ra ko‘proq haqdor bo‘lib chiqdi.
Davron Rahmonov ustalardan qolgan qarzini bir hafta ichida to‘lab beradigan bo‘ldi…
Surishtiruvni shu joyda ham tugatish mumkin edi. Ammo ko‘rganlarimiz misolida angladikki, qurilish korxonalari yollanma ishchilarni istaganiday ishlatyapti, maosh beryapti. Deyarli barcha holatlarda qurilish korxonalari haq, «qora ishchilar»ning muttaham bo‘lish imkoniyati katta ekan.
Nega bunday deyapmiz? Chunki nurobodlik g‘isht teruvchilar bizga qadar ham Samarqand shahar prokuraturasiga, bandlikka ko‘maklashish markaziga murojaat qilgan. Ammo olingan javob qanday: «qurilish korxonasi bilan kelishuvni og‘zaki tuzgansan, bor, ana, sudga murojaat qil...»
Xo‘sh, chekka bir qishloqdan kelib aybdorlarcha ishlayotgan odamlar sudda haqini talab qila oladimi? Qo‘pol qilib aytganda, bu toifa ishchilarning aksariyati sud binosining qayerda joylashgani, unga qanday murojaat qilish mumkinligini ham bilishmaydi. Advokat olish, hujjatlar bilan ishlash, fikrini himoya qilishga ojizlik qiladi.
Umuman, qurilish korxonalarining yollanma ishchilarni jalb qilish tartibi qandayligi haqida Transport yo‘l va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyat birlashgan qo‘mitasi rahbari Sirojiddin Izzatullayev o‘z fikrini bildirdi.
Sirojiddin Izzatullayev qoidaga ko‘ra qurilish korxonalari biror bir obektni olganda, o‘zida mutaxassislar yetarli bo‘lmasa e'lon berishi lozimligini aytdi. Masalan, g‘isht teruvchi brigada yoki suvoqchilarni ishga chorlashadi. Shundan so‘ng aytaylik, g‘isht teruvchi brigada kelib ish boshlamoqchiligini bildiradi, soha bo‘yicha diplomi bo‘lsa, taqdim etadi. Yoki quruvchi firma tajribasini hisobga olib, istasa sinov muddati bilan ishga oladi. Birinchi navbatda o‘zaro mehnat shartnomasi tuziladi. Ertaga aynan shu hujjat ikki tomonning ham huquq va majburiyatlarini himoya qiladi. Unda shuningdek, kunlik ish hajmi yoki vaqti ham aks ettiriladi. O‘z navbatida ishchilar xavfsizlik texnikasi bilan tanishtirilishi lozim. Bu ham turli baxsiz hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi, degan fikr bildirildi.
Afsuski, «Azimjon qurilish baraka» MChJ yollanma ishchilar bilan mehnat shartnomasisiz, og‘zaki ishlab kelgan. Maosh ham «konvert»da berilgan. Vedomossiz, imzosiz. Faraz qiling, ertaga biror ishchi jarohatlansa, xudo ko‘rsatmasin, qurilishda vafot etsa, buning zararini kim qoplaydi? Jabr ko‘rgan tomon nimaga asosan da'vo qiladi? Uning shu yerda ishlaganini kafolatlaydigan biror bir hujjatning o‘zi bo‘lmasa, uni kim himoya qiladi? Yoki aksincha, haqini olgan yollanma ishchi «hech qayerga imzo qo‘ymaganman, maoshimni ololmayapman», deyishiga ham asos yaratilmaydimi?
Sirojiddin Izzatullayev ham mazkur holatga munosabat bildira turib, ayni vaqtda qurilish sohasida eng ko‘p muammolar aynan mehnat shartnomasi tuzmasdan fuqarolarni ishlatish ortidan kelib chiqayotganini aytib o‘tdi. Odatda bu holat soliqdan qochish yoki umuman to‘lamaslik, ishchilarni kamaytirib ko‘rsatish, kezi kelganda, oddiy ustalarning huquqi poymol bo‘lishiga zamin yaratishi ayni haqiqat.
Xulosa o‘rnida. Achchiq bo‘lsa ham haqiqat shuki, ko‘plab fuqarolarimiz xorijda ishlab, mayib-majruh bo‘layotgani, haqini oldirib, kamsitilib kelayotgani sir emas. Yurtdan olisda ularni har doim ham davlat himoya qila olmaydi. Bu ham rost. Ammo ustalar, oddiy ishchilar o‘z yurtida ezilmasligi, kimdandir tili qisiq bo‘lmasligi kerak. Ularning xavfsizligi, mehnat haqini kafolatlaydigan tizim bo‘lishi shart.
P.S.: Darvoqe, biz holatni o‘rganib kelganimizga ham bir haftadan ortiq vaqt o‘tdi. Xurshid Boboyorov telefon qildi va hali ham ish haqini to‘liq ololmaganini ma'lum qildi...
Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin HOTAMOV.
Mavzuga oid
15:56 / 23.11.2024
Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasida ishga olmoqchi
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
10:40 / 19.11.2024