O‘zbekiston | 10:49 / 03.03.2021
18178
4 daqiqa o‘qiladi

Kogon shahrida yangi «to‘rtlik» ish boshladi. Avvalgi rahbarlar prezident tanqidiga uchragandi

Buxoro viloyatining Kogon shahrida yangi hokim, yangi prokuror, yangi IIB boshlig‘i va yangi bosh soliqchi ish boshladi.

Bugun, 3 mart kuni xalq deputatlari Kogon shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi xabar bermoqda.

Sessiyada so‘z olgan viloyat hokimi Botir Zaripov Kogon shahri iqtisodiy salohiyati bilan viloyatda alohida o‘ringa egaligi, xususan, savdo, xizmat ko‘rsatish va sanoatga ixtisoslashgan hamda transport logistikasi uchun qulay tranzit hududlardan biri ekanligini alohida ta'kidladi. Biroq, so‘nggi yillarda sektorlar rahbarlari tomonidan shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ayniqsa, aholi bandligini ta'minlash va kambag‘allikdan chiqarish, infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari holatini yaxshilashga yetarlicha e'tibor qaratilmagani qayd etildi.   

Sessiya kun tartibida tashkiliy masala ko‘rildi. Botir Zaripov 2018 yildan beri Kogon shahriga rahbarlik qilib kelgan Hakim Hoshimovni lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi. Deputatlar tomonidan Kogon shahar hokimi vazifasini bajaruvchi etib Hayot Davlatov nomzodi tasdiqlandi.

Hayot Davlatov 1979 yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1999 yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006 yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi-menejment, iqtisodchi. 

U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investitsiya bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Shu vaqtga qadar Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Kogon shahrining qolgan uchta sektor rahbarlari - shahar prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i ham lavozimidan ozod etilgan edi. Sessiyada ushbu lavozimlarga ham yangi rahbarlar tayinlanganligi ma'lum qilindi. Jumladan, Kogon shahar prokurori lavozimiga Sodiqjon Jo‘rayev tayinlandi.

S.Jo‘rayev 1982 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 2004 yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan.  Mutaxassisligi - huquqshunos. Mazkur lavozimga Kogon tuman prokurorining o‘rinbosarligidan o‘tkazilgan. 

Kogon shahar IIB boshlig‘i lavozimiga Azizbek Rajabov tayinlandi. 

A.Rajabov 1977 yilda Romitan tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 1999 yilda IIV Akademiyasini, 2007 yilda IIV Akademiyasi Oliy akademik kursini tamomlagan. Mutaxassisligi - huquqshunos. Podpolkovnik. Mazkur lavozimga Buxoro viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari - muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i lavozimidan o‘tkazilgan.

Kogon shahar DSI boshlig‘i lavozimiga Alisher Latipov tayinlandi. 

A.Latipov 1987 yilda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy, 2008 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi - sug‘urta ishi. Mazkur lavozimga Shofirkon tuman DSI boshlig‘ining o‘rinbosarligidan o‘tkazilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid