Jamiyat | 19:15 / 04.03.2021
39580
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Toshkentda 4500 o‘rinli «Siroj Solih» jome masjidi ochildi

Kecha, 3 mart kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida «Siroj Solih» jome masjidi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz muxbirlari ushbu muhtasham masjiddan fotojamlanma tayyorladi.

Masjid mas'ul xodimlarining ma'lum qilishicha, loyiha 2000 metr kvadrat maydonda milliy va zamonaviy uslublarning o‘zaro uyg‘unligi asosida barpo etilgan va 4500ga yaqin namozxonni o‘z bag‘riga sig‘diradi. Bu yerda ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona ham qurilgan.

Masjidning asosiy xonaqohi ikki qavatdan iborat. Bundan tashqari, bu yerda yerto‘la, anjumanlar zali, sayt faoliyati uchun alohida videostudiya mavjud.

Masjid qurilishi 2019 yilda boshlangan hamda ikki yil davomida hashar yo‘li bilan homiylar ko‘magida barpo etilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma'lumotlariga ko‘ra, Toshkentning Qoraqamish mavzesida joylashgan «Siroj solih» jome masjidi sobiq sho‘rolar davridagi qatag‘on siyosati oqibatida o‘z yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Sirojiddin Solih ismli vatandosh vasiyatiga binoan, 1990-yillarda uning mablag‘lari hisobidan qurilgan.

Mustaqillik yillaridan to 1996 yilgacha mahalliy masjid bo‘lgan, 1996 yildan jome masjid maqomida faoliyatini boshlagan. 2009 yilda ta'mirlangan, 2019 yildan esa masjidni butunlay qayta qurish ishlari boshlangan.

Mavzuga doir:

Farrux Absattarov,
Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid