Jamiyat | 09:53 / 05.03.2021
33876
2 daqiqa o‘qiladi

Prokuror Guljahon Yo‘ldoshevaga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini so‘radi

4 mart kuni Toshkent viloyati sobiq bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan ko‘rilayotgan ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan prokurorlar tomonidan qo‘yilayotgan ayblov o‘qib eshittirildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Sudning muzokara qismida davlat ayblovchilari Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan moliyaviy hamda marhum F.Rustamovning o‘limi yuzasidan ayblovni o‘qib eshittirdi.

Ayblovga ko‘ra, Yo‘ldoshevaga JKning 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lishi), 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran sodir etilgan mansab soxtakorligi) va 167-moddasi 3-qismi «a» bandida ko‘rsatilgan (juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) jinoyatlarni sodir etgan deb topib, jinoyatlar majmuyi bo‘yicha uzil-kesil 3 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilish hamda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlash so‘raldi.

Yo‘ldosheva va boshqalarning advokatlari qo‘yilgan ayblovlar asossiz ekanini aytib, sudning muzokara qismida himoyasi ostidagi shaxslar bo‘yicha so‘nggi so‘zlarini bayon etishdi.

Sudlanuvchi Sheyxnazar Ro‘zmetovning advokati suddan muzokara so‘ziga tayyorlanish uchun muddat so‘radi va uning muzokara nutqi keyingi sud majlisiga qoldirildi.

Sud 15 martga qadar tanaffus e'lon qildi.

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid