Jamiyat | 15:01 / 05.03.2021
20735
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bitkoin oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan gumondorlarga nisbatan JKning ikkita moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining ma'lum qilishicha, Toshkent shahrida fuqaro raqamli kriptovaluta savdosi bilan noqonuniy ravishda shug‘ullanib kelgan.

U 1V (bitkoin) elektron pul birligini 49 670 dollarga baholab, 0,45 (bitkoin) elektron pul birligiga o‘zining 5 foizlik ustama foydasini qo‘shgan holda, 0,45 (bitkoin) elektron pul birligini boshqa shaxsning «elektron hamyon»iga o‘tkazib bergan. Buning evaziga xaridordan 23 400 dollar va 800 ming so‘m pulni olgan vaqtida departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi va DXX xodimlari tomonidan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan kriptovaluta sotuvchi va xarid qiluvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190-moddasi (Faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkentda 20 bitkoinni 208 ming dollarga sotayotgan, kriptovaluta olib berishini aytib, 152 mln so‘mga aldab ketgan shaxslar ushlangan edi. Shuningdek, O‘zbekistonda kriptoaktivlar yordamida boyib ketishni taklif qilayotgan «moliyaviy piramidalar» paydo bo‘lgani xabar berilgandi.

2018 yili O‘zbekistonda elektron pullar to‘g‘risida qonun ishlab chiqilishi aytilgan, biroq Mirzo Ulugbek Innovation Center (MUIC)ning o‘sha paytdagi bosh direktori Farhod Ibrohimov O‘zbekistonda kriptovaluta legallashtirilishi haqidagi gap-so‘zlarni rad etgandi. Oradan ko‘p o‘tmay O‘zbekistonda «blokcheyn» texnologiyalari joriy qilinishiga doir prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2018 yilning 1 oktyabridan boshlab o‘rnatiladigan tartibga muvofiq, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyat, jumladan kriptoaktivlar bilan savdo qiluvchi kriptobirjalar yaratish litsenziyalanishi bildirilgan.

2020 yili O‘zbekistonda elektron pullardan foydalanish tartibi belgilandi. 2021 yilning fevralida e'lon qilingan yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasida raqamli pul (kriptovaluta) muomalasining asosiy qoidalarini belgilab qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid