Jamiyat | 17:55 / 08.03.2021
24348
7 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Oliy sud Jizzax quyi sudlaridagi mantiqsizlikka chek qo‘ydi. Ammo...

Onlayn auksiondan ko‘chmas mulk sotib olib, Jizzaxdagi sudyalarning mantiqsiz qarorlari sabab muammolar girdobiga kirib qolgan, bu ham yetmaganday, yo‘q joydan davlatga 11 mln so‘m qarz qilib qo‘yilgan tadbirkor ayol Gyunel Aliyevaning huquqlari Oliy sudda tiklandi. Ammo kurash hali tugagani yo‘q: Jizzaxdagi sudlarda navbatdagi «ko‘zbo‘yamachilik» boshlangan.

Yanvar oyida Kun.uz tadbirkor ayol – Gyunel Aliyeva Jizzaxda auksion orqali bino bilan birga o‘ziga bosh og‘rig‘i ham sotib olgani haqida tanqidiy maqola e'lon qilgandi.

Maqolada binoning avvalgi egasi – «Uz Kamol Teks» MChJ rahbari Qosimjon Husanov auksion noto‘g‘ri o‘tkazilganini ro‘kach qilib, uning natijalarini bekor qilish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga murojaat qilgani va 2020 yil 14 sentyabrda uning talablari qanoatlantirilib, auksion natijalari bekor qilingani aytilgandi.

Boz ustiga auksionga mulkni rasmiylashtirib chiqargan MIB Jizzax shahar bo‘limi va Gyunel Aliyevadan solidar tarzda 11 mln 600 ming so‘m davlat boji undirish ham yuklatilgan.

Ish appellyatsiya bosqichida ham ko‘rilib, dastlabki sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Nizolashuv Oliy sudda ham davom etdi.

Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati mazkur ishni ko‘rib chiqib, 2021 yil 16 fevral kungi ajrimi bilan auksion g‘oliblik bayonnomasini rasmiylashtirishda qonun talablari buzilgani holatlari mavjud emas deb topdi.

Bundan tashqari, nizoli binoning 2-qavati o‘zboshimchalik bilan qurilgani tufayli unga nisbatan da'vogar «Uz Kamol Teks» MChJda mulk huquqi mavjud emasligi e'tirof etildi.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Oliy sud mazkur ish bo‘yicha quyi instansiya sudlari hujjatlarini bekor qilib, da'vogarning da'vo talabini qanoatlantirishdan rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori qabul qildi.

Shunday qilib, mazkur ish yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 2020 yil 14 sentyabrdagi hal qiluv qarori va Jizzax viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2020 yil 5 noyabrdagi ajrimi bekor qilinib, ish bo‘yicha yangi hal qiluv qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, da'vogar «Uz Kamol teks» MChJning javobgar majburiy ijro byurosi Jizzax shahar bo‘limi va Gyunel Aliyevaga nisbatan auksion bayonnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi da'vo arizasi qanoatlantirishdan rad qilindi va natijada bino auksionda halol yutib olgan Gyunel Aliyevaga qaytarib beriladigan bo‘ldi.

Ammo, Gyunel Aliyevaning bosh og‘rig‘i shu bilan tugagani yo‘q.

Gyunel Aliyeva

Yodingizda bo‘lsa, «Uz Kamol Teks» MChJ rahbari Qosimjon Husanov 2020 yil 30 dekabr kuni binoni qalbaki reyestr bilan boshqa bir insonga notarius orqali sotgani (keyinchalik bu reyestr Jizzax shahar ma'muriy sudi tomonidan bekor qilinadi) yuzasidan 2021 yilning 5 yanvar kuni Jizzax shahar prokurori tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Binoni Qosimjon Husanovdan notariusda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi orqali 500 ming so‘mga (!) sotib olgan Rustam Ahatov o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazishda muammoga uchraydi. Chunki bu binoni Gyunel Aliyeva allaqachon auksion orqali sotib olib bo‘lgan edi.

Bu holatdan norozi bo‘lgan Ahatov Rustam FIB Jizzax tumanlararo sudiga da'vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar – Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasiga nisbatan noturar joy binosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklashni so‘raydi.

Bino nizoli bo‘lib turgani hamda uning Rustam Ahatovga sotilishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lishiga qaramay, sud kiprik qoqmay 2021 yil 19 yanvar kuni ushbu da'vo arizasini qisman qanoatlantirib, javobgarga binoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyatini yuklash to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqaradi.

Bunda sud Gyunel Aliyeva g‘olib bo‘lgan auksion bo‘yicha rasmiylashtirilgan auksion bayonnomasini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi 2020 yil 14 sentyabrdagi FIB Jizzax tumanlararo sudining hal qiluv qarori va ushbu hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish bo‘yicha FIB Jizzax viloyat sudining ajrimiga ham asoslangan.

Ushbu mantiqsizlikdan norozi bo‘lgan Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyat boshqarmasi nizoli bo‘lib turgan binoni ayni vaqtda Rustam Ahatov nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish imkonsizligi tufayli FIB Jizzax tumanlararo sudining 2021 yil 19 yanvardagi hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati keltiradi.

Ammo mo‘jizani qarangki, viloyat sudi ham 2021 yil 4 mart kungi ajrimi bilan yuqoridagi hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldiradi. Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2021 yil 16 fevraldagi ajrimida auksion g‘oliblik bayonnomasini rasmiylashtirishda qonun talablari buzilgani holatlari mavjud emas, deyilgan va bu ajrim FIB Jizzax viloyat sudiga taqdim etilgan bo‘lsa-da, sud o‘z bilganidan qolmay, Oliy sud tomonidan chiqarilgan ajrimning mazmuniga zid bo‘lgan qaror qabul qiladi.

Qosimjon Husanov binoni Rustam Ahatovga sotgani holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda tergov ketayotgan, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hali aniq yakunga kelinmagan bir pallada qanday qilib sud ushbu binoni Rustam Ahatovga rasmiylashtirib berish talabini qo‘yishi mumkin?

Binoni auksionda qonuniy yutib olgan, ammo quyi instansiya sudlarining uquvsizligidan aziyat chekib, Oliy sudgacha yillab ovora bo‘lgan Gyunel Aliyeva Oliy sudda adolat qaror topib, endigina binosiga egalik qilaman deganida boshqa yoqdan yana sudma-sud yurishga mahkum qilinayotgani qaysi aql tarozisiga to‘g‘ri keladi?

Sud sohasida ishlamagan odamlarga ham yaqqol ko‘rinib turgan jihatlar nega sudyalarning e'tiboridan chetda qolyapti?

Qaror qabul qilishda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygan sudyalar bilan Oliy sud yoki Sudyalar oliy kengashi qandaydir tushuntirishlar olib boradimi? Bu haqda jamoatchilikka hisob beradimi?

Kun.uz mavzuni yoritishda davom etadi.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid