O‘zbekiston | 00:39 / 10.03.2021
6873
2 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi: Sobiq bosh hisobchi o‘zlashtirgan pullar to‘liq undirildi

«Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasining sobiq bosh hisobchisi talon-toroj qilgani aytilayotgan 1,2 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ to‘liq undirildi. Bu haqda jamg‘arma 9 mart kuni e'lon qilgan bayonotda ma'lum qilingan.

Toshkent viloyatida «Yoshlar kelajagimiz» jamg‘armasining sobiq bosh hisobchisi qariyb 1,2 mlrd so‘mni o‘zlashtirgan bo‘lishi mumkinligi haqida Kun.uz 22 fevral kuni xabar bergan edi.

Jamg‘arma xabariga ko‘ra, sobiq bosh hisobchi o‘zlashtirgan mablag‘lar jamg‘arma tomonidan aniqlanib, to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etilgan.

«Bugungi kunda mazkur o‘zlashtirilgan mablag‘ to‘liq undirildi.

Mazkur holatga befarq bo‘lmay, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikr va mulohazalarini bildirayotgan faol fuqarolarimiz, jurnalist va blogerlarimizning tashkilot faoliyatiga oid barcha savollariga batafsil javob berilishini ma'lum qilamiz.

Shuningdek, jamiyatimiz hayotida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarda faol ishtirok etish istagida bo‘lganlar hamda Jamg‘arma faoliyati davomida yoshlarimiz hayotida yuz bergan o‘zgarishlarni yoritish istagini bildirgan OAV vakillarini hamkorlik uchun taklif qilamiz!

Ijtimoiy tarmoqda tarqatilayotgan turli fikrlar, tashkilot faoliyatiga nisbatan salbiy baho berish uchun asos bo‘lmasligi lozim», – deyiladi bayonotda.

Fevral oyida Toshkent viloyati prokurorining katta yordamchisi Arslonbek Toshpo‘latov holat yuzasidan dastlabki tergovni Zangiota tuman prokuraturasi o‘tkazayotgani, tergov yakuni bo‘yicha OAVga xabar berilishini aytgan.

Mavzuga oid