O‘zbekiston | 16:22 / 11.03.2021
3888
3 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda suv ta'minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar keskin kamaytiriladi

Vazirlar Mahkamasining «2021 yilda Qashqadaryo viloyatida irrigatsiya va melioratsiya ishlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, qaror Qashqadaryo viloyatida raqamli va suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida sug‘oriladigan yerlar meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyot boshqa tarmoqlarini suv bilan ishonchli ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Hujjat bilan quyidagi manzilli ro‘yxatlar tasdiqlandi:

  • 2021 yilda Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston respublika budjeti mablag‘lari hisobidan irrigatsiya va melioratsiya obektlari qurish, rekonstruksiya qilish hamda melioratsiya obektlarini ta'mirlash-tiklash bo‘yicha ustuvor loyihalar bo‘yicha;
  • 2021 yilda Qashqadaryo viloyatida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan irrigatsiya tizimlarini ta'mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha;
  • 2021 yilda Qashqadaryo viloyatida suv xo‘jaligi obektlarini davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xususiy sektorga berish bo‘yicha;
  • 2021 yilda Qashqadaryo viloyati tumanlarida irrigatsiya-melioratsiya ishlarini takomillashtirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»;
  • Qashqadaryo viloyatida 2021 yilga mo‘ljallangan tadbirlarni amalga oshirish natijasida erishiladigan asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar.

Qarorga muvofiq quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish nazarda tutilgan:

  • suv ta'minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlarni 83,5 ming gektardan 55,3 ming gektargacha kamaytirish;
  • nasos stansiyalaridagi 3ta nasos agregati va 14ta elektr dvigatelini zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, nasos stansiyalari yillik elektr energiyasi iste'molini 2,4 mlrd kVt.s.dan 2,3 mlrd kVt.c.gacha kamaytirish;
  • suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan maydonlarni 69,7 ming gektardan 130,1 ming gektargacha, shu jumladan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan maydonlarni 11,8 ming gektardan 39,4 ming gektargacha yetkazish;
  • sho‘rlangan maydonlarni 232,3 ming gektardan 227,8 ming gektargacha, shu jumladan, o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan yerlarni 47,7 ming gektardan 45,6 ming gektargacha qisqartirish;
  • «Smart Water» raqamli texnologiyasi asosida suvning hisobi yuritiladigan suv xo‘jaligi obektlari sonini 73tadan 342tagacha yetkazish;
  • suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida jami 10ta loyihani amalga oshirish.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid