O‘zbekiston | 14:10 / 11.03.2021
18776
2 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi vaziriga yana bir o‘rinbosar tayinlandi

Suv xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Rustam Qarshiyev prezident qarori bilan vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi

Suv xo‘jaligi vazirligida yangi lavozim tayinlovi amalga oshirildi. Vazirlik saytida ma'lum qilinishicha, Rustam Qarshiyev O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Rustam Qarshiyev 1983 yilda tug‘ilgan. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bakalavriatini 2005 yilda, magistraturasini 2009 yilda tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-gidrotexnik, selga qarshi va o‘zan rostlash inshootlari bo‘yicha magistrant. 

Rustam Qarshiyev shu paytga qadar Suv xo‘jaligi vazirligida Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

U yangi lavozimda Vohidjon Ahmadjonovni almashtirdi. 2020 yil aprelidan vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ahmadjonovning ishdan ketishi sababi rasman ma'lum qilinmagan. Uning iste'fosi oilaviy sabab bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin - 2021 yilning 1 yanvariga o‘tar kechasi Ahmadjonov oila a'zolari bilan o‘z avtomobilida Qamchiq dovoni bo‘ylab harakatlanayotganida yo‘l transport hodisasiga uchradi. YTH oqibatida vazir o‘rinbosarining rafiqasi va 3 yoshli qizi vafot etgan, amaldorning o‘zi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgandi. 

10 mart kuni Azim Nazarov suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

Mavzuga oid