O‘zbekiston | 17:55 / 12.03.2021
34768
2 daqiqa o‘qiladi

«Bu qardosh qirg‘iz xalqiga bizning do‘stona sovg‘amiz» – Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovga tez tibbiy yordam mashinalarini taqdim qildi

Bugun, 12 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Toshkent shahridagi «Texnopark»ga tashrif buyurdi. 

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, ikki davlat rahbari O‘zbekistonning sanoat, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ko‘rgazma yakunida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi nomidan Qirg‘iziston xalqiga respublikada ishlab chiqarilayotgan tez tibbiy yordam mashinalarini sovg‘a qildi. Bu avtomobillar ustiga O‘zbekistondan sovg‘a ekani qirg‘iz tilida yozib qo‘yilgan.

“Bu qardosh qirg‘iz xalqiga bizning do‘stona sovg‘amiz. O‘ylaymanki, rejalashtirgan loyihalarimiz amalga oshadi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalar abadiy bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov sovg‘a uchun qirg‘iz xalqi nomidan minnatdorchilik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abdulla Aripovdan bu mashinalar qachon yetkazib berilishini so‘radi.

“Ruxsat bersangiz, bugunoq treylerlar bilan yetkazib beramiz. Andijonda, chegarada qabul qilib olishadi”, – dedi Abdulla Aripov.

Avvalroq, prezident Qirg‘iziston bilan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergani xabar qilingandi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid