O‘zbekiston | 09:39 / 13.03.2021
19850
8 daqiqa o‘qiladi

«Diplomim yo‘q bo‘lganda ham maqsadimga erisha olar edim» – Facebook’da ishlayotgan andijonlik yigit bilan suhbat

Nuriddin Iminoxunov 22 yoshda. U 1998 yil Andijon viloyati, Asaka shahrida tug‘ilgan. AQShda Global UGRAD to‘liq granti g‘olibi. Hozirda «Pro Unlimited» Facebook kompaniyasida «Product growth specialist» (Mahsulot rivojlanishiga mas'ul mutaxassis) lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Nuriddin «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida qanday qilib Facebook kompaniyasiga ishga kirgani, «StartUp»larni rivojlantirish va IT sohasi qiyinchiliklari haqida gapirib berdi.

Fan - bu faqat kitobda o‘qigan narsamiz emas...

Global UGRAD dasturida 4 oy davomida AQShdagi Missisipi universitetida o‘qiganman. Shu vaqt davomida 4-5ta fanni o‘qigan bo‘lsam, menga eng yoqqan tomoni - bizning darslarimiz eng oxirgi texnologiyalar asosida o‘tilar edi, masalan, o‘sha vaqtda dunyoda iOS’ning eng oxirgi versiyasi 10-versiya bo‘lsa, bizning darslarimiz ham ana shu 10-versiya asosida o‘tilgan. O‘sha narsa menga juda katta motivatsiya bergan, ya'ni fan faqat kitobdagi o‘qigan narsamiz emas, hayotda ko‘rgan narsamiz hamdir, qayerdadir ishlatgan narsamizga ham taalluqli bo‘lgan. Kitob boshqa, hayot boshqa bo‘lmagan. Shu Amerikadagi o‘quv tizimining menga eng yoqqan tomoni bo‘lgan.

Facebook’ga ishga taklif qilishganida avvaliga ishonmagandim

Bir kun LinkedIn tarmog‘idan bir hind odam «Ey yigit, Facebook'da ishlaysanmi?» deb yozib qoldi. Boshida shubhali tuyulgan, oxirida pul so‘raydi, deb o‘ylaganman. Keyin rezyume topshirdim, ishga kirish uchun talablar katta, kamida 7 yil ish tajribasi so‘ralar edi. Boshida ishonqiramay gaplashdim, chunki ish tajribam bir yarim yil edi. Keyin o‘sha hind bilan telefonda gaplashdik, rezyumeda yozilgan ma'lumotlarni yana bir bor o‘zimdan so‘rab, tekshirib oldi. Keyingi bosqichda kompaniya mas'ul xodimi bilan «phone interview» bo‘lgan, ya'ni kompaniya qidirayotgan odam bilan shu odam bir-biriga to‘g‘ri keladimi yoki yo‘qmi, deb tekshirdi. Hozirda birga ishlaydigan menejyerim, britaniyalik odam suhbat qilgan, keyingi bosqichda ham yana shu menejyer bilan endi sohaga oid suhbat bo‘lgan. Oxirgi bosqichda «onside interview» bo‘lishi kerak edi, pandemiya bo‘lmaganda nomzod Facebook'ning qaysidir ofisiga chaqirilardi va yuzma-yuz suhbat bo‘lardi, ya'ni «product manager interview». Bunda 4ta narsa tekshiriladi: birinchisi - Facebook'ni rivojlantirishga qanchalik qobiliyati bor, ikkinchisi - analitika bilan ishlash qobiliyati, uchinchisi - liderlik qobiliyati, to‘rtinchisi - loyihani qanday qilib oxirigacha olib borishi. Intervyu qiyin bo‘ldi, lekin natijasini kutish undan ham qiyinroq bo‘ldi. Yakunda men va yana bir nomzodning natijalari teng bo‘lib qoldi. Endi yana bir qo‘shimcha suhbat bo‘lishini aytishdi, bu safar Braziliyaning San-Paulo shahrida yashaydigan hozirgi hamkasbim bilan suhbat bo‘ldi. Intervyu zo‘r o‘tdi, o‘zimga yoqdi, uning javobini ham yana taxminan bir oycha kutdik va yakunda Facebook'ga qabul qilinganimni aytishdi va 1 avgustda ishga olindim. Hozirdagi vazifam O‘rta Osiyoda Facebook, Instagram va WhatsApp’ning o‘sishini ta'minlash, aholi mentaliteti va tabiatidan kelib chiqqan holda, mos funksiyalarni ishlab chiqish va muammolarni bartaraf etishdan iboratdir.

Universitet yagona to‘g‘ri yo‘l emas, yo‘llardan biri

Hozirgi yoshlar faqat diplom olish uchun emas, ota-onasi aytgani yoki hamma shu ishni qilgani uchun ham universitetda o‘qiyotgan bo‘lishi mumkin. Lekin buning sababiga qiziqsak, mening o‘zimda ham qiynalgan jihatim qiziqishimni topish bo‘lgan, o‘zim ham IT’ning ko‘p sohalarida ishlaganman. Yoshlarni, tengdoshlarimni ko‘p kuzataman, ularda qiziqish yo‘q. Ular faqat Instagram, TikTok'da o‘tirsa-yu, oson pul kelsa yoki oson ish qilib zo‘r bo‘lib ketsa, kitob o‘qimasdan, o‘rganmasdan zo‘r bo‘lib ketsam, deydiganlari bor. Tez natijaga erishishga turli yo‘llar qidirishadi. Tez boy bo‘lib ketish, tez zo‘r bo‘lib ketish, ishga tanish-bilish bilan kirib ketishni xohlashadi, ya'ni oxirgi maqsadga erishishning oson yo‘llarini qidiradi. Shunga o‘qishni o‘qiydimi yoki yo‘qmi, qiziq bo‘lmay qoladi. Yoshlarda aniq bir maqsad yo‘q, diplom bo‘lsa ish topishim osonlashadi, deb o‘ylaydi. O‘zi asosiy maqsad ish topish emas-ku, to‘g‘rimi? Ishlashdan maqsad foydali va manfaatli ish qilish, insoniyatga foydasi tegish, muammolarni yechish bo‘lishi mumkin.

Diplomim bo‘lmaganda ham bu muvaffaqiyatga erisha olardim

IT’da diplomning o‘rni bor, qachondir kerak bo‘lishi mumkin. Men o‘zim ham o‘qiganman, diplom olganman. Lekin diplomim bo‘lmaganda shu natijaga erisha olarmidim deyilsa: ha, balki erisha olardim. Universitetda diplom uchun emas, boshqa foydalari uchun o‘qiganmiz, bilim bu eng katta qismi, bundan tashqari, tanishlar, platforma, resurslar jihatidan universitet bizga ko‘p narsani bergan. Umuman, kompleks muammolarning yechimi sifatida universitetga qarasa bo‘ladi. Agar yoshlar kontrakt to‘lashga qurbi yetsa yoki grantga kirishga imkoniyati yetsa, universitetda o‘qishi kerak. Universitet katta yo‘nalish beradigan, yaxshi odamlarni topadigan, kattaroq natijalarga erishish mumkin bo‘lgan joy. Diplomning o‘rni bor, lekin diplomsiz ham bu natijalarga erishsa bo‘ladi, faqat biroz qiyinroq bo‘lishi mumkin va yo‘ldan aylanib o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Hozir nimadadir zo‘r bo‘lgan odamlar qachondir shu sohada «loser» bo‘lgan

Men ham qachondir ko‘p narsalarda xato qilganman. Agar inson komfort zonadan chiqib, noldan boshlab harakat qilsagina o‘sadi, komfort joyda qolib ketsa, yangiliklar qilib ko‘rmasa o‘sha qobig‘ida qolib ketishi mumkin. Agar men ham dasturlashdan boshqa «product manager»likka o‘tsam, oyligim 1000 dollardan 300 dollarga tushib qoladi deb qo‘rqqanimda, shu joyimda qolib ketganimda, balki hozir Facebook'da ishlamayotgan bo‘lar edim. Komfort zonada sekin o‘sasiz, bu kimlarnidir qoniqtiradi. Lekin agar bir marta qo‘rqmasdan boshqa yo‘nalishga sakrasangiz, darajali tez o‘sib ketishi mumkin. Bizda ko‘pchilikni qolipga tushirib qo‘yishadi, odamlar atrofdagilarning gap-so‘zidan qo‘rqib o‘sishdan to‘xtab qoladi. Sal o‘ylashimiz kerak, biror odam nimagadir qiziqdimi, atrofdagilar gap-so‘zidan qo‘rqmasdan qilishi kerak. Shundagina muvaffaqiyatga erisha oladi.

photo_2021-03-13_09-38-00 (2).jpg
photo_2021-03-13_09-38-00 (3).jpg
photo_2021-03-13_09-38-00.jpg
photo_2021-03-13_09-38-48.jpg

Mavzuga oid