Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Komil Allamjonov: «Ko‘p masalalar "ne po zakonu, a po ponyatiyam" hal qilinadigan bo‘lib qoldi»
Yo‘l harakati qoidalari buzilishini suratga olib, tegishli joylarga xabar berish, deputat Rasul Kusherbayevning chiqishidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda yana muhokama mavzusiga aylandi.
Rasul Kusherbayev o‘z videomurojaatida birovning qoidabuzarligini rasmga olib, pul ishlayotganlar bugun 10 ming so‘m uchun odamlarni sotsa, ertaga 100 ming so‘m uchun vatanini ham sotishini aytib, buni «kozyollar jamiyati»ga o‘xshatdi.
Qonun ishlab chiquvchi deputat qonunlarga itoatsizlik haqida xabar berganlarni «kozyollar» deb atashi bir necha oydan buyon davom etayotgan muhokamalarni qayta jonlantirdi.
Kusherbayevning fikrlariga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov ham qarshi chiqdi.
«Jamiyat qonunbuzarliklarni berkitishi kerak emas. Bu haqda gapirgan odamlar «kozyol»ga chiqishi xato. Mana, yaqinda bir odam kichkina bir qizni o‘g‘irlab ketayotgan payt, bu holat ham odamlar yordamida, ularning videolari orqali bartaraf etildi. Demak, ular ham «kozyol»mi? Logika shunday bo‘lyapti.
Albatta, odamlar orasida «solidarnost» bo‘lishi kerak, lekin qonun-qoida buzilishini yashirishda emas. Biz tartibli va xuquqiy jamiyat qurishga intilishimiz, uni targ‘ib qilishimiz kerak. O‘zi shundoq ham ko‘p masalalar "ne po zakonu, a po ponyatiyam" hal qilinadigan bo‘lib qoldi», – deya yozdi Allamjonov Telegram'dagi kanalida.
Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma'rifat boshqarmasi boshlig‘i Shohidaxon Yo‘ldosheva ham mavzuga munosabat bildirdi.
«Huquqbuzarliklarning oldini olayotganlarga «sotqin» ta'rifi yopishtirilsa, u holda men ham ana shunday «sotqin» bo‘lishga tayyorman va bundan faxrlanaman», – deya yozdi u o‘z maqolasida.
Vazirlik rasmiysi qonun chiqaruvchi hokimiyat vakilining gaplari «jamiyatimiz uchun mutlaqo kutilmagan teskari signal» bo‘lganini qayd etarkan: «Deputat qonun ustuvorligi uchun xizmat qilmasa, davlat qayerga boradi?» deya savol qo‘ygan.
Yo‘ldosheva faqat haydovchilargina yo‘l harakati ishtirokchisi emasligini eslatib, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda yuz bergan turli YTHlarda 10 mingdan ortiq qurbon berilgani, bundan ikki barobar ko‘p inson jarohatlanganiga e'tibor qaratgan.
«Odamlar bundan qanday xulosa qilishi kerak?» degan xalq vakilining qonunga amal qilayotgan va qonunbuzilishi haqida xabar berayotganlarni «kozyol» deb ataganini tanqid qilgan Shohidaxon Yo‘ldosheva.
Bloger Shahnoza Soatova suratga olib yuborilgan qoidabuzarliklar uchun jarima solish tartibidan norozilik bildirayotgan haydovchilarga murojaat qildi. Quyidagi uning murojaati to‘lig‘icha keltiriladi
«Radikal haydovchilarga
Men sizlarga juda achinaman.
Hayotingizni shu avtosiz tasavvur qilolmaysiz. Kim, qaysi lavozimda o‘tirgan bo‘lsangiz ham, nima ish bilan shug‘ullansangiz ham – otamisiz, onamisiz, farzandmisiz, jigarmisiz – farqi yo‘q, eng avvalo, shu mashinangiz rulidan turib fikrlaysiz. Boshqa haqiqatni ko‘rmaysiz.
Piyodalarni odam o‘rnida ko‘rmaysiz, «neudachnik» deb so‘kasiz. Muvaffaqiyatingizni shu temir bilan o‘lchaysiz!
Qonun ustuvor davlat deysiz, o‘zingiz tartibga rioya qilishga kelganda shart qo‘yasiz.
O‘g‘ri menga avval oyiga faloncha pul ber, keyin o‘g‘rilik qilmayman desa yo korrupsioner oyligimni faloncha qilib qo‘y, keyin pora olmayman desa, hozir siz aytayotgan gapning nari-barisini gapirayotgan bo‘ladi aslida, tushunmaysiz yo istamaysiz.
Rulga yopishib olgansiz, bolangizni bog‘cha yo maktabining eshigini tagigacha aravangizda olib borishingiz kerak, piyoda kelayotgan bolalarga qish kuni loy sachratib, yozda tuproq ichida qoldirib. Xudbinlik qilayotganingizni o‘ylaysizmi shunda?!
Tez yordam, o‘t o‘chirish mashinalarining yo‘lini ham to‘sib, parkovka qilib ketaverasiz, sizga nima?!
Kasalxonalar oldida parkovka yo‘q deysiz: kasalxonalarda joy yo‘q, koyka yo‘q, mutaxassis yo‘q, mutaxassisga yetarli oylik yo‘q – ularni qo‘yib, sizga parkovka qilib berish kerak!
Mashina sotib oldim, bo‘ldi, kimdir menga parkovka qilib berishi shart deb o‘ylaysiz: bolalar maydonchasi, yo‘laklarni egallab olgansiz: bir qarich joy uchun yoqa bo‘g‘ishasiz! Mashina sotib olayotganda buni qayerga qo‘yaman deb o‘ylamaysiz!
«Kozel»larni uraman deysiz, toki rulda o‘tirgan boshqa bir kozel qarama qarshi yo‘nalishda chiqib kelib peshonama-peshona urilmaguncha. Unda albatta, umuman boshqacha gapira boshlaysiz!
Yiliga 2-3 ming odam o‘lyapti degan fakt sizlarga ta'sir qilmaydi: sizlarga parkovka kerak. Vaholanki, nasibangiz o‘zi ikki metr!
Bir ona bolamni mashina urib ketgan, bularni tartibga solish uchun hamma vosita yaxshi desa, yoppatalaysiz: yana o‘sha parkovka va yo‘l deb, sizning bolangizni urmadi-da mashina – shunaqa odamgarchilik sizda!
Men sizlarga achinaman!
Chunki sizlar piyoda yurmaysiz, toza havoning qadrini bilmaysiz!
Biror yuz metr nariga mashinangizni qo‘yib piyoda kelishga erinib ortiqcha vazn, yurak-qon tomir kasalliklari orttiryapsiz – shu sizga jazo!
Keyin yana kimdir meni hozir davolab bersin deb ayyuhannos solmang, birinchi navbatda davolanishi kerak bo‘lsa, avtomobilingiz chiqargan gazlarni yutgan piyodalar, g‘ildiraklaringiz tagida qolgan majruhlar, yaqinini yo‘qotgan ota-onalar va farzandlar davolanishi kerak!
Rulingizda o‘tirib instagram yo feysbukka «pryamoy» qilasiz-da, keyin bahsda bechorani yoqib, kirakashlarni pesh qilasiz – uyat, ikkiyuzlamachilar!
Kimlardir bosh-ketini o‘ylamay sizlarga mashinani o‘zi arzimaydigan baland narxda sotyapti, navbat turib olyapsiz. Ular sizga aslida muammo sotyapti. Bilmaysiz!
Toychog‘ingizni xuddi chaqaloqni opkelgandek karnay-surnaylar, poyandozlar bilan darvozangizdan kiritasiz. Qadriyatingiz shu temir darajasida?!
Men qoidabuzarlarning jazolanishi tarafdoriman, chunki bugun 3 million avtomobil ertaga 5-10 millionga chiqqanida ahvolni umuman o‘nglab bo‘lmasligini tushunaman. Baribir hammaga parkovka yetmaydi!
Shuni tushunmaganingizga achinaman».
Mavzuga oid
23:01 / 20.04.2025
Sobiq deputat Rasul Kusherbayev IIBga chaqirildi
14:01 / 06.03.2025
WizzAir O‘zbekistonga amalga oshiradigan reyslarida o‘zbek tilida ham xizmat ko‘rsatadi
15:04 / 21.02.2025
Komil Allamjonovning yordamchilari Oliy sudda oqlandi
14:36 / 12.02.2025