O‘zbekiston | 16:22 / 17.03.2021
3259
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda obektlarga davlat tilida nom berish xizmati ko‘rsatiladi

“Savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlariga nom berishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obektlariga davlat tilida nom berish (neyming) xizmati ko‘rsatiladi.

Markaz va uning hududiy bo‘linmalariga bu bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklandi:

  • davlat tili qoida va me'yorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obektlarga qo‘yish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimida shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish;
  • tashqi yozuv, peshlavha, reklama va e'lonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va me'yorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki o‘xshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza o‘tkazish;
  • obektlar uchun davlat tilida nomlar yaratish va tanlash bo‘yicha shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatish. 

Obektlarga nom berish “Davlat tili haqida”, “Firma nomlari to‘g‘risida” va “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Avvalroq, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e'lon qilingandi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid