O‘zbekiston | 22:56 / 17.03.2021
6915
2 daqiqa o‘qiladi

Transport vazirligi «Voljskiy – Toshkent» va Moskva – Toshkent yo‘nalishida maxsus poyezdlar qatnovini amalga oshiradi

Rossiyada qolib ketgan yurtdoshlarni olib kelish maqsadida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, «Voljskiy – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanadigan 483/484 – sonli poyezd 19 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 20:50 da «Voljskiy» stansiyasidan yo‘lga tushadi. Shuningdek, 22 mart kuni Moskva – Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 476-sonli maxsus poyezd soat 22:28 da (Moskva vaqti bilan) «Kazanskaya» temir yo‘l vokzalidan jo‘naydi.

«Yo‘lovchilarga chipta xarid qilishda qulaylik yaratish maqsadida elektron chiptalarni sotish yo‘lga qo‘yilgan.

Voljskiy hamda Moskvadagi fuqarolarimizning yaqinlari O‘zbekistonda turib «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining veb-sayti orqali, e-ticket.railway.uz’dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib, internet orqali ayni daqiqada Moskva hamda Voljskiydagi hamyurtlarimizga jo‘natishlari ham mumkin.

Qo‘shimcha ma'lumotni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma'lumotlar byurosidan bilib olish mumkin», – dedi vazirlik matbuot xizmati rahbari.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid