O‘zbekiston | 16:37 / 18.03.2021
33719
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyat Madaniyat obektlarini muhofaza qilish departamenti boshlig‘i Toshkentda shubhali tarzda qamab qo‘yildi

Ma'muriy huquqbuzarlikda ayblanib, qamoqqa olingan Sundor Qoraboyevning hech kimga ko‘rsatilmayotgani va sud qarori berilmayotgani uning yaqinlarida shubha uyg‘otmoqda.

Foto: Facebook / Sundar Qoraboyev

Jizzax viloyati Madaniyat obektlarini muhofaza qilish departamenti boshlig‘i Sundor Qoraboyev 14 mart kuni Toshkent shahrida IIB xodimlari tomonidan mayda bezorilikda ayblanib qo‘lga olingan.

Sundor Qoraboyevning ukasi Husan Qoraboyevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, uning akasi 14 mart kuni ish yuzasidan Madaniyat vazirligiga – Toshkent shahriga kelgan.

«Vazirlikdan chiqqach, akam Madaniyat obektlarini muhofaza qilish departamentining boshqa viloyatlardan kelgan xodimlari bilan birga kafega borib ovqatlangan. Akamning yonida bo‘lgan departamentning Siroj ismli xodimining aytishicha, ular kafedan chiqayotgan vaqtda Sundor Qoraboyevga begona ayol turtilib ketgan.

Shundan so‘ng ayol akamga men seni militsiyaga aytib qamataman degan. Akam va sherigi ayolning gapiga e'tibor qilmasdan, avtomobilga o‘tirib, u yerdan ketgan. Bir necha daqiqa ichida, Yunusobod tumanida ularni yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatib, hujjatlarini tekshirishni boshlashgan.

Shu orada o‘sha ayolning chaqiruvi bilan ichki ishlar xodimlari kelib, akamga: «Siz bir ayolni urib, haqoratlaganingiz yuzasidan shikoyat kelib tushdi» deb, Yunusobod tuman IIBga olib ketishgan.

Akam u yerda 1 kun davomida qolib ketdi. Ertasi kuni hech kimga xabar berilmasdan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi tomonidan sud o‘tkazilib, akamga 10 kunlik ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan», – dedi Husan Qoraboyev.

Husan Qoraboyevga ko‘ra, hech kimga xabar berilmasdan sud qilingani yetmaganidek, Sundor Qoraboyevni hozirgacha hech kimga ko‘rsatishmayapti. Ayoli va advokati ham karantin bahona qilinib, ko‘rishish uchun kiritilmagan.

Sundor Qoraboyevning yaqinlari u «Ugolok» kafesidan chiqib ketayotgan vaqtda hech kim bilan tortishmaganini isbotlovchi kadrlar borligini va ular ijtimoiy tarmoqlarga joylanganini aytmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarning qator foydalanuvchilari Sundor Qoraboyevning qamoqqa olinishini uyushtirilgan deb hisoblamoqda.

Uning 1 kun ichida shoshilinch sud qilinishi va ma'muriy qamoq qo‘llash to‘g‘risidagi sudning qarori berilmayotgani shubhali bo‘lib qolmoqda.

Hozirda Qoraboyevning yaqinlari apellyatsiya shikoyati kiritgan, ish bugun qayta ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Kun.uz holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Vazirlik mas'ullari huquqbuzarlik bo‘yicha tushgan shikoyatlarni rasmiylashtirib, qonuniy chora ko‘rish uchun sud organlariga taqdim etish ichki ishlar idoralarining kundalik vazifasi ekanini ma'lum qilib, bu holat bo‘yicha boshqa izoh yo‘qligini bildirdi.

Madaniyat vazirligi haqiqatan ham Sundor Qoraboyev Jizzax viloyati Madaniy obektlarni muhofaza qilish departamenti boshlig‘i ekanini tasdiqladi, lekin u bilan bo‘lgan vaziyat yuzasidan vazirlikda ma'lumot yo‘qligini bildirdi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati Kun.uz so‘roviga javoban voqeaga izoh bermadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid