O‘zbekiston va dunyo maktablari: farqlar, yangi tendensiyalar
Ilmdan boshqa najot yo‘q. Bolaning ilmga munosabati esa birinchi ta'lim dargohi – maktabda shakllanadi.
Kun.uz O‘zbekiston va xorijda faoliyat olib borayotgan vatandosh mutaxassislarni maktablardagi ta'lim sifati mavzusida muhokamaga chorladi.
Unda O‘zbekiston va dunyoda maktab ta'limidagi tendensiyalar, muammolar va bahsli masalalar haqida so‘z bordi.
Shuhrat Sattorov, Respublika ta'lim markazi direktori:
— XXI asrda insonlarni hayotga tayyorlash qanchalik o‘zgardi va bizda bu qanchalik amalga oshirilmoqda. XX asrda kadrlar tayyorlashda fabrikacha usul qo‘llanilgan. Inkubatsiya, ya'ni hammaga bir xil narsa o‘qitilgan va o‘rgatilgan. Bu hammaning bir xil fikrlashiga olib keladi. Bu – jamiyat uchun deyarli fojia, chunki raqobat yo‘qoladi. Bizda shu saqlanib qolgan va ta'limda eng katta o‘zgartirish kerak bo‘lgan muhim jihatlardan biridir.
Ayni paytda O‘zbekistonda shu fabrikacha, hammani bir xil fikrlashga o‘rgatadigan tizimdan sekin-asta voz kechishga harakat qilyapmiz. Bugun ta'limda individual qiziqishlar yuzaga chiqishi kerak. Har bir bolaning qiziqishi va qobiliyatiga qarab o‘ziga xos yondashuv yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Biz XXI asrda yashayapmiz, ammo darsliklarimiz XX asrdagi faqat ma'lumotga, matnga asoslangan holda qolmoqda. Metodikamiz ham shu ahvolda. Endi bolalarimizda ko‘nikma shakllantiruvchi ta'lim kerak, ular kelajakni mo‘ljalga olishni o‘rganishlari kerak.
Endi testlarni yodlab institutga kirish emas, hayotda muvaffaqiyatga erishish, baxtli bo‘lish uchun ko‘nikmalarni shakllantirish asosiy maqsad bo‘lib turibdi.
Mardon Yusupov, matematika o‘qituvchisi (Buyuk Britaniya):
— Ta'lim tizimi sifati o‘qituvchilar sifatidan osha olmaydi, degan gap bor. Demak, bu o‘rganish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, shu jarayonni boshqaruvchi o‘qituvchilar malakasini oshirishga, o‘qituvchilarni tayyorlashga katta urg‘u berish kerak. Boladagi o‘zgarishning katta qismi shu muhitda ro‘y beradi. O‘qituvchi jarayonni dizayn qiluvchi shaxs: shu protsessni tuzadi, boshqaradi va takomillashtiradi. Ta'lim infrastrukturasi esa unga yaxshi sharoitni yaratib berishi kerak. Shundagina ta'limda sezilarli o‘zgarish bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlardan xursand bo‘laman. Shu o‘rinda aytish kerakki, o‘qituvchilarni tayyorlashda Angliyada talab juda yuqori ularga. Bu sohadagi muammolardan biri – sohada kadrlar yetishmovchiligi. Chunki yetarlicha kadr bu sohaga o‘qishga topshirmaydi.
Finlandiyada esa buning teskarisi: juda ko‘pchilik o‘qituvchi bo‘lishni istaydi. Sababi u yerda o‘qituvchi bo‘lish obro‘li kasb hisoblanadi. Umuman, ta'lim sifati yuqori bo‘lgan barcha mamlakatlarda o‘qituvchilik obro‘li kasb ekanini ko‘rish mumkin.
Men ikki jihatga urg‘u berishni istardim: o‘qituvchining dars berishi uchun sharoitlarni yaxshilash va o‘quv dasturlarini zamonaga mos ravishda yangilash lozim.
Ayubxon Radjiyev, Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori:
— Sharoitni zo‘r qilish, darsliklarni zo‘r qilish mumkin, eng salohiyatli o‘qituvchilarni tayyorlash mumkin. Ammo xalqimizning ta'limga bo‘lgan munosabati o‘zgarmas ekan – bularning bari foydasiz bo‘lib qoladi. Xalqimizning maorifga, ta'lim tizimiga munosabatini o‘zgartirishimiz kerak.
Bir yoqadan bosh chiqarib, ta'limga rivojlanishning ustuni deb qaralmas ekan, harakatlarimiz samarasiz qoladi.
Janubiy Koreya misolida oladigan bo‘lsak, eng qashshoq davlatlardan biri bo‘lgan bu mamlakatning oxirgi 50 yilda erishgan yutuqlariga 18 ta Yevropa mamlakatlari birgalikda erisholmagan. Sabab – ularning ta'limga bo‘lgan munosabati butun xalqning harakatiga aylangan.
Ta'lim tizimining qaysi bo‘g‘iniga qaramaylik, muammolarimiz yetarlicha. Buni uzluksiz deb oladigan bo‘lsak, oliy ta'limga taqaladi. Negaki, o‘qituvchi o‘sha yerdan keladi, u yerga boradigan abituriyent esa maktab ta'limi mahsuli, yanayam chuqurroq qaralsa, maktabgacha ta'limga taqaladi. Ta'limni rivojlantirish jarayonini sikl deb olsak, bitta tomonga urg‘u berib, qolganlarida o‘zgarish bo‘lmasa, sikl to‘g‘ri aylanmaydi: qayerdadir to‘xtab qoladi.
Shu paytga qadar moddiy texnik bazaga zo‘r berildi. Hozirgi kunda sarmoya ta'lim mazmunini o‘zgartirishga tikilyapti. Xalqimizning ta'limga munosabati qanchalik o‘ssa, kiritilayotgan sarmoya shunchalik natija beradi.
Jamila Mahmudova, o‘qituvchi (Shvetsiya):
— Shvetsiya ta'limini oladigan bo‘lsak, bu yerda birxillik yo‘q, tanlov juda ko‘p. Shvetsiyada qanday darslikdan foydalanish va darsni qanday tashkil qilishni o‘qituvchining o‘zi hal qiladi – erkinlik bor unda. Har bir o‘quvchi bilan individual ishlanadi.
O‘zimning faoliyatimni oladigan bo‘lsam, bitta hikoya yozdirish uchun qaysidir o‘quvchiga ozgina yo‘nalish bersam kifoya. Yana bir nechtasiga kerakli so‘zlarni topishda yordam beraman, ayrimlari uchun esa tayyor hikoyani berib, ba'zi o‘rinlarini to‘ldirishnigina so‘rayman. Bitta sinf, bir xil topshiriq, lekin har qaysisiga turlicha yondashuv kuzatiladi.
Ya'ni ma'qul so‘z tanlashni bilmaydigan o‘quvchidan birdaniga hikoya yozish talab qilinmaydi. Aks holda bolaning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nadi.
Biz bir o‘qituvchi sifatida bolada o‘qishga bo‘lgan muhabbatni oshirishga xizmat qilamiz.
Yana shunday metodika borki, o‘rganish uchun bitta obekt tanlanadi – buni hamma o‘qituvchi birga tanlaydi. Butun hafta davomida har bitta fanda shu mavzu o‘rganiladi. Masalan, ona tilida shu mavzuda insho yoziladi, geografiyada shu mavzu bilan tanishish mumkin bo‘lgan muzeyga olib boradi, tarixda esa uning kelib chiqishi o‘rganiladi. Har yili kamida ikki marta shunday usul qo‘llaniladi maktablarda.
Bundan tashqari erkinlik bor: o‘qituvchiga xato qilish va undan xulosa chiqarishga imkoniyat yaratib beriladi.
Alisher Alixon, o‘qituvchi (Birlashgan Arab Amirliklari):
— Bu yerda bola maktabga qabul qilinganda imtihon qilinadi. Bu imtihon kelgusida bola bilan qanday ishlash mumkinligi, unga qaysi yo‘l bilan yondashilsa yaxshi natija berishi mumkinligini ko‘rsatib beradi. Shu jarayonda undagi barcha qobiliyatlar va kamchiliklar aniqlanadi. O‘qituvchi kelgusida shunga qarab unga o‘rgatishning ma'qul usulini tanlaydi.
Bolaning o‘rganish qobiliyatiga qarab o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘qituvchi avvaliga sinfdagi bolalarni o‘rganib chiqadi: qaysidir bola eshitib, qaysidiri ko‘rib, yana kimdir jonli misollar orqali yaxshiroq o‘rganadi.
Bundan tashqari, dars jarayoniga xalal beradigan har qanday sabab bartaraf etiladi. O‘qituvchi faoliyatiga to‘siq bo‘lib, darsda o‘zini tutolmayotgan bolalar haqida xabar berish uchun patrul xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Dars jarayoniga xalal berayotgan bola darsdan olib chiqib ketiladi va mutaxassislar u bilan ishlashadi. Ya'ni o‘qituvchi uni tinchlantirish, tartibga chaqirish uchun vaqt va energiya sarflamaydi.
Jamila Mahmudova, o‘qituvchi (Shvetsiya):
— Darhaqiqat, o‘qituvchi uchun yaratilgan muhit juda muhim. Ular bir narsadan ortiqcha siqilmasligi, uning kayfiyatiga ta'sir qiladigan yomon omillar bo‘lmasligi, direktoridan qo‘rqib turmasligi, darsini buzadigan o‘quvchi bo‘lmasligi lozim. Bunda uning bilim berish darajasiga putur yetadi. Bunda har qanaqa to‘siq olib tashlanishi shart.
Shvetsiyada shunaqa holatga duch kelgan o‘qituvchi darhol raport beradi va bu masala o‘sha zahoti juda chiroyli tarzda bartaraf etiladi. Unga yaxshi dars berishi uchun xalaqit berayotgan har qanday muammo yechiladi: u biror narsa bo‘lishi, biror o‘quvchi bo‘lishi, hattoki atrofdagi mebel bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.
Shuhrat Toirov, Toshkentdagi xususiy maktab direktori:
— O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabat masalasi eng asosiy muammolardan biri bo‘lib turibdi hamma maktablarda. O‘qituvchiga to‘sqinlik qiladigan shunday holatlar bizda ham ko‘p. Bunaqa o‘quvchilar bilan psixologlar ish olib boradi. Har chorakda o‘quvchilar elektron tizim orqali baholanadi va bu bahoning katta qismi bolaning tarbiyasi bilan bog‘liq. Chunki tarbiya bo‘lmagan joyda ta'lim sifati bo‘lmaydi.
Shuhrat Sattorov, Respublika ta'lim markazi direktori:
— Maktabga kelgan bola ruhiyati sinmagan bo‘lishi kerak. Muammoli bola – muammoli oilaning farzandi bo‘ladi. Ba'zida asabiy holatdagi o‘qituvchi ham bola ongida o‘qituvchi siymosini o‘zgartirib yuboradi.
O‘qituvchi maqomini ko‘tarishimiz, maktabga eng yaxshi kadrlar kelishi kerak. Maktabni bitirayotgan eng yaxshi bilimli bolalar prokuror yoki sudya emas, o‘qituvchi bo‘laman deyishi kerak. Ana shunda ta'lim tizimiga yangi qon kirib keladi.
Ko‘rsatuvda maktablar rahbariyati, o‘qituvchi tayyorlash va malakasini oshirish, bolaga motivatsiya berish, xususiy maktablar haqida ham so‘z bordi. To‘liq suhbatni video orqali tomosha qiling.
Kun.uz muxbirlari:
Gulmira Toshniyozova,
Shoakmal Isroilov
Tasvirchi va montaj ustasi – Mirvohid Mirrahimov
Mavzuga oid
13:56 / 22.11.2024
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
20:51 / 18.11.2024