Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saudi Aramco’ning Ar-Riyoddagi neft obekti dronlar hujumiga uchradi
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod yaqinida Saudi Aramco neft kompaniyasi obekti dronlar hujumiga uchradi. Buning oqibatida obektda yong‘in chiqqan.
AR’ning Saudi Press Agency agentligiga tayanib xabar berishicha, hujum 19 mart kuni tongda sodir etilgan. Voqea oqibatida hech kim jabrlanmagan, kompaniya zarar ko‘rmagan. Hujum neft yetkazilishiga ta'sir ko‘rsatmagan.
Hujumga uchragan obekt va voqea tafsilotlari ma'lum qilinmagan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Saudi Aramco’ning Ar-Riyoddan sharq tomonda neftni qayta ishlovchi zavodi bor. Kompaniyaning o‘zida ham bunga izoh berilmagan.
Avvalroq, 19 mart kuni yamanlik husiychilar vakili, brigada generali Yahyo Sariyo Saudi Aramco’ning Ar-Riyoddagi obektlaridan biriga 6ta dron uchirilgani, ular bergan zarbalardan biri aniq bo‘lganini ma'lum qilgan. Biroq u boshqa tafsilotlarni keltirmagan.
Saudiya Arabistoni hukumati bayonotida esa husiychilar umuman esga olinmagan.
Ar-Riyod Yaman chegarasidan 1000 km olisda joylashganiga qaramay, husiychilar unga bot-bot raketalar va dronlar bilan zarba berib turadi. Ushbu zarbalar jiddiy zarar yetkazmasa-da, biroq Saudiya Arabistonining yirik neft obektlariga hujum qilinishi holatining o‘zi neft yetkazishda uzilishlarga olib kelishi mumkin.
Saudiya Arabistoni Yamandagi fuqarolik urushida prezident Abd Rabbo Mansur Hodiy qo‘shinlarini husiychilarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro koalitsiyaga boshchilik qiladi. Fevral oxirida husiychilar Yamanga qarshi tajovuz to‘xtatilmaguncha, Saudiya Arabistonidagi obektlarga zarbalarni faollashtirishga va'da bergandi.
Mavzuga oid
07:52 / 28.05.2025
Saudiya Arabistonida Qurbon hayiti 6 iyun kuni nishonlanadi
19:00 / 19.05.2025
Saudiya Arabistoni - jozibador sarguzasht va hashamat mujassamlashgan diyor
22:15 / 14.05.2025
Tramp arablar davrasida. U Falastinni tan oladimi?
22:01 / 13.05.2025