O‘zbekiston | 14:00 / 20.03.2021
12859
5 daqiqa o‘qiladi

Qarshida «Vatanparvar» bog‘i ishchilari oylab maosh ololmayapti. Bu birinchi martasi emas

Qashqadaryo viloyati hokimligi oyligi 1 million so‘mga ham yetmaydigan bog‘ xodimlariga maosh to‘lashni paysalga solyapti. Ishchilar orasida oilasining yolg‘iz boquvchisi bo‘lganlar ham bor.

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi «Vatanparvar» bog‘ining ishchi-xodimlari ikki oydan buyon maoshlarini ololmay kelayotganini aytib, murojaat qilishdi.

Kun.uz ijodiy jamoasi holatni o‘rganish maqsadida Qarshi shahrida bo‘ldi.

Qarshidagi bu bog‘ o‘ziga xos me'moriy ko‘rinishi, joylashuvi, hududdagi harbiy texnikalar, muzeydagi osori-atiqalar va umuman vatanparvarlik elementlarining ko‘pligi bilan ham ajralib turadi. Bog‘dagi 20 dan ortiq ishchilarning asosiy qismini farroshlar va bog‘ qarovchilar tashkil etadi.

Masalan, Gavhar Xudoyberdiyeva o‘zining farrosh bo‘lib ishlashini ma'lum qilib, ro‘zg‘orning kam-u ko‘sti asosan uning maoshi hisobiga ekanini aytib o‘tdi. Oyligi 850 ming so‘m atrofida, turmush o‘rtog‘i nogiron bo‘lgani sabab, hech qayerda ishlamaydi.

Mehri Ashurova ham yolg‘iz ona, farzandlari ulg‘ayib qolganini aytadi.

Ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan yili ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Ya'ni ishchilar 2020 yilning yanvar-mart oylarida ishlagan haqini aprel oyida olishgan. Ma'lum muddat xodimlar ishsiz ham qolganini aytmoqda.

Bog‘da landshaft-dizayner vazifasida ishlab kelayotgan Obid Qobilov oyliklarning kechikayotgani sababini so‘rab, rahbariyatga murojaat qilinganini bildirdi. Uning aytishicha, nafaqat ishchi-xodimlar, balki bog‘ rahbarlari ham oylik olishmayotgan ekan.

Xodimlar muammo nimadaligini tushunishmayotganini bildirishdi.

«Vatanparvar» bog‘ining xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jobir Hasanovdan vaziyatga izoh so‘raganimizda, u ham haqiqatda nafaqat oddiy ishchilar, balki bog‘ ma'muriyati ham oylik maoshini ololmay kelayotganini aytib o‘tdi. Oyliklarning kechikayotgani viloyat hokimligiga ham ma'lum qilingani va yaqin orada muammo hal bo‘lishiga umid bildirdi.

Qiziq, aynan har yilning boshida ishchilarning oyligi nega kechikyapti? Umuman, bog‘ning faoliyat ko‘rsatishi, ishchi-xodimlarning oylik ta'minoti bilan qiziqdik.

«Vatanparvar» bog‘ini tashkil qilish, u yerda ishchi-xodimlar shtatini belgilab, oylik bilan ta'minlash manbayi davlat rahbarining 2018 yil 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida tayyorlangan bayonnomada aksini topgan. Hukumat vakillari tasdiqlagan hujjatda bog‘ va uning hududida muzey qurilishi, jihozlash va obodonlashtirish ishlarini olib borish mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bo‘lishi ko‘rsatilgan. Bog‘ning o‘zi Mudofaa vazirligining janubi-g‘arbiy maxsus okrugi balansiga o‘tkazilib, ishchi-xodimlarning oylik maoshi mahalliy budjetdan qoplanishi belgilangan.

Demak, savolga o‘rin qolmadi. «Vatanparvar» bog‘i Mudofaa vazirligiga qaraydi, xodimlarning oyligi viloyat hokimligi tomonidan hal etiladi. Shunday ekan, nega ikki yildan beri yil boshida oyliklar kechikib ketyapti?

Biz murojaatni o‘rganayotgan vaqtda xizmat safarida bo‘lib turgan Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov bilan telefon orqali bog‘landik. Uning aytishicha, vaziyatdan viloyat hokimi ham xabardor. Sodiqov yaqin bir haftalar ichida ishchilarning maoshi to‘lab berilishiga ishonch bildirib, Moliya boshqarmasi ham xabardor qilingani, mahalliy budjetning qoldiq mablag‘laridan oylik to‘lanishini aytdi.

Hokimlik matbuot kotibi 2020 yilning boshida ham xuddi shunday holat kuzatilganda, ishchilar oyliklarini tushirib berishga o‘zi bosh bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Bir holatga e'tibor qildik. Bog‘ ishchilarining oylik maoshi bir million so‘mga ham yetmaydi. Ammo uchinchi oy o‘tyaptiki, ular ishini tashlab ketgani yo‘q. Ishga kelmay qolgan kuni ham bo‘lmagan. Shundoq ham juda oz bo‘lgan oylik esa kechikyapti.

Vaholanki, biz suhbatlashgan ishchilarning aksariyati faqat shu maosh hisobidan ro‘zg‘or tebratayotganini bildirdi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj uchtasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid