O‘zbekiston | 07:11 / 24.03.2021
1499
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda 100 o‘rinli sanatoriy ish boshladi

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush hamda mehnat faxriylari uchun mo‘ljallangan sanatoriy -  «Sitorai Mohi Xossa» sanatoriysi yaqinida faoliyat yuritib kelgan, ta'mirtalab ahvolga tushib qolgan Viloyat urush va mehnat faxriylari kasalxonasi o‘rnida barpo etilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

100 o‘rinli sanatoriy Investitsiya dasturi asosida 15,5 milliard so‘m mablag‘ hisobiga rekonstruksiya qilingan va zarur anjomlar, tibbiy tashxis apparatlari bilan ta'minlangan.

Ta'kidlanishicha, muassasa suyak mushak tizimi, bo‘g‘im kasalliklari, umurtqa pog‘onasining surunkali kasalliklari, asab tizimi xastaliklari, ovqat hazm qilish tizimi, endokrin kasalliklar parvarishi, stomatologik va yuqori nafas yo‘li kasalliklari profilaktikasi hamda davolashga mo‘ljallangan. 

Hokimlik axborot xizmatiga ko‘ra, bugun Buxoroda istiqomat qilayotgan mehnat faxriylari soni 215 ming nafarga yetgan. Viloyat miqyosida 85 nafar urush va mehnat fronti faxriysi sanatoriylarda davlat budjeti hisobidan sog‘lomlashtirilishi ko‘zda tutilgan. Ulardan 60 nafari esa kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda davlat budjeti hisobidan bepul davolanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid