Jamiyat | 22:44 / 25.03.2021
18465
6 daqiqa o‘qiladi

Namanganda qurilayotgan 2 ta ko‘p qavatli binoda qurilish qoidalari qo‘pol tarzda buzilgani aniqlandi

Qurilish vazirligi Namangan viloyati hududida tadbirkorlar tomonidan olib borilgan qurilishlarni o‘rganib, ularning 2 tasidagi kamchiliklar haqida ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, Namangan shahrida «Mukammal qurilish sanoat servis» MChJ tomonidan qurilayotgan «Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar joy» binosi qurilishida sifatsiz qurilish montaj ishlarini bajarish, loyiha va qurilish me'yorlaridan chetlanishda holatlari aniqlangan.

Jumladan:

  • bino qurilishi tasdiqlangan loyiha bo‘yicha 9 qavatli belgilangan bo‘lsa-da, amalda hech qanday hisobiy yechimlarsiz, loyihalash tashkiloti roziligisiz, 10-qavat qurilgan;
  • obektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasdan, xavfli joylarda tegishli vaqtinchalik to‘siqlar qo‘yilmasdan, obekt hududi qurilish chiqindilaridan tozalanmasdan ish tashkil etilgan;

  • bino poydevori beton konstruksiyalariga loyihada belgilangan mustahkamlik darajasi bo‘yicha qurilish sinov laboratoriyasining ijobiy xulosasi olinmasdan, ustki qismidan keyingi ishlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilgan. Bu bilan ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi talabi buzilgan;
  • bajarilgan monolit temir beton konstruksiyalarning (rigel, balka, rama) ayrim joylarida beton himoya qatlami tushib ketib, armokarkaslari ochilib qolgan holatlari bor;
  • binoning 3-4-5-qavatlarida qurilgan ayrim monolit temir-beton kolonnalar va rigellar loyihaga zid ravishda sifatsiz qurilgan bo‘lib, belgilangan loyihaviy o‘qidan chetga siljish holatlari bor;
  • 3-qavatdagi yig‘ma temir beton orayopma plitalarning ostki yuzalarida betonli himoya qatlamlari tushib ketib, armatura sterjenlari ochilib qolgan va ShNQ 3.01.01-03 «Qurilishni tashkil etish»ning 1.13 bandi talabi bo‘yicha obektga keltirilgan materiallar kirish nazoratidan o‘tkazilmagan;
  • chordoqli tom konstruksiyasining yog‘och elementlari – mauerlat, progon, stoyka, rasporkalar ko‘ndalang kesim o‘lchamlari loyihaga nisbatan kamaytirib bajarilgan, mauerlat elementi ostiga loyihada belgilangan himoya to‘shamasi – ruberoid bajarilmagan, yog‘och elementlarni bir-biriga biriktiruvchi temir skobalar bilan mahkamlanmagan, chordoq konstruksiyasi balandligi asossiz ravishda loyihaga nisbatan ko‘tarib bajarilgan, yog‘och elementlar yong‘inga va chirishga qarshi maxsus suyuqlik bilan ishlov berilmasdan joyida montaj qilingan. Bu bilan tasdiqlangan loyiha talabi buzilgan.

Qurilish vazirligining ma'lum qilishicha, ushbu binoning hozirgi kundagi umumiy holati loyiha, asosiy va me'yoriy hujjatlarning bir qator talablariga javob bermaydi.

Yozma ko‘rsatmalarda qayd etilgan qoidabuzilishlar yuzasidan obekt buyurtmachisi (o‘z o‘rnida pudratchi tashkiloti) «Mukammal qurilish sanoat servis» MChJ rahbariga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi bo‘yicha 2020 yil 6 iyunda 03/20-sonli ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud tartibida ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Lekin, tegishli tartibda ma'muriy chora ko‘rilishiga qaramasdan, buyurtmachi-pudratchi «Mukammal qurilish sanoat servis» MChJ tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarni o‘z muddatida bartaraf etmasdan, qurilish-montaj ishlari davom ettirilgach, inspeksiya tomonidan obektda qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida 2020 yil 7 iyulda № 4-01-470-sonli «Ogohlantirish xati» hamda 2021 yil fevralda takroran №01/2021-sonli yozma ko‘rsatma berilgan.

Bundan tashqari, Namangan shahridagi «Azizbek avtogaz servis» MChJ tomonidan shaharning Navoiy ko‘chasida qurilayotgan 1-sonli «Savdo shoxobchalarini o‘z ichiga olgan ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi»da quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

  • bino qurilishi viloyat qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan boshlangan;
  • bino qurilishi tasdiqlangan loyiha bo‘yicha 8 qavatli belgilangan bo‘lsa-da, amalda 10 qavat qurilgan;
  • loyiha talabini buzgan holda 1-qavat orayopmasini montaj qilishda chetki tomonidagi ko‘p bo‘shliqli plitalar yon qismidan sindirib montaj qilingan;
  • monolit temir-beton zinapoyalar va maydonchalarini qurishda betonlash ishlari sifatsiz bajarilgan, ya'ni beton qorishmasini yetarli zichlanmagani sababli yuzalarida g‘ovaklik, chaqiq tosh to‘planish, armokarkaslarini ochilib qolish holatlari bor;
  • joyida montaj qilingan orayopma ko‘p bo‘shliqli plitalar oralig‘idagi choklari sement qorishmasi o‘rniga qurilish chiqindilari bilan to‘ldirilgan;
  • binodagi monolit temir beton konstruksiyalariga loyihada belgilangan mustahkamlik darajasi bo‘yicha qurilish sinov labaratoriyasining ijobiy xulosasi olinmasdan, ustki qismidan keyingi ishlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilgan;
  • binodagi pardadevorlarga g‘isht terimi ishlari sifatsiz bajarilgan ya'ni choklari belgilangan me'yoridan ortiq, loyihada belgilangan pardadevorlarni asosiy devorga biriktirish elementlari bajarilmagan.

Vazirlikning ma'lum qilishicha, ushbu binoning hozirgi kundagi umumiy holati texnik nazorat mutaxassislari, qurilish sinov laboratoriyasining nazorati olib borilmagani sababli loyiha, asosiy va me'yoriy hujjatlarining talablariga javob berishi, mustahkamlik ko‘rsatkichlariga muvofiqligi mavhum bo‘lib qolmoqda.

Bungacha Toshkent shahriToshkent viloyatiJizzaxBuxoro, Qashqadaryo va Navoiydagi noqonuniy qurilishlar haqida ma'lumot berilgandi.

Mavzuga oid