O‘zbekiston | 14:59 / 26.03.2021
20809
5 daqiqa o‘qiladi

«Bu hech bir turkiy davlat amaliyotida yo‘q» - Davlat tili departamenti o‘zbek-lotin yozuviga o‘zgartirish kiritish haqidagi loyihaga munosabat bildirdi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti «O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi yuzasidan o‘z rasmiy munosabatini e'lon qildi.

Departament munosabatida qonun loyihasi, avvalo, o‘zbek tilining zamonaviy texnologiyalar bilan integratsiyalashuvi uchun qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan shakliy o‘zgarishlarni nazarda tutishi qayd etib o‘tilgan. Shuningdek, o‘zgartirishga asos bo‘layotgan sabablarga birma-bir to‘xtalib o‘tilgan.

«Qonun loyihasi bilan milliy alifbodagi ayrim murakkab harflarning ifodasida o‘zgarish taklif etilmoqda.

Amaldagi O‘ yoki G‘ harflarini yozish uchun kompyuter klaviaturasida 6 ta (avval O yoki G, keyin: alt 0145) tugma bosiladi.

Turkiy tilli oilaga mansub o‘zbek tilida bitta tovushni anglatuvchi sh va ch harflari uchun ikkita harf belgilangan. Bu hech bir turkiy davlatlar amaliyotida yo‘q. Xalqimiz tarixda foydalangan arab, lotin, kirill yozuvlari ham «bir tovushga – bir harf» tamoyiliga asoslangan.

Natijada, birinchidan, alifbodagi ushbu harflar sababli kattaroq hajmdagi matnni o‘qish va yozish qiyinligicha qolmoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining ommalashishiga salbiy ta'sir qilmoqda;

ikkinchidan, lotin yozuvida o‘qigan yoshlar orasida savodsizlik kuchayib, yozma nutqda soddaroq belgi («o‘» ning o‘rniga «6», «ch» ning o‘rniga «4», «sh» ning o‘rniga «w»)dan foydalanish avj olgan;

uchinchidan, milliy alifbodagi murakkabliklar tufayli ko‘pchilik bitiruvchi yoshlar mehnat faoliyatini kirill alifbosida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda;

to‘rtinchidan, alifbodagi murakkab harflar tufayli o‘zbek tilini «raqamlashtirish», internet tiliga aylantirish imkoni bo‘lmayapti va h.k», deyiladi departament munosabatida.

Shuningdek, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish vazifasi belgilangani, bu milliy alifboni qulaylashtirib, maksimal darajada soddalashtirish ehtiyojini yaratgani ta'kidlab o‘tilgan.

Bundan tashqari, alifboda o‘zgartirilayotgan 4ta harf yoshlarning savodxonligiga salbiy ta'sir qilmasligi bilan bir qatorda, zamonaviy gadjetlar klaviaturasida o‘zbek tili imkoniyatlari to‘la namoyon bo‘lishi, tilning raqamlashuvi tezlashishi kabi bir qator ijobiy xususiyatlar sanab o‘tilgan.

«Alifbodagi 4ta harf o‘zgarishi o‘quvchi yoshlarning savodi darajasiga salbiy ta'sir qilmaydi. Chunki:

birinchidan, ayni paytda milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish harakatlari boshlangan. Juda ko‘p darslik va qo‘llanmalar yangidan tayyorlanadi va chop etiladi;

ikkinchidan, darsliklar foydalanish muddati tugab, yangilari chop etilguncha amalda bo‘ladi (darsliklarning foydalanish muddati o‘rtacha 3 yil. Demak, 2023 yildan o‘quvchilar to‘liq yangilangan alifboda savod chiqaradi. Bu mamlakatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish muddatiga mos keladi).

Aksincha, alifbodagi shakliy o‘zgarishlar o‘quvchilarning savodiga ijobiy ta'sir qiladi. Chunki:

birinchidan, zamonaviy gadjetlar klaviaturasida o‘zbek tilining barcha harflari bo‘ladi;

ikkinchidan, davlat tilining raqamlashuvi tezlashib, internet tarmog‘ida ta'lim portallari soni ortadi;

uchinchidan, transliteratsiya dasturlari tufayli kirill alifbosidagi adabiyotlarni milliy alifboga tezkor va xatosiz o‘girish hamda o‘qish imkoni paydo bo‘ladi;

to‘rtinchidan, katta avlodga mansub fuqarolarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlosini o‘zlashtirishi tezlashadi, bu xalqimizning yagona yozuv atrofida jipslashuviga olib keladi;

beshinchidan, ona tilimiz tabiatiga mos, yurtimizdagi va xorijdagi millatdoshlarimizni yagona yozuv atrofida birlashtiradigan alifboga ega bo‘lamiz.

«Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi 2021 yil 31 martga qadar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida turadi.

Loyiha yuzasidan to‘plangan jamoatchilik takliflari mamlakatdagi yetuk tilshunos olimlar ishtirokida joriy yil aprel oyi boshida o‘tkaziladigan ilmiy anjuman kun tartibiga qo‘yiladi, asosli taklif va tavsiyalar inobatga olinadi hamda yakuniy to‘xtamga kelinadi», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid