O‘zbekiston | 09:41 / 30.03.2021
3365
2 daqiqa o‘qiladi

NDPIning yangi yotoqxonasi uchun 73 milliard 322 million so‘m mablag‘ ajratilgan

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida talabalarning turar joyga bo‘lgan talablarini qanoatlantirish maqsadida «Qumbiz ovul» MFY hududidan 5 qavatli, 1250 o‘rinli beshta talabalar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan.

Buning uchun 73 milliard 322 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu haqida institut rektori jurnalistlar va blogerlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lumot berdi.

Talabalar turar joyining qurilishi bosqichma-bosqich olib boriladi.Qurilish ishlari davlat budjeti va institutning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, institutning 400 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar joyi ham rekonstruksiya qilinmoqda, unga 3,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Institutda ayni paytda keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Chunki, mazkur oliygohning 7 qavatli yangi o‘quv imorati ham joriy yilda foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanyapti. Qurilish ishlariga 53 milliard 689 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan yangi imorat Qoraqalpog‘istondagi eng hashamatli o‘quv binosi bo‘lishi kutilyapti.

Joriy yilda institutning pedagogika, boshlang‘ich ta'lim, maktabgacha ta'lim, shuningdek, chet tillari va jismoniy madaniyat fakultetlari binolarini rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishlar uchun 6,3 milliard so‘m va 7,49 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Institutning zamonaviy sport saroyi (4,79 milliard so‘m), tarix va tabiiy fanlar fakultetlari sport zali va guruh auditoriyasi, 120 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta'lim tashkiloti (4,5 milliard so‘m) binolarining qurilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid