O‘zbekiston | 11:35 / 31.03.2021
28639
2 daqiqa o‘qiladi

Ommaviy tartibsizliklarga da'vat qilganlar jinoiy javobgarlikka tortiladi

“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, qonun bilan Jinoyat kodeksiga ommaviy tartibsizliklarga va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik qilishga omma oldida da'vat qilganlik uchun javobgarlik kiritildi.

Unga ko‘ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 300 baravarigacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoki ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiyalar tarmoqlari, internetdan, shuningdek matnni ko‘paytirishning bosma yoki boshqa usullaridan foydalangan holda sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan oldin, O‘zbekistonda prezidentni internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uchun javobgarlik belgilangani xabar qilingandi. 

Mavzuga oid