Jamiyat | 20:40 / 03.04.2021
6009
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona vodiysida 450 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi noqonuniy kirib kelgan telefonlar muomalasiga chek qo‘yildi

Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 463,7 mln so‘mlik 980dan ortiq uyali aloqa vositalarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan uyali telefonlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi Asaka tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi, deyiladi xabarda. Tadbir davomida fuqaro B.O. boshqaruvidagi «Lacetti» rusumli avtotransport vositasi to‘xtagan vaqtida haydovchining roziligi bilan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi ma'muriy hududiga olib kelinib, transport vositasi ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina yukxonasi hamda salon qismida polietilen qoplarga joylashtirilgan umumiy qiymati 403,7 million so‘mlik 629 dona uyali aloqa vositalari va 2 dona planshet borligi aniqlandi.

lI6qb6xKUQmvN-CPFoXW17LLYN7nsJXO.jpg (1280×515)

Shuningdek, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tezkor ma'lumotlar asosida navbatdagi tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida Farg‘ona tumanining chegara oldi hududida yashovchi fuqaro X.M.ga tegishli yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, ushbu xonadonda xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan, qiymati 60 million so‘mlik 5 turdagi 355 dona uyali aloqa vositalari mavjudligi aniqlangan.

Hozirda mazkur ikki holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid