O‘zbekiston | 23:03 / 03.04.2021
18916
2 daqiqa o‘qiladi

G‘uzor tumani hokimligi: tumanda 14 kishida Covid-19 aniqlangan va ulardan biri vafot etgan

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 2 aprel kuni 14 nafar shaxsda koronavirus aniqlangan. Bugun, 3 aprel kuni ulardan biri vafot etgan.

G‘uzor tuman hokimligi axborot xizmatining tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limiga tayanib ma'lum qilishicha, Covid-19 yuqtirganlikda gumon qilingan 56 nafar shaxsdan laboratoriya tahlil namunalari olinib, viloyat virusologiya laboratoriyasiga yetkazilgan.

2 aprel kuni laboratoriya natijalariga ko‘ra, 14 nafar shaxsning COVID-19 yuqtirgani aniqlangan. Bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

G‘uzor tuman hokimligining tuman tibbiyot birlashmasi ma'lumotlariga asoslanib xabar berishicha, bugun, 3 aprel kuni Covid-19’ga chalingan bemorlardan biri vafot etgan. Ma'lum bo‘lishicha, 68 yoshli bemor N.R.da yondosh kasalliklar (qandli diabet) bo‘lganligi sababli Covid-19 og‘ir asoratlarga olib kelgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan, bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi vafot etgan.

P.S. Garchi 2 aprel kuni G‘uzor tumanida 14 nafar shaxsning rasman Covid-19 yuqtirgani aniqlangan bo‘lsa-da, Sog‘liqni saqlash vazirligining kunlik hisobotlarida bu qayd etilmadi. SSV jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bugun ertalab tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, 2 aprel kuni Qashqadaryoda 2 nafar shaxsda koronavirus aniqlangan. Mabodo, Qashqadaryoda koronavirusga chalinganlar haqidagi ma'lumotlar konvertga solinib, pochtadan berib yuborilgan bo‘lsa, balki G‘uzorda aniqlangan bemorlar soni bir necha kundan keyin e'lon qilinar. Balki e'lon qilinmas. Tag‘in kim biladi deysiz...

Mavzuga oid