Iqtisodiyot | 18:31 / 06.04.2021
7748
2 daqiqa o‘qiladi

«Bank kartalaridan naqd pul yechish hajmi 1,6 baravarga o‘sdi». O‘tgan uch oydagi naqd pul aylanmasi miqdori ma'lum qilindi 

Banklar kassalariga naqd pul tushumlari 55,3 trillion so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar hajmi 52,9 trillion so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bankning ma'lum qilishicha, 2021 yil yanvar-mart oylarida banklar orqali naqd pul aylanmasi hajmi 108,2 trillion so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 23,2 foizga oshdi.

Jumladan, banklar kassalariga naqd pul tushumlari 55,3 trillion so‘mni, chiqim qilingan naqd pullar hajmi 52,9 trillion so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan ikki oyda bank kassalaridan (shu jumladan, bankomatlardan) berilgan naqd pullar 2020 yil yanvar-mart oylariga nisbatan 21,2 foizga oshishi kuzatilgan bo‘lsa, mazkur holat asosan bank kartalaridan naqd pul yechish hajmining 6,7 trillion so‘mga (1,6 baravar) o‘sishi hisobiga yuzaga keldi.

Banklardan naqd puldagi tushumlarning eng yirik ko‘rsatkichi tovarlarni sotishdan tushgan mablag‘lar hisobiga bo‘lib, o‘tgan uch oylik naqd pul tushumlarining 39 foizini tashkil etdi. Chiqimlar hajmining 35 foizi esa bank kartalaridan yechilgan naqd pullar hisobiga to‘g‘ri keldi. 

Qayd etilishicha, 2021 yil yanvar-mart oylarida bank kartalariga qariyb 56 trillion so‘mlik mablag‘lar kelib tushib, ushbu davrda bank kartalaridagi 18,4 trillion so‘mlik (32,9 foiz) mablag‘lar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan.

Mavzuga oid