O‘zbekiston | 09:54 / 09.04.2021
85685
11 daqiqa o‘qiladi

IIB idorasiga olib kelingan ikki fuqaro ko‘p o‘tmay vafot etdi. Rasmiy izohlar qanchalik ishonchli?

Bir hafta ichida ikki nafar erkak IIB idorasida bo‘lib o‘tgan suhbatdan so‘ng ko‘p o‘tmay vafot etdi. Vazirlik har ikki holatda ichki ishlar xodimlarining aybi yo‘qligini aytmoqda. Biroq ijtimoiy tarmoq faollari bunga ishonchsizlik bilan qarashmoqda.

Savollarni ko‘paytirgan bayonotlar

Farg‘ona viloyatining Quva tumanida 20 yoshli Ahror Anvarov 31 mart kuni tibbiy niqob taqmasdan ko‘chada yurgani uchun o‘zi yashaydigan mahalla tayanch punktida profilaktika inspektorlari tomonidan so‘roq qilinadi.

Muloqot silliq kechmagan, tomonlar tortishib qolgan, natijada fuqaroning kurtkasi yirtilgan. Shundan so‘ng yigit uch nafar ichki ishlar xodimi tomonidan majburan mashinaga o‘tqizilib, mahalla profilaktika inspektorining xizmat xonasiga olib ketiladi.

Marhum Ahror Anvarovning kurtkasi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Ahror Anvarovning tuman IIB binosidan o‘ligi chiqqani» haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz surishtiruvi davomida quvalik yigitning IIB binosida qazo qilgani o‘z tasdig‘ini topmadi. Profilaktik suhbat tuman ichki ishlar idorasida emas, balki mahalla huquq-tartibot maskanida bo‘lib o‘tganini yuqorida ham keltirdik.

Marhumning amakivachchasi Lutfiyor Xalilov «uchastkavoy» xonasida bo‘lib o‘tgan suhbatda xodimlar tushuntirish ishlari bilan cheklanishgani, holat yuzasidan bayonnoma tuzilmagani, tomonlar kelishib o‘z uyiga tarqalganini aytmoqda.

Ahror Anvarovning uchastka inspektori Oybek Mahmudov tomonidan 31 mart kuni telefonga olingan fotosurati

Voqeadan ikki kun o‘tib, 2 aprel kuni Ahror Anvarov vafot etadi. Qarindoshining so‘zlariga ko‘ra, u sexidagi ustalarga ovqat olib borib bergach, u yerdan piyoda qaytayotganda birdan salomatligi yomonlashib, yiqilib tushgan. Birinchi yordam ko‘rsatilayotgan vaqtda Ahrorning joni uzilgan.

Holat yuzasidan rasmiy bayonot bergan IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov marhumga IIB binosida jarohat yetkazilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Bu bayonotda, birlamchi tashxisga ko‘ra, Ahror Anvarovning o‘limiga o‘tkir yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurak ishemik kasalligi, ikki tomonlama buyraklar polikistozi sabab bo‘lgani aytiladi. Aynan mana shu tashxis internet foydalanuvchilari o‘rtasida ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda.

Birinchidan, o‘tkir yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning ishemik kasalligi, ikki tomonlama buyraklar polikistozi og‘ir kasalliklar hisoblanib, ularning inson tanasida yashirin kechishi, shu paytgacha hech qanday alomatlar bermasligi mumkin emas.

Oila a'zolari, qarindoshlari va do‘stlarining bildirishicha, marhum shu paytgacha biror marta yurak yoki buyrak muammosidan shikoyat qilmagan. Jismonan og‘ir ishlar bilan bemalol shug‘ullangan, kezi kelganda sexida ishlab chiqarilgan beton g‘ishtlarni bir o‘zi bitta mashinani to‘ldirib yuklay olgan.

Xo‘sh, bu o‘rinda jamoatchilik kimga ishonishi kerak: faktlargami yoki IIVga?

Ikkinchidan, IIV bayonotida Anvar Ahrorov yiqilib tushganidan so‘ng shifoxonaga olib borilgani, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shu kuni vafot etgani aytiladi. Marhumning aynan shifoxonada vafot etgani viloyat IIB bayonotida ham ta'kidlanadi. Kun.uz surishtiruvi davomida marhum shifoxonaga yetib kelgunigacha jon bergani, qaydnomaga uning jonsiz holda olib kelingani qayd etilgani aniqlandi.

Shifoxona qayd etish daftarida bemor jonsiz holatda keltirilgani yozilgan

Uchinchidan, rasmiy bayonotlarda Ahrorovni karantin qoidalarini buzgani uchun, shaxsini aniqlashtirish maqsadida «uchastkavoy» xonasiga olib kelish jarayonida unga kuch ishlatilgani, buning oqibatida marhumning kurtkasi yirtilgani haqida lom-mim deyilmaydi.

Mahalla raisining so‘zlariga ko‘ra, mazkur holatda ichki ishlar xodimlarning o‘zlari ham niqobsiz bo‘lishgan. Viloyatda epidemiologik vaziyat shunchalik xatarli bo‘lsa, qonunga rioya qilishda eng avvalo qonun posbonlari namuna bo‘lishi kerak emasmi?

E'tibor bering, respublika bo‘yicha ommaviy tadbirlar jiddiy cheklanmayapti, yopiq inshootlarda, masalan, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida fuqarolarning niqobsiz bo‘lishi kasallanish xavfini kuchaytirmas ekan-da, bir yigitning ko‘chada niqobsiz yurgani favqulodda jiddiy xatar deb baholanishi kulgili emasmi?

To‘rtinchidan, jamoat joyida karantin qoidalarini buzib, niqob taqmagan holda yurgani fuqaroga nisbatan kuch ishlatishga sabab bo‘la oladimi? Anvarovni xuddi mudhish jinoyat sodir etgan jinoyatchidek zo‘rlik ishlatib, mashinaga solib, profilaktika inspektorining xonasiga keltirish nechog‘li asosli? Bu vaziyatda voqea ishtirokchilari bo‘lgan ichki ishlar xodimlari vakolatlaridan chetga chiqishmaganmi?

«Qalinpo‘stin» mahalla fuqarolar profilaktika inspektorining xizmat xonasi

Qolaversa, Anvar to ichki ishlar idorasiga olib kelingunga qadar mashinada xodimlar unga ruhiy bosim o‘tkazgani, garchi kaltaklanmagan bo‘lsa-da, mahallada sodir bo‘lgan o‘g‘irlik jinoyatini uning bo‘yniga qo‘yishga urinishgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldiki, bu haqda Kun.uz surishtiruvida o‘qishingiz mumkin.

Xodimlar tomonidan kaltaklanmagan bo‘lsa-da, mahalladoshlarining ko‘z o‘ngida uni zo‘rlik bilan mashinaga bosib profilaktika inspektorining xonasiga olib kelishgani, yo‘lda kelayotib o‘tkazilgan ruhiy bosim va turli psixologik priyomlar shundoq ham oiladagi vaziyat, akasining 6 oydan buyon komada yotgani va boshqa muammolardan ezilib yurgan 20 yoshli o‘smirning ruhiyatiga qattiq ta'sir qilgani ehtimoli yuqori.

Garchi marhumning o‘limida ichki ishlar xodimlarining bevosita ta'siri bo‘lmasa-da, ular bu hodisada bilvosita javobgar hisoblanishadi. Ayni paytda ushbu holatni tergovga qadar o‘rganayotgan prokuratura organi hodisa atrofidagi har bir detalga e'tibor qaratishiga umid qilib qolamiz.

Yunusobodda IIB idorasiga kirib chiqqan erkak nimadan o‘ldi?

Quvadagi holat hali sovimay turib, xuddi shunga o‘xshash voqea Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ham sodir bo‘ldi. Internetda tarqalgan xabarlarda 41 yoshdagi erkak Yunusobod tumanidagi ichki ishlar idorasiga kirib chiqqanidan so‘ng vafot etgani aytiladi.

Toshkent shahar IIBB chindan ham 1 aprel kuni soat 21:00larda marhum fuqaro ikki nafar sherigi bilan birgalikda ichki ishlar xodimlari tomonidan Yunusobod tumani 3-sonli IIBga keltirilganini tasdiqlagan. Biroq rasmiy bayonotda ushbu fuqarolar 45 daqiqa davom etgan so‘rovdan so‘ng qo‘yib yuborilgani ta'kidlanadi.

Shahar IIBBning bildirishicha, 1 aprel kuni IIB binosida so‘roq qilingan shaxslardan biri – Aleksandr Bocharovning murdasi 2 aprel kuni ertalab soat 4:00-4:30larda topilgan. Sud-tibbiyot ekspertizasidan so‘ng marhumning bir necha kasalliklari, xususan, yurak ishemik kasalligi, gematogen sil, poliorgan yetishmovchiligi, ikki tomonlama o‘pka plevriti, bosh miya va o‘pka shishi, giyohvandlik, alkogoldan zaharlanish, surunkali gepatit bo‘lgani aniqlangan. Biroq ekspertiza xulosasiga ko‘ra fuqaroning o‘limi ushbu kasalliklar natijasida yuzaga kelgani yoki erkak boshqa narsadan o‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

Toshkent shahar IIBB mas'ul xodimi Irina Sayfuddinova marhum Aleksandr Bocharov ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotganidek tuman ichki ishlar bo‘limi idorasida ushlab turilmagani, balki sheriklari bilan birgalikda so‘rov uchun keltirilgani, «ushlab turish» va «keltirish» boshqa-boshqa maqomga egaligini ta'kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘roq qilingan uchala shaxs oradan 30-45 daqiqacha vaqt o‘tgach qo‘yib yuborilgan. «Marhum Aleksandr Boncharovning tuman IIB idorasidan chiqib ketayotganini ko‘rgan guvohlar bor», deydi IIBB mulozimi.

O‘tgan yili Chiroqchi va Andijonda ikki nafar fuqaro IIB binosida so‘roq qilish asnosida qiynoqqa solingani, olgan jarohatlari natijasida vafot etgani ortidan barcha ichki ishlar idoralari, odamlarni tergov va so‘roq qilish vakolatiga ega idoralarga kameralar o‘rnatilishi, tergov va so‘rov jarayoni video hamda ovoz yozib olish moslamalari yordamida yozib borilishi qanchalik muhim ekani kun tartibiga chiqqandi. Shundan so‘ng kuch ishlatar tizimlarda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirilishi, xususan, har bir tuman ichki ishlar organlarida audio-video uskunalari bilan jihozlangan alohida xonalar tayyorlanishi ma'lum qilingan edi.

Agar bu ishlar chindan ham amalga oshirilgan bo‘lsa, nima uchun yuqoridagi har ikki holat bo‘yicha ichki ishlar xodimlarining qo‘li «toza» ekani rad etib bo‘lmas dalillar bilan isbotlab berilmayapti?

Nima uchun «uchastkavoy» xonasi va IIB idorasida so‘roq qilingan fuqarolarga xodimlar tomonidan hech qanday kuch ishlatilmagani, ular qiynoqqa solinmagani bo‘yicha jamoatchilikka asosli videodalillar taqdim etilmayapti?

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan IIV mulozimi Yunusoboddagi holat bo‘yicha videoyozuvlar prokuraturaga taqdim etilgani, ayni paytda Yunusobod tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotgani, videodalillar ushbu organning ruxsati bilangina jamoatchilikka taqdim etilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Fikrimizcha, ijtimoiy tarmoqlarda turli salbiy fikrlar uyg‘otayotgan, jamoatchilik o‘rtasida rezonansga sabab bo‘lgan har ikki voqea yuzasidan IIV nafaqat prokuratura organlari, balki fuqarolar oldida ham hisob berishi, ishga oid har qanday dalil zudlik bilan ommaga ochiqlanishi zarur.

Vazirlik yoki idora sayti yoki Telegram kanalidagi to‘la bo‘lmagan bayonotlar savollarni ko‘paytirishi, voqea ishtirokchisi bo‘lgan ichki ishlar xodimlariga nisbatan shubha-gumonlar «bolalashi», buning oqibatida davlat organi imijiga, fuqarolarning tizimga bo‘lgan ishonchiga putur yetishi mumkin. Yo‘qotilgan ishonchni qayta qozonish esa juda va juda og‘ir bo‘ladi.

Jamshid Niyozov

Mavzuga oid