O‘zbekiston | 11:46 / 10.04.2021
15322
7 daqiqa o‘qiladi

Aviachiptalar «Uzbekistan Airways» agentlari tomonidan oldindan sotib olingani to‘g‘risidagi da'volar asossiz – Transport vazirligi

 Pandemiyagacha haftasiga o‘rtacha 175ta reys bo‘lgan va faqatgina aviaqatnovlar orqali 40 000dan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilgan. Bundan tashqari muntazam ravishda haftasiga 13ta poyezd qatnovlari, 12 marotabadan avtobus qatnovlari amalga oshirib kelingan.

Rossiya hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor shtabning 25 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishda bir qator mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan qaror qabul qilingan edi.

 Mazkur qarorga muvofiq, joriy yilning 1 aprel sanasidan e'tiboran Rossiya hamda O‘zbekiston o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga bir marotaba amalga oshirilishiga ruxsat etildi.

 Ikki mamlakat aviatsiya ma'muriyatlari o‘rtasidagi kelishuvga binoan Rossiyaning «Aeroflot» aviakompaniyasi 2021 yil 5 aprel sanasidan har yakshanba kunlari Moskva – Toshkent – Moskva yo‘nalishida, «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi esa 7 aprel sanasidan haftaning har shanba kunlari Toshkent – Moskva – Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshirishga kirishdi.

 Mazkur reysga O‘zbekistonning barcha fuqarolari va Rossiya hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r farmoyishi asosida Rossiyaga kirishga cheklov qo‘yilmagan O‘zbekistonda doimiy yashash huquqiga ega chet el fuqarolari kiritilishi mumkin.

 Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvoz qilish uchun Rossiyaga kelishdan avval 3 kalendar kunidan oshmagan holda PZR-test (rus yoki ingliz tilida) o‘tkazish talab qilinadi.

 Ayni damda aholi vakillaridan mazkur yo‘nalishdagi muntazam qatnovlarga chiptalar sotuvda qolmagani bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shuningdek, mazkur masala ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilinmoqda.

 Vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Transport vazirligi qo‘shimcha ma'lumot berdi.

 «Aynan Rossiyaga mamlakatimizdan boruvchi yo‘lovchilar oqimining haddan tashqari ko‘pligi, bugungi epidemiologik vaziyat tufayli transportning boshqa turlarida qatnovlar amalga oshirilishiga ruxsat etilmagani, aviaqatnovlar sonining ham cheklangani talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosiblikning keskin ortib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

 Pandemiyagacha bo‘lgan davrda O‘zbekictonning turli hududlaridan Rossiya Federatsiyasiga «Uzbekistan airways» aviakompaniyasi haftasiga 87ta reys bajargan bo‘lsa, Rossiya aviakompaniyalari esa mamlakatimizning turli shaharlariga haftasiga 97 reys amalga oshirgan. Faqatgina aviaqatnovlar orqali haftasiga 40 000dan ortiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, Toshkent – Moskva, Andijon – Moskva, Toshkent – Qozon, Toshkent – Volgograd, Toshkent – Saratov, Toshkent – Novosibirsk, Toshkent – Ufa, Andijon – Ufa yo‘nalishlarida muntazam ravishda haftasiga 13ta poyezd qatnovlari amalga oshirilgan. Shu bilan birga, Toshkent – Moskva, Toshkent – Sankt-Peterburg, Toshkent – Qozon, Toshkent – Nijniy Novgorod, Toshkent – Omsk, Toshkent – Novosibirsk yo‘nalishlarida haftasiga 12 marotabadan avtobus qatnovlari amalga oshirib kelingan.

Aynan yuqorida keltirib o‘tilgan ko‘rsatkichlarning o‘zi haftasiga bor yo‘g‘i bir marotaba amalga oshirilayotgan muntazam aviaqatnovlarga chiptalarning nima uchun ayni damda sotuvda qolmaganiga izoh bo‘la olishi mumkin. Turli transport qatnovlaridan foydalangan yo‘lovchilarning barchasi hozirda o‘rnatilgan cheklov choralari sabab faqatgina aviaqatnovlar orqaligina safarni amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda.

Aviachipta narxlarini sun'iy ravishda oshirib sotish maqsadida, Uzbekistan Airways kompaniyasi agentlari tomonidan chiptalar oldindan sotib olingani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan da'volar esa mutlaqo asossizdir.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi rahbariyati eng quyi pog‘onadagi xodimlardan tortib, yuqori lavozimlardagi rahbarlarning ham aviachipta sotuvlari bilan bog‘liq turli-tuman ko‘rinishdagi noxolis xatti-harakat sodir etishiga nisbatan toqatsiz munosabatda ekanini, chipta sotuvlari bilan bog‘liq barcha jarayonlar shaffof tarzda amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatganini ma'lum qiladi.    

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan Toshkent – Moskva yo‘nalishida bajarilayotgan muntazam aviaqatnovlar ekonom klass chipta narxi bir tomonga 4 200 000 so‘mgacha, biznes klass chipta narxlari esa 10 736 222 so‘mgacha sotilmoqda. 

 Shu o‘rinda, yo‘lovchilardan tushunmovchiliklarning oldini olish uchun chiptalarni tezlashtirib xarid qilish xizmatlarini taklif qiluvchi shubhali shaxslarga murojaat etmaslikni so‘rab qolamiz. Chiptada ko‘rsatilgan va o‘zingiz to‘lagan narxni taqqoslashingizni tavsiya etamiz. 

Bundan tashqari, hozirda ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaga O‘zbekistonning turli hududlaridan charter qatnovlari amalga oshirilishi to‘g‘risidagi yolg‘on xabarlar tarqatilib, fuqarolarga aldov va tovlamachilik yo‘li bilan chiptalar sotuvini tashkil etayotgan guruhlarning faollashgani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi fuqarolarimizga bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonib, aldanib qolishning oldini olish maqsadida, charter reyslarini amalga oshiruvchi aviakompaniyalarga parvozni bajarishiga ruxsat etilgani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Fuqaro aviatsiyasi agentligi rasmiy veb-saytidan aniqlashtirib olishni tavsiya etadi.

Eslatib o‘tamiz, charter reyslari orqali uchish istagida bo‘lgan yo‘lovchilarda, RF hukumatining 2020 yil 16 martdagi 635-r  farmoyishiga ko‘ra, mamlakatga kirish uchun chipta xarid qilishida asos bo‘lishi shart.

Hozirda Transport vazirligi Rossiyaning tegishli vazirlik va idoralari bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, muntazam aviareyslar sonini ko‘paytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Barqaror epidemiologik vaziyat saqlanib turgan taqdirda nafaqat aviaqatnovlar, balki temir yo‘l qatnovlarini qayta tiklash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilmoqda.

 Fuqarolar mavjud vaziyatga to‘g‘ri baho berishiga umid qilib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noxolis ma'lumotlarga chalg‘imasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi vazirlik bayonotida.

Mavzuga oid