Jahon | 21:54 / 13.04.2021
59206
13 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Ukraina. Tarix va bugun

So‘nggi haftalarda Rossiya-Ukraina munosabatlarida yana keskinlik yuzaga keldi. Ikki davlat rasmiylari turli-tuman bayonotlar bilan chiqishmoqda. Xo‘sh, aslida og‘a-ini, qon-qarindosh bo‘lgan ikki davlatning munosabatlari nega bu qadar chigallashib ketdi?

Foto: TASS

Umumiy tarixga ega bo‘lgan ikki slavyan davlati

Tarixga nazar solsak, Ukraina aslida Rossiyaning ona vatani bo‘lib, ilk rus davlatchiligi va slavyan xalqlarining pravoslav diniga kirishlari aynan shu hududdan boshlanadi. Keyinchalik hududlarning kengayishi va bosqinchilik urushlari natijasida aslida bir ildizga ega bo‘lgan ikki millat shakllanadi.

Sharqiy Yevropaga mo‘g‘ullarning bosqinchilik yurishlari ikki davlatning shakllanishida muhim omil bo‘lgan. Aynan mo‘g‘ul-tatar yurishlaridan keyin umumiy madaniyat va tarixga ega bo‘lgan hududlarda ikki xil mafkura va madaniyat shakllana boshladi. Ruslar mo‘g‘ul va turkiy xalqlar bosqinlaridan keyin pravoslav madaniyati asosida shakllandi. Bu jarayon Ukrainada biroz boshqacha kechdi. Kiyev va qator shaharlar Buyuk Litva knyazligi tasarrufiga o‘tib ketadi. Undan keyingi davrlarda polyak, shved va Avstriya ta’siri ostida bo‘lgan Ukraina davlati ham katolik, ham pravoslav madaniyati ta’sirida shakllandi.

Aynan shu omillar bir ildizga ega ikki slavyan davlati paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Ukraina geografik jihatdan ikki sivilizatsiya kesishmasida joylashgani (ya’ni G‘arbiy Ukraina katolik sivilizatsiyasi, Sharqiy Ukraina esa pravoslav madaniyati ostida) mamlakatning ikkiga bo‘linib ketishiga va Rossiyaning doimiy ravishda Sharqiy Ukrainaga da’vo qilishiga sabab bo‘lmoqda.

Sobiq ittifoq parchalanishidan keyingi munosabatlar

Kiyevdagi Oktabr inqilobi maydonida Ukraina mustaqilligi tarafdorlari mitingi, 1991 yil avgust
Repik Vladimir / UPG / PhotoXPress

SSSRdagi iqtisodiy-siyosiy nizolar natijasida Ukraina ham 1991 yilning 24 avgustida o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Rossiya bilan 1992 yilning 14 fevralida diplomatik aloqalar o‘rnatildi va har ikki davlatda elchixona hamda konsullik bo‘limlari ochila boshlandi. 1997 yilda ikki davlat prezidentlari Boris Yelsin va Leonid Kuchma o‘rtasida «Do‘stlik va strategik hamkorlik to‘g‘risida» shartnoma imzolangan. Shu bilan bir qatorda, Qrim yarimoroli va Sevastopol shahri xususidagi kelishuv ham imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra, Moskva Qrim va Sevastopol Ukrainaga tegishli hududlar ekanini tan oladi. Ammo rus jamiyati buni qabul qila olmadi.

Mustaqillikdan keyingi yillarda Rossiyadagi iqtisodiy turg‘unlik va Ukrainaning qulay geografik joylashuvi uni G‘arb mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarini yaxshilashga undaydi. Asrning dastlabki yillarida mamlakatga ko‘plab G‘arb tashkilotlari ham kirib kelishi kuchaydi. 2004 yildagi «Zarg‘aldoq inqilobi»dan keyin hokimiyatga g‘arbparast kuchlarning kelishi Rossiya-Ukraina munosabatlaridagi jiddiy keskinlik davrini boshlab berdi.

Aynan o‘sha paytlarda Rossiya bilan ziddiyatning yangi sahifasi ochildi – gaz muammosi paydo bo‘ldi. Shu paytgacha Ukrainaga imtiyozli bahoda gaz yetkazib berayotgan Rossiya narxlarni keskin oshirdi. Ukraina esa oson yo‘l tutdi – o‘z hududidan o‘tib Yevropa sari ketayotgan quvurlardan ruxsat so‘ramay zangori olov ola boshladi. Natijada Yevropaning ko‘plab hududlariga Rossiya gazi bormay qoldi va bu xalqaro mojaro ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Uzoq tortishuvlardan keyin muvaqqat kelishuvga kelingan bo‘lsa-da, keyinchalik ham gaz narxi va tranziti bo‘yicha bahslar davom etdi.

Qrim inqirozi

 

Rossiya tanklari 2014 yilda Qrimda / GETTY IMAGES

Qrim yarimoroli 2014 yil fevraligacha Qrim avtonom respublikasi sifatida Ukraina tarkibida bo‘lgan. Hozirda esa bu hudud Qrim federal okrugi sifatida Rossiya boshqaruvida. Hammasi 2014 yilning 22 fevraliga kelib Ukraina Oliy Radasi tomonidan rusparast Viktor Yanukovich prezidentlikdan chetlashtirilishidan boshlanadi. U o‘z hayotidan xavfsirab zudlik bilan Rossiyaga jo‘nab ketadi va shu davlat hududidan turib Ukrainadagi barcha siyosiy jarayonlar noqonuniyligini, haqiqiy prezident aynan o‘zi ekanini ta’kidlay boshladi. Vaziyatdan foydalangan Rossiya Ukrainada tuzilgan yangi muvaqqat hukumatni noqonuniy deb topadi va Qrim yarimorolidagi rus aholisi hamda Rossiyaga tegishli bo‘lgan harbiy bazalarni Ukrainadagi vaziyat iziga tushguncha himoya qilish bahonasida Ukraina hududiga qo‘shin kiritdi.

Rossiyaga qarshilar Putinning bu harakatini okkupatsiya, noqonuniy harakat, xalqaro huquqlarning qo‘pol tarzda buzilishi deb hisoblasa, tarafdorlari Qrim azaldan Rossiya mulki bo‘lgani, Ukrainaga vaqtincha berilgani, qolaversa, qo‘shib olish maxsus referendumga ko‘ra (rus rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, referendumda ovoz berganlarning 95,5 foizi Rossiyaga qo‘shilishni qo‘llab-quvvatlagan) aholi roziligi bilan amalga oshirilganini ta’kidlashardi.

Yevroittifoq va AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi hamda kiritishda davom etmoqda, bu davlat Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatladi. Ammo Rossiya yarimorolni qaytarish bo‘yicha hech qanday amaliy harakatlarni amalga oshirmadi. Aksincha, referendumdan so‘ng Rossiya hukumati mamlakat tarkibida ikki yangi sub’yekt — Qrim Respublikasi va federal ahamiyatga ega Simferopol shahri tuzish haqidagi qarorlarni qabul qildi. Mana bir necha yildan beri ushbu hudud uzluksiz tortishuvlarga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumot uchun, yuz yillar davomida Qrim Usmonlilar imperiyasi tarkibida yashagan turkiy tilda so‘zlashuvchi tatarlarning makoni bo‘lgan. 1944 yilda Stalin etnik musulmonlarni SSSRga xoin deb atagan va ishchi kuchini to‘ldirish uchun etnik ruslarni jalb qilgan holda 200 mingga yaqin tatarlarni Sibir va Markaziy Osiyoga deportatsiya qilgan. Ukrainada o‘sgan Nikita Xrushchev hokimiyat tepasiga kelgach, 1954 yilda Qrim yarimorolini Ukraina SSR tarkibiga kiritadi.

Putin Rossiyasi uchun Qrim yarimoroli qanday muhim ahamiyatga ega?

David Mdzinarishvili / Foreign Affairs

Rossiyaning Qrimni o‘ziga qo‘shib olishi kelajakda shunga o‘xshash tanlovlar masalan, Boltiqbo‘yi davlatlarida etnik ruslarni «ozod qilish» uchun qo‘shin yuborishini baholash uchun juda muhim ahamiyatga ega edi. Natijada Rossiya G‘arb unga nisbatan qanday choralar ko‘rishi mumkinligini bilib oldi.

Qrimning bosib olinishi NATOning Rossiya g‘arbiy chegarasi bo‘ylab yanada kengayish xavfini kamaytiradi. Bundan tashqari, yarimorolning bosib olinishi Rossiyaning sovet ittifoqining sobiq hududlarini asta-sekin qaytarib olish bo‘yicha loyihasining bir qismi sifatida baholanadi. Putin sovuq urush tugaganidan keyin Rossiya obro‘si tushishini hech qachon qabul qilmagan. Shuningdek, Rossiyaning Qora dengizdagi harbiy bazalari uchun Sevastopol juda muhim hisoblanadi.

Bugungi vaziyat. Ikki davlat o‘rtasida urush kelib chiqish ehtimoli qanchalik haqiqatga yaqin?

Putin Qora dengizdagi kreyserdan Qrimni kuzatmoqda, 2020 yil yanvar

Rus aholi va rusparast ayirmachilar ustun bo‘lgan Donbassda (Donetsk va Lugansk) bir tomonlama mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng, ayirmachilar va Ukraina armiyasi o‘rtasida 2014 yildan beri to‘qnashuvlar davom etmoqda. Shu yilning mart oyi o‘rtalarida ushbu hududlarda vaziyat yana keskinlasha boshladi.

Xususan, Ukraina bosh shtabi boshlig‘i Ruslan Xomchak Rossiya-Ukraina chegaralari, Qrim va Donbassda Rossiya armiyasining 28ta bataloni mavjudligi, yaqinda Rossiya chegara va Qrimga qo‘shimcha ravishda 25ta batalon yuborishni rejalashtirayotgani, bu holat esa Ukrainaning harbiy xavfsizligiga tahdid solayotgani xususidagi bayonot bilan chiqdi.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya harbiy mashg‘ulotlar niqobi ostida Ukraina chegarasidagi Bryansk va Voronejga, shuningdek, Qrimga harbiy yuklar yetkazib bergan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa bu harakatlar yuzasidan tug‘ilgan savollarga javob qaytardi.

«Rossiya Federatsiyasi o‘z xohishiga ko‘ra o‘z qurolli kuchlarini o‘z hududida harakatlantirmoqda. Bu hech kimni bezovta qilmasligi kerak, bu hech kimga xavf tug‘dirmaydi. Rossiya chegaralari atrofida NATO, boshqa birlashmalar, ayrim mamlakatlar va boshqalarning qurolli kuchlari faolligi kuzatilayotganini bilasiz. Bularning barchasi hushyor turishni talab qiladi», dedi u.

Vaziyat keskinlashishi ortidan NATO harbiy qo‘mitasi rahbari, aviatsiya bosh marshali Styuart Pich ishchi tashrif bilan Kiyevga keldi va Lvov shahrida general-polkovnik Ruslan Xomchak bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida Donbassdagi vaziyat va mintaqadagi xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.

Shundan so‘ng, Rossiya xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev Rossiya Donbassdagi nizoga aralashishni rejalashtirmayotgani, ammo vaziyatni kuzatayotganini, Rossiya prezidenti administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Dmitriy Kozak esa Donbassda jangovar harakatlarning qaytadan avj olishi Ukraina intihosining boshlanishi bo‘lishidan ogohlantirdi.

Ko‘plab mamlakatlar Rossiyaning harbiy harakatlarini qoralamoqda. Xususan, Germaniya kansleri Angela Merkel Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali qilgan muloqotida Ukraina sharqida Rossiya qo‘shinlarini kuchaytirishdan voz kechishni talab qildi. Oq uy vakili Jyennifer Psaki esa Vashington Ukraina chegarasidagi vaziyatning keskinlashishiga javob tayyorlayotganini ma’lum qildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Anqara Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini tan olmasligini, Ukraina sharqidagi inqiroz tinch yo‘l bilan, muloqot orqali hal qilinishi kerakligini ta’kidladi. G7 mamlakatlari yetakchilari hamda Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Rossiyani Ukraina chegarasida ig‘vogarlik qilishni to‘xtatishga chaqirdi. Shuningdek, Kiyevga AQShning ikkita C-130J Hercules harbiy-transport samolyotlari, Britaniyaning Bae 146–200 transport samolyoti kelib qo‘ngani haqidagi ma’lumotlar tarqaldi.

Shundan so‘ng Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov jiddiy bayonot bilan chiqdi.

«Menimcha, 2014 yildan saboq chiqarilishi kerak edi. Afsuski, hozircha unday bo‘lmadi. Bu yaxshilik bilan tugamasligi mumkin, chunki Kiyevning hozirgi rejimi o‘z reytingini tiklash uchun o‘ylamasdan harakat qilishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Ukraina chegarasida nima qilyapti degan savollar berilmoqda. Javob juda oddiy: biz shunday yashaymiz, bu bizning mamlakatimiz. Ammo Qo‘shma Shtatlar o‘z hududidan minglab kilometr uzoqda, Ukrainada o‘z kemalari, harbiy xizmatchilari bilan nima qilyapti, bu savol hozircha ochiq qolmoqda», – dedi Lavrov.

Garchi Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy NATO va G‘arb mamlakatlari ko‘magiga tayanib harbiy harakatlarga tayyorligini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, ikki tomonning ochiq harbiy harakatga kirishishi ehtimoli kam. G‘arb mamlakatlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar qo‘llashi mumkin, ammo Ukraina tufayli Rossiyadek yadroviy davlat bilan ochiq ziddiyatga kirishishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Shuningdek, pandemiya davridagi og‘ir vaziyatda Rossiya uchun ham yangi harbiy harakatlar kerak emas. Navalniy bilan bog‘liq mojarolar sabab G‘arb mamlakatlari bilan yomonlashgan munosabatlarini yanada keskinlashtirishni istamaydi. Yangi urush harakatlari boshlanadigan bo‘lsa, Rossiyaning yakkalanib qolish ehtimoli katta. Bu yerda rus hukumati uchun potensial ittifoqdosh mamlakat mavjud emas va mamlakat eksportining katta qismi (xususan, gaz) Yevropa mamlakatlari bozorlariga bog‘langan.

Bundan tashqari, kuchlar mutlaqo teng emas. Ukraina birinchi bo‘lib harbiy harakatlarni boshlashi Rossiyaga hatto o‘ziga xos imkoniyatlar ham yaratadi. Chunki Ukraina harbiylarini osongina mag‘lub etib, bu hududni endi qonuniy egallab olishga zamin yaratiladi va bu holda endi Rossiyani ayblash mumkin bo‘lmay qoladi. Har ikki tomon urush masalaning yechimi emasligini yaxshi anglaydi. Qolaversa, zamonaviy urushlar hududiy masalalarga uzil-kesil nuqta qo‘ymaydi.

Rossiya Ukrainaga Qrimni qaytarib berishi mumkinmi? Shu paytgacha rus harbiylari kirgan sobiq ittifoq hududlarining birortasi o‘z egasiga qaytarilgan emas. Buni Moldaviya (Dnestrbo‘yi hududidagi rus harbiylari sabab mamlakat bir necha yildan beri birlasha olmaydi), Gruziya (Janubiy Osetiya va Abxaziya), Ozarboyjon (Qorabog‘) misollari orqali yaqqol ko‘rish mumkin.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid