Jamiyat | 12:06 / 14.04.2021
30075
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida imtihondan o‘tishi uchun o‘qituvchisi pul so‘ragan talaba o‘zini osgani aytilmoqda

Qarshi davlat universiteti

Qarshi davlat universiteti talabasi o‘qituvchisi imtihondan o‘tishi uchun pul so‘ragani sababli o‘zini osgani aytilmoqda. Bosh prokuratura Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinovning xabar berishicha, bu ish Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil fevral oyida Qarshi davlat universiteti fizika-matematika fakultetida to‘lov-kontrakt asosida ikkinchi kursda tahsil olayotgan talaba o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra, 2021 yil 27 fevral kuni jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda talaba qishki sessiya imtihonlaridan o‘tolmagani, uning imtihondan o‘tishi uchun o‘qituvchi katta miqdorda pora talab qilgani va aynan shu holat marhumning o‘z joniga qasd qilishiga sabab bo‘lgani haqidagi taxmin ilgari surilgan. Bu haqda tarqalgan xabarlarda hodisa o‘rganilmasdan, bosti-bosti qilib kelinayotgani ham aytilgan.

«Shunga ko‘ra, mazkur vajni o‘rganish maqsadida Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Natijalari haqida qo‘shimcha xabar qilinadi», – deyiladi Shamsutdinovning xabarida.

Mavzuga oid