O‘zbekiston | 21:04 / 19.04.2021
15965
4 daqiqa o‘qiladi

Yil oxirigacha 4ta samolyotda arzon qatnovlar tashkil etiladi - Aviatsiya korxonalarida transformatsiya jarayonlari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 aprel kuni Uzbekistan airways hamda Uzbekistan airports aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

«Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2018 yil 27 noyabrdagi farmoniga muvofiq, «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi negizida ikkita – Uzbekistan airways hamda Uzbekistan airports aksiyadorlik jamiyatlari tuzilgan edi. Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar qatorida mazkur kompaniyalar ham transformatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq iqtisodiy qiyin vaziyat aviatsiya tarmog‘ini takomillashtirishni talab etmoqda.

Yurtimiz aviakompaniyalarini transformatsiya qilishda asosiy e’tibor iqtisodiy samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Masalan, Uzbekistan airways aksiyadorlik jamiyati xarajatlarini 46,5 million dollarga qisqartirish hisob-kitob qilingan. Buning uchun kompaniya va uning tarkibidagi tashkilotlarda ish o‘rinlarini optimallashtirish, foydalanilmayotgan 12ta samolyotni tasarrufdan chiqarish, aviachiptalarni xorijda sotish bo‘yicha agentlar komissiyasi foizini tushirish mo‘ljallanmoqda.

Shuningdek, daromadlarni yiliga 40 million dollarga ko‘paytirish maqsad qilingan. Buning uchun talab yuqori bo‘lgan shaharlarga charter parvozlarni va yangi yo‘nalishlar bo‘yicha kargo tashuvlarini amalga oshirish, barcha mahalliy reyslarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish va joylarni tanlash imkoniyatini joriy etish ko‘zda tutilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yangi biznes strategiyasiga ko‘ra, qatnovlar gibrid usulga o‘tkazilib, to‘liq xizmatlar va budjet xizmatlar modeli bo‘yicha amalga oshiriladi. Talab kam bo‘lgan yo‘nalishlarda biznes klass bekor qilinib, o‘rindiqlar soni ko‘paytiriladi.

Shu yil uchinchi chorakdan boshlab 4ta A-320 samolyotida loukoster, ya’ni arzon qatnovlar tashkil etish mo‘ljallangan. Uzoq masofali yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun 3ta A321 NEO LR «havo kemasi»ni lizingga olish, mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga hozirgi 17tadan 49tagacha oshirish rejalashtirilgan.

Yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish maqsadida sohani raqamlashtirish, jumladan, Aerolabs onlayn xizmatlar ko‘rsatish tizimini hamda mijozlar bilan ishlashni boshqarish uchun CRM kompleksini tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmatlar qulayligi va sifatini oshirish orqali aholini aviaqatnovlarga ko‘proq jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Uzbekistan airports aksiyadorlik jamiyati samaradorligini oshirish bo‘yicha ham qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Bugungi kunda ushbu jamiyat tarkibida 11ta aeroport bor va ularning har biri mustaqil faoliyat yuritmoqda.

Taqdimotga ko‘ra, mazkur aeroportlarni yagona boshqaruv organi tasarrufida birlashtirish taklif qilinmoqda. Moliyaviy barqarorlikni oshirish maqsadida, xalqaro tajriba asosida, xarajatlarni 32 foizdan 15 foizga tushirish, xaridlarni optimallashtirish, aeroport xizmatlari uchun yig‘imlarni 27 foizga, jumladan, ziyorat turizmi doirasida 50 foizgacha kamaytirish mo‘ljallanmoqda.

Daromadlarni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Toshkent xalqaro aeroportida yuk terminalini barpo etib, Yevropa va Sharqiy Osiyo o‘rtasida tranzit hajmini oshirish, aerovokzal maydonlarini kengaytirish orqali savdo va xizmatlar tushumini ko‘paytirish rejalashtirilgan. 

Davlat rahbari aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchi va yuk tashish hajmini har yili oshirib borish, hududlardagi aeroportlarda ketring va boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mavzuga oid